"Chumoli falsafasi" yoxud muvaffaqiyat sirlarini chumolilardan o‘rganish haqida

  • Hayot tarzi
  • 14-06-2018, 20:30
  • 712
  • "Чумоли фалсафаси" ёхуд муваффақият сирларини чумолилардан ўрганиш ҳақида
    Kelinglar, chumolilardan muvaffaqiyatga erishish sirlarini o‘rganaylik. Chumolilar shunday uslublarni ishlatadiki, bu uslublar ularni bir-biriga yordam berib, muvaffaqiyatga erishishiga sabab bo‘lgan.

    Qaysi birimiz ishda, o‘qishda yoki uyda ruhiy bosimga uchramaganmiz?! Ko‘p uchraganmiz, to‘g‘rimi? Necha martalab muvaffaqiyatsizlik va tushkunlikni his qilganmiz. Siz bir necha martalab qilmoqchi bo‘lgan ishingizni qilolmay qolish yoki sizdan o‘qilishi so‘ralgan kitobni o‘qiy olmaslik qo‘rquvini his etgansiz. Ha, inson ko‘pincha bu narsalarni his qiladi. Biz chumolilar olamidan bu muammoga ilmiy yechim topa olamiz.

    Tadqiqotlar xulosasiga ko‘ra, yer yuzida chumolining 11000 dan ortiq turi bor ekan. Chumolilar, turi va soni ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, o‘ta aniqlik, tenglik, o‘zaro yordam, tartib-intizom bilan mehnat qilishar ekan. Ular hatto rahbarlik qiladigan “Qirolicha chumoli” yoki ularni yetaklaydigan “Qo‘mondon chumoli” bo‘lmasa ham shunday tarzda ishlashar ekan. Har bir chumoli o‘zining zimmasida nima vazifa borligini juda yaxshi bilar ekan.

    Quyida chumolilar muvaffaqiyatga erishish uchun qanday taktikalarni ishga solishi haqida so‘z yuritamiz.

    “Umidsizlikdan saqlanish!”

    Bu o‘ta muhim qoida bo‘lib, chumolilarning miyasiga programmalashtirib qo‘yilgan. Alloh taolo har bir chumolining miyasiga shunday narsani joylaganki, o‘sha narsa chumolini hech qachon umidsizlikka tushmasligini, marraga yetishdan charchamasligini ta’minlab turadi. Shuning uchun chumoli bir ishni, to maqsadiga erishmaguncha takrorlayveradi.

    Chumoli rizqqa ega bo‘lish, donni yoki bargni mahkam ushlash, uni ko‘tarish va bir joyga olib borib qo‘yishga intiladi. U bu ishni yuz martadan ortiq bajarishi mumkin. U bu ishdan hech qachon charchamaydi, malollanmaydi va umidsizlikka tushmaydi. Mana shu uning muvaffaqiyatga erishishdagi eng muhim texnikalaridan biridir.

    Psixologlar aytishadiki, inson hayotda zafarga, yutuqqa, marraga erishish uchun umidni uzmaslik talab etiladi. Agar umidsizlikka tushsa va harakatni to‘xtatsa, natijaga erisholmas ekan.

    “O‘zaro yordam!”

    Bu qoida ham chumolilar muvaffaqiyatining sirlaridan biridir.

    Chumolilarda tavoze’, tirishib ishlash va ixlos bor. Chumoli, garchi undan talab qilinmasa ham, ixlos bilan ishlashidan, o‘z ishini puxta qilib bajarishidan xabaringiz bormi?! Olimlar mana shuni kashf etishdi. Har bir chumoli o‘z ishini eng komil shaklda ado etar ekan. Ularning ishida xiyonat, aldov va o‘yinqaroqlik yo‘q ekan. Ular ixlos bilan, ishga jiddiy yondashib mehnat qilishar ekan. Bu – marraga erishish, zafarni qo‘lga kiritishning eng katta omilidir. Bandaning nafaqat bu dunyoda, balki, oxiratda najotga erishishining eng katta sababi – ixlosdir!

    “O‘zini fido qilish va boshqalarni o‘zidan ustun deb bilish!”

    Bilasizmi, chumolilar boshqalarni himoya qilish, ularning rohat-farog‘atini ta’minlash va ularga taom olib kelish uchun kerak bo‘lsa o‘zini ham qurbon qilar ekan. Ular o‘zaro birikish orqali ajoyib “jonli ko‘prik” yasashar ekan. Mana shu ko‘prikni yasash paytida ko‘plab chumolilar ustidagi chumolilarning og‘irligidan, og‘riqdan vafot etar ekan. Boshqalar o‘sha ko‘prikdan eson-omon o‘tib olishlari uchun bir guruh chumolilar o‘z jonlarini xatarga qo‘yar ekanlar. Subhanalloh!

    Psixologlar aytishicha, bir ishda fidokorlik ko‘rsatish o‘sha ishning muvaffaqiyatli bitishiga sabab bo‘lar ekan.

    “Jamoaviy rejalashtirish va o‘zaro yordam!”

    Ko‘pchilik insonlar yolg‘iz o‘zi qaror qabul qilishi, boshqalar bilan o‘zaro yordamning yo‘qligi yoki ular bilan maslahatlashmaslik oqibatida muvaffaqiyatsizlikka duchor bo‘ladi.

    Mutaxassislarning aytishicha, chumolilar bir ishni hech qachon yolg‘iz bajarishmas ekan. Balki ko‘pchilik bo‘lib, jamoaviy tarzda bajarisharkan. Katta-katta shirkatlarda ham birgalashib ishlash, bir-biriga amaliy va fikriy yordam berish, o‘zaro maslahatlashish muvaffaqiyat garovi bo‘lib xizmat qiladi.

    “Aniq maqsad!”

    Albatta, bu hayotda muvaffaqiyat qozonishning katta omillaridan biri aniq maqsaddir. Kim aniq maqsadsiz harakat qilsa, hech qachon marraga yetolmaydi. Chumolilar oldin aniq bir maqsadni o‘z oldiga qo‘yib olib, unga erishish yo‘lida ko‘pchilik bo‘lib, butun jamoa bo‘lib harakat qilar ekan.

    “Ishni o‘z egalariga topshirish!”

    Ishlash jarayonida vazifalar ixtisosliklarga qarab taqsimlanar ekan. Bir chumoli qo‘riqchilik ishiga mas’ul bo‘lsa, boshqasi kuzatish, xatardan ogohlantirish ishiga mas’ul bo‘lar, yana biri yoshlar tarbiyasiga, boshqasi esa binoning mudofaasiga mas’ullik qilar ekan. Shu tarzda chumolilarda ishlar o‘z mutaxassislariga topshirilar ekan. Albatta, ishni o‘z egasiga topshirish uning puxta, pishiq va sifatli va eng muhimi o‘z vaqtida bajarilishiga sabab bo‘ladi.

    “Yashash joyida zararli odatlar, ishlardan xoli bo‘lish!”

    Chumolilar o‘zlari yashaydigan inlarida zararli ishlar, odatlarni qilishmas, hamma muhim, jiddiy ish bilan band bo‘lar ekan. Bekorchilik, birovlarga ziyon yetkazish kabi narsalar ularda kuzatilmas ekan.

    Do‘stlarim! Bu aytilganlardan biroz bo‘lsada foyda oldingizmi? Ishda, o‘qishda, uyda, ko‘chada va boshqa yaxshi joylarda muvaffaqiyatga erishish sirlarini biroz bo‘lsa-da bilib oldingizmi? Bu zaif jonzotdan nimadir o‘rgana oldingizmi? Ko‘rinishi zaif bo‘lsa-da, ammo irodasi, azmu qarori bilan kuchli hasharotdir.

    Darhaqiqat, u Buyuk Xoliqning ajoyib qilib yaratgan maxluqidir. Qur’oni Karimda shu mitti jonzotning nomi bilan atalgan sura borligini bilasizmi? O‘zi mitti bo‘lsa ham qiladigan ishlari mitti emasligini endi anglab yetdingizmi?

    Alloh taolo Qur’oni Karimdagi “Chumolilar” deb nomlangan surada shunday degan:

    “Bu har bir narsani puxta qiladigan Allohning san’atidir. Albatta, u nima qilayotganingizdan xabardordir” (Naml surasi, 88-oyat).

    Manba: O‘MI matbuot xizmati

    » » "Chumoli falsafasi" yoxud muvaffaqiyat sirlarini chumolilardan o‘rganish haqida
    Яндекс.Метрика