23:35 / 20.06.2018
5 331

Yanga

Yanga
Maftuna talabalikka qabul qilinganidan buyon universitet kutubxonasiga endi kiryapti. Ikki oydan beri shu joyda o‘qiyapti-yu, bu maskanga ilk bor mo‘ralashi. Qo‘lida bir dona fotosurat, a’zolik badali uchun pul va talabalik guvohnomasi.

Bir amallab mahobatli kutubxonaning a’zosiga aylanishi bilan bog‘liq masalalar tugaganidan so‘ng kerakli kitobga buyurma berdi. Kutubxonachi qiz o‘n besh daqiqa kutishi lozimligini aytdi va buyurtma kelguniga qadar bo‘sh stollardan birida o‘tirib turishini taklif qildi.

Shu yerga yaqinroq stollardan biriga joylashdi. Undan keyingi stolda uchta yigit o‘tirib olgandi, vaholanki ikki kishiga mo‘ljallangan bo‘lsa ham.

Jimgina o‘tiribdi. Hali buyurtmasi kelmadi.

– Chiroyli qiz ekanmi? – dedi orqadagi yigitlardan biri past ovozda.

– Bo‘ladi, ammo sen unga ko‘z olaytira ko‘rma, men urinib ko‘rmoqchiman, – dedi boshqasi.

– Bekorlarning beshtasini aytibsizlar, ikkalang ham umidinglarni uzinglar, bu qizga yaqinlashsanglar, mendan ko‘rasizlar, – do‘q urdi yana biri sheriklariga.

– Axir, Ali...

– Jim bo‘l, men shunday dedimmi, demak, bo‘ladi. Istasanglar garov o‘ynaymiz, yaqin orada shu qizning men bilan yetaklashib yurganini ko‘rasizlar.

Juda hayratlanarli, yigitlar kim haqida gapirishayotgan ekan? U yoq-bu yog‘iga qaradi. Qizlar ko‘p, birontasining ustida bahslashayotgandirlar-da. Ahmoqlar, qiz bolaning ustida ham garov o‘ynab bo‘ladimi? To‘g‘ri, past ovozda pichirlab gaplashishyapti, lekin u bemalol eshitayapti-ku!

– Buyurtmangiz tayyor. Kelib, kitobni olib keting, – kutubxonachi qiz unga yuzlandi.

O‘rnidan turib, kitobni olish uchun yurdi, qaytishda uchovlonga yana ko‘zi tushdi. Ular yuzsizlarcha o‘ziga tikilib o‘tirishar edi. Qaysi biri Ali ekan bularni? Juda o‘ziga ishonvordi-da shunisi. “Yaqin kunlarda uni men bilan ko‘rasizlar” emish. Qaysiligini bilsaydim, mana shu kitob bilan boshiga...

Hoy, to‘xta, kitobda nima ayb? Kitoblar mutolaa uchun nashr qilinadi, boshga urish uchun emas.

Joyiga o‘tirib kitobni varaqlayapti, bahs esa hanuz davom etayapti. Ular qizlarni tuzog‘iga ilintirish uchun nimalar qilish kerakligi haqida shunday gaplarni gapirishardiki, borgan sari asabiylashib ketayotgandi. Shunda bittasi stoli yoniga keldi va:

– Bo‘shmi? – dedi yonidagi stul suyanchig‘ini ushlab.

– Band, – deb javob berdi ovozini biroz dag‘allashtirib.

– Ha, mana endi band bo‘ldi, – dedi o‘sha yigit kursiga joylashar ekan. So‘ng Maftunaning yuziga qarab qo‘shimcha qildi: – Orqadagi stolda uchalamiz tiqilib qoldik, shu yerda joy bor ekan, bemalol o‘tiraylik-a?

Orqadan “Bo‘sh kelma, Ali!” degan pichirlashlar va masxaromuz piqir-piqir kulgilar eshitilardi. Ali degani shunisi ekan-da. Nima qilsin ekan, kitob bilan tushirsamikin? Yana kitob deydi-ya, tavba, axir kitoblar o‘qish uchun yoziladi, boshga urish uchun emas.

– Uzr, siz bilan yaqinroq tanishsak bo‘ladimi? – dedi Ali.

– Nega, yaqin kunlarda yetaklashib yurishimiz uchunmi?

– Men unday demadim, – dedi u yelkasini qisib.

– Hozirgina sheriklaringizga aytdingiz-ku!

– Noto‘g‘ri tushungandirsiz. Biz axir...

– Ha, aynan shunday dedingiz. Hammasini to‘g‘ri eshitdim, noto‘g‘ri emas. Bilib qo‘ying, biron qizning siz bilan yetaklashib yurganidan ko‘ra it bilan yetaklashib yurgani yaxshiroq.

“Voy, men chidolmasdim, Ali! U itni sendan yaxshi dedi, lekin yomon uyatga qolding-da o‘zingam”, deb mazaxlab kuldi orqadagilar.

Ali boshqa hech nima demadi. Bir ularga, bir Maftunaga tikilib qarab qoldi, xolos. So‘ng o‘rnidan turib, kutubxonachining oldiga kitobni qo‘ydi-yu, chiqib ketdi.

– Yanga, yomon bopladiz lekin... – deb qiyqirib qolishdi ortidan yigitlar.

Ertasiga birinchi dars tugaganidan so‘ng yo‘lakda ketayotsa, kechagi yigitlardan biri kelayotgan ekan. Yoniga yaqinlashganida “Yaxshimisiz yanga?” deb o‘tib ketdi.

Sabrini sinayapti bu yaramaslar.

Bufetga kirib kompot ichayotganida esa xushro‘ygina bir qiz yoniga kelib, “Yoqimli ishtaha, yanga”, dedi kulib. Mayna qilishyaptimi, Xudo jazoingni bergurlar. Shu tariqa kun davomida besh-olti kishi unga “yanga” deb murojaat qilib so‘rashib o‘tdi.

Nima qilsa ekan bu Alini! O‘sha kuni kitob bilan tushirsa bo‘larkan, esiz, shunday imkoniyatni yo‘qotdi-ya.

Ertasi kuni darsga birinchi bo‘lib keldi. Undan keyin kirgan kursdosh yigit “Yo, hazrati Ali” dedi partaga to‘nkarilgan stulini yerga olib qo‘yar ekan, o‘ziga o‘zi gapirgan kuyi, ammo sinovchan nigohi zimdan Maftunaga qadalgan edi. Endi kurs ichida ham “Ali, Ali” degan tegdirmalar qulog‘iga chalinayotgandi.

Kimdandir biror nima so‘rasa, “E, Ali akani hurmati bor, sizga yo‘q demiymiz”, deyishardi. Mana, yo‘q joydan yanga ham bo‘lib oldi. Alining o‘zini durustroq tanimaydi-ku, ko‘pchilik uni o‘sha yigitning himoyasidagi qiz deb o‘ylayotgani yomon-da.

Bilib oldi, Ali deganlarining talabalar orasida “avtoriteti” kuchli ekan. Uchinchi kursda o‘qirkan. Uni ko‘pchilik juda yaxshi tanirkan. O‘sha yigit Maftunaning kursdoshlariga: “Bo‘lajak yanganglar shu qiz, agar ozgina hurmatim bo‘lsa, hammangiz uni yanga deb chaqiringlar”, deb tayinlabdi.

Kursdosh yigitlar u bilan iloji boricha gapni qisqa qilishar, chunki Alidan hayiqishardi. Uni biron-bir munosabat bilan yig‘ilishadigan tadbirlarga chaqirishsa, borgan joyida albatta Ali o‘tirgan bo‘lardi. Chor atrofida Ali ismi aylanar, o‘zini peshanasiga Ali degan tamg‘a bosilganday his qilardi. Bu yigit yo‘q joydan erkinligini tortib oldi, u el qatori o‘qishiga, hamma qizlar kabi yayrab yurishiga yo‘l qo‘ymayotgandi. Eng yomoni, buni boshqalarning qo‘li bilan qilayotgani. Zero, o‘sha kutubxonadagi bahslashuvdan keyin u boshqa bir og‘iz ham so‘z qotgani yo‘q. Alining oldiga borib, nega bunday qilyapsan, deb so‘rashga yuragi betlamadi. Xuddi nochor ahvolga tushib, yalinib borganday bo‘ladi. Yaxshisi, e’tibor bermagan ma’qul.

Hech kimga qo‘shilolmaganidan so‘ng darsdan keyin vaqtini kutubxonada o‘tkazishga odatlana boshladi. Albatta, “yanga”chilar u yerdayam bor, ammo endi bu qochirimlarga parvo qilmay qo‘ygandi.

Shunday kunlarning birida yoniga Ali kelib o‘tirdi.

– Ahmoqlik qilyapsiz, – dedi unga qarab.

– Bu hammasi sizni asrash uchun, yoningizga yomon niyatlilarni yaqinlashtirmaslik uchun, – dedi Ali.

– Yaxshi, ammo bu sizga nega kerak bo‘lib qoldi?

– Boshqalar tugul, o‘zimdan ham sizni qizg‘anganim uchun.

– Mening ko‘nglimni bilmaysiz-u...

– Bilganim shuki, sizni yaxshi ko‘raman. Boshqasi bilan ishim yo‘q.

– Mening tuyg‘ularim-chi?!

– Sizda tuyg‘uning o‘zi yo‘q, – dedi Ali andak jahl bilan.

– Men muhabbat buyuk bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Shunchaki sevgi o‘yinlari men uchun emas.

– Ammo buyuklik oddiylikda ekanini o‘ylab ham ko‘rmaysiz. Bu ketishda muhabbat gadosi bo‘lib o‘taverasiz.

– Muhabbat tilamchilarga beriladigan sadaqa emas. Duch kelgandan sadaqa so‘rab ko‘chaga chiqolmaganing kabi muhabbatni ham ehson qiling, deb bo‘lmaydi, – dedi chertib-chertib.

Gapi og‘ir botdimi, Ali o‘rnidan turib chiqib ketdi. Maftuna uning ortidan o‘ychan nigohlari bilan qarab qoldi. “Men o‘zim o‘qigan ertaklarda yashayman, – xayolidan o‘tkazdi u. – Kimsasiz daladagi yagona qasr — bu mening tasavvurdagi uyim. Oldida yam-yashil sholipoya yastanib yotibdi. Mayda dala gullari va oppoq moychechak go‘zal hissiyotlarim, yagona do‘stlarim. Yolg‘izlikni yaxshi ko‘raman. Ba’zan kimdir yetishmayotganday bo‘ladi. Shu kimdirni topdim deganimda esa u men qidirgan odam emasligini bilib qolaman. Aslida qidirgan odamim bormi bu dunyoda? Qayerda u? Qachon unga ro‘baro‘ bo‘laman? Qachondir duch kelamanmi o‘zi unga? Yoki yo‘q insonni qidiramanmi? Agar u yo‘q bo‘lsa, uni qidirib nima qilaman? Kimnidir qidirmasam, qandaydir ilinjim bo‘lmasa, yashashdan ma’ni nima? Ammo yo‘q odamni qidirishdan ham ma’ni yo‘q-da. Balki qidirgan insonim Alining o‘zidir. Qalbimning tubidan unga joy bera olarmikinman? Qiyin savdo...”

O‘sha kungi suhbatdan so‘ng u Aliga bo‘lgan jahlini so‘ndirib bordi. Ba’zan vaziyat yuzasidan, ba’zan zarurat tufayli gaplashib turadigan ham bo‘lishdi. Unchalik yomon yigitga o‘xshamaydi. Ko‘ngli toza, nekbin kayfiyatli, hamma bilan birdek yaxshi munosabatda bo‘la oladigan kishilar toifasidan ekan. Oralaridagi munosabat do‘stona ko‘rinishdan hech o‘zgarmagan bo‘lsa ham, Alining ko‘zlaridagi muhabbat cho‘g‘i sira so‘nmadi. Maftuna esa hali-hanuz sevgi neligini tushunolmaydi. Bu asrlarni titratgan hodisa u bilan hech yuz berarmikin o‘zi? U ham kimnidir seva oladimi?

Bu orada dillarni yashnatib ko‘klam eshik qoqib keldi. Chor atrofdan bug‘doy sutining hidi, gul hidi, ko‘ngil hidi anqiydi. Uning ham qalbida ishqning sarrin sabolari esa boshladi. Yashayotganini, dunyoning latifligini, tabiatning ulug‘vorligini his qilar ekan, g‘ir-g‘ir yelayotgan tuyg‘ulari tizginini biroz bo‘shashtirdi. Ko‘rinmas bir rishta bilan bog‘langan kabi Alini yuragiga yaqin ola boshladi. Hissiyotlar kishini juda masrur va latif olamga yetaklar ekan.

Ali do‘stlari bilan o‘sha kuni o‘ynagan garovida yutib chiqdi. Ko‘pchilik Maftunani Alining yonida ko‘ra boshlashdi. Qizlar ortlaridan havas bilan qarab qolishar, yigitlar garchi haqiqatda unday bo‘lmasa ham o‘zlarini e’tiborsizday ko‘rsatib o‘tishardi. Ikki qalb bir-biriga talpinsa ham, hayo chizig‘ini kesib o‘tishmas, har ikkisining ich-ichida hamrohiga nisbatan cheksiz hurmat va mehr uyg‘ongandi.

“Bu muhabbat bo‘lmay nima? – deya o‘yladi Maftuna. – Ali yuragimga eng yaqin insondek tuyulyapti. Men doimo uni qidirgan ekanman. Nihoyat topdim, nihoyat yaqinidaman, yonginasidaman. Qo‘l uzatsa yetadigan darajada yaqinidaman. Uni yaxshi ko‘ra boshladim, dilim mulkining egasiga aylanib borayapti. O‘z-o‘zimga so‘z berib aytamanki, bundan buyon bu yigit meni qanchalar izzat qilayotgan bo‘lsa, men uni ikki bor ko‘proq qadrlayman”.

Munosabatlar kundan-kunga mustahkamlanib, chuqurlashib, yaxshilanib borardi. Qizig‘i shundaki, ularning samimiy sevgisiga biron kishi qarshilik qilmasdi. Hamma ularning bir-biriga mos juftlik ekanini ta’kidlab, baxtli bo‘lishlarini tilardi. Bu muhabbat kitoblarda yozilgan boshqalaridan farqli o‘laroq, suronli, to‘fonli, ziddiyatli, yaralovchi va nihoyat fojiali emasdi. Balki tungi oy yorug‘ida bir me’yorda sokin oqayotgan suv kabi jilvali va ravon edi. Yo‘llarida na bir to‘siq, na bir fisq-fasod yo‘q. Haddan ziyod osuda, behad tinch. Ko‘ngillar yaqin, fe’llari ma’qul, ko‘rinishdan munosib.

Ha, suv oydinda bir muddat (unchalik uzoq ham, u qadar qisqa ham vaqt emas) mana shunday sokin va bir maromda oqdi. Biroq taqdir degan yana bir tosh borki, qachon o‘zingni baxtli sezsang, peshanangga qarsillab urilmasa...

Ana shu kun keldi.

Salomatligini tiklash va qizini ko‘rib ketish bahonasida Maftunaning onasi poytaxtga kelyapti. U onasini kutib olish uchun ertaroq yo‘lga chiqdi. Poyezd kelishiga yigirma daqiqacha bor. Hali vaqt borligi sababli vokzal tashqarisidagi bolali ayol o‘tirgan o‘rindiqqa borib cho‘kdi. Odamlarni kuzatib o‘tirar ekan, yonidagi navnihol juvon o‘ziga qarab-qarab qo‘yayotganini sezdi.

– Kechirasiz singlim, siz Maftunamasmisiz? – deb so‘radi so‘ng undan.

– Maftunaman, – dedi hayron bo‘lgan kuyi.

– Darrov tanidim, – dedi juvon ko‘zlari yonib.

– Ko‘rishganmizmi?

– Yo‘q, birinchi bor uchrashib turibmiz.

– Unda meni qayerdan taniysiz?

– Xo‘jayinimning fotoalbomida bir dunyo suratlaringiz bor.

– Xo‘jayiningiz kim?

– Ali... Uning xotiniman.

– Qaysi Ali?

– Shu... haligi... Siz ham uni taniysiz. Mana bu o‘g‘lim o‘ynayotgan o‘yinchoqni Aliga Yangi yil bayramida siz sovg‘a qilgan ekansiz.

Bolaning qo‘liga qaradi — o‘yinchoqni darrov tanidi. Uni tanlash uchun yarim kun ovora bo‘lgandi.

– Iya, Ali uylanganmi? – deb so‘radi Maftuna hayron bo‘lib.

– Ha, o‘g‘limiz ikkiga kirdi.

– Qanday qilib?! Axir hali Alining o‘zi yosh bola-ku. Endi uchinchi kursni tugatayapti. Bundan chiqdi, institutga kirmasidan oldin uylangan ekan-da.

– Ha... To‘yimiz kirish imtihonidan biroz oldin bo‘lgan.

– Nega buncha tez? Ota-onalaringiz majburlashganmi? – so‘radi Maftuna hamdardlik ohangida (balki o‘zini yupatish uchundir).

– Yo‘q. Ali bilan uch yil sevishib yurganmiz, u meni boshqa birov ilib ketmasligi uchun darhol uylanib olgan.

Qiz hayratdan tong qotdi. “Ishonmayman, – o‘yladi u. – Ali bu ayolni sevgan bo‘lishi mumkin emas. Ota-onalari majburlagani aniq. Ali meni sevadi. U hech qachon mendan boshqasini sevmagan. Kimningdir men bilan hazillashgisi kelyapti”.

Juvon gapida davom etdi:

– Yaqinda esa u menga sizni yoqtirib qolganini, men bilan turmush qurgani anglashilmovchilik bo‘lganini, tezroq sud orqali ajrimga kelishuvimiz lozimligini aytdi.

– Keyin-chi? Siz nima dedingiz?

– Rozilik berishdan o‘zga ilojim ham yo‘q. Buning ustiga Ali tanlagan qiz, ya’ni siz binoyidekkina ekansiz. Yulduzinglar yulduzinglarga to‘g‘ri kelsa bo‘ldi. Mana, o‘g‘lim bilan uyga ketayapmiz.

“Qanaqa yulduz? – ich-ichidan iztirobga tushdi u. – O‘zining yulduzi bor ekan-ku. Alini qanday qilib mana bu shiringina, quyib qo‘yganday o‘ziga o‘xshaydigan o‘g‘lidan judo qilaman? Buning ustiga rafiqasi farosatli, aqlli ayol ekan”.

– Ali tez orada sizlarni yoniga qaytaradi. Hech qanaqa ajrimning keragi yo‘q, ketmang, – dedi hovliqib-kuyib.

“Nimalar bo‘lyapti o‘zi, nega bunday bo‘ldi? Alining ikkita hamqishlog‘i bor, ular uylanganligini bilmagan bo‘lishlari mumkin emas”. Qo‘l telefonini olib chetga o‘tdi va raqam terdi.

– Sobir, yaxshimisiz, sizdan bir narsani so‘rayman, faqat rostini gapirasiz, bo‘lmasa juda qattiq xafa bo‘laman.

– Nimani so‘ramoqchiligingizni tushunganday bo‘ldim. Kimdan eshitdingiz, yanga, uni biz uchalamizdan boshqa hech kim bilmasdi-ku, Alining o‘zi aytdimi?

– Yo‘q, boshqadan eshitdim. Nega bunday qildinglar, Sobir, siz es-hushli yigitsiz-ku?!

– Uning niyati jiddiy edi-da, qolaversa yaqinda yangamdan ajrashadi...

– Bir yangangizdan ajralib, ikkinchisiga uylanadi, shundaymi? – kesatdi.

– Ali sizni aldamayapti, u rostdan ham...

– Yetar, kerakmas, – deb aloqani uzdi va o‘ylab qoldi: “Eh, Ali, Ali. Qo‘limga tushsayding, seni o‘ldirardim. Ammo bunday bo‘lmaydi. Chunki meni boshqa ko‘rmaysan. Seni uchratishim mumkin bo‘lgan hamma joydan izsiz yo‘qolaman. Hammasidan kechaman. O‘qishni tashlab, boshqa joyga, sen taxmin ham qilolmaydigan joyga ketaman. Mana shu ayol hurmati uchun... Oilangni saqlab qolishing uchun... Ko‘rinishi seni eslatadigan jajji o‘g‘ling uchun...”

Zulmat cho‘kkan ko‘ngliga endi ko‘p zamonlar muhabbat yog‘du sochmasligi aniq. Dili ko‘chasida lolalar yastanib ochilmaydi. Tuyg‘ularini sezmay qo‘yadi.

Bundan so‘ngra hech kim o‘zini yanga deb chaqirmaydigan joylarga ketadi.
Xosiyat RAJABOVA

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yanga