10:58 / 14.07.2018
6 426

Qo‘shmachining qarg‘ishi... (yoxud fohishaning tavbasi)

Qo‘shmachining qarg‘ishi... (yoxud fohishaning tavbasi)
Sabrinisa tepasida kimningdir beo‘xshov shang‘illashidan uyg‘onib ketdi.

Qanoat qo‘shmachi ekan.

U Sabrinisaning tepasiga turib olgancha qoshlari chimirilgan ko‘yi so‘zlanardi.

— Ha-a, jonidan, soat 11 bo‘ldi! Haliyam sasib uxlayapsanmi? Pulni cho‘z, pulni! Qani Mergan aka? Nega yoningdamas? Qachon ketdi?..

Sabrinisa ko‘zlarini ishqalay-ishqalay, o‘rnidan turib o‘tirdi-da, tepasida ikki qo‘lini beliga tiragancha chaqchaygan ko‘yi turgan qo‘shmachiga javdirab boqdi.

— Ha-a, nega qotib qolding allambaloning allambalosiga o‘xshab? — do‘qlay ketdi qo‘shmachi. — Qani deyapman Mergan? Pullarni bermaysanmi?..

Sabrinisa yana bir muddat sukut saqlagan holda o‘tirib qoldi-yu, qo‘rqa-pisa o‘rnidan qo‘zg‘aldi.

— U… Pul bergani yo‘q, opa, — dedi eshitilar-eshitilmas. — Menga… Bir baloni ichirgandi. Keyin… Uxlab qolibman…

— Nima? — qo‘shmachi Sabrinisaning ikki yelkasiga chang soldi. — Nima deding? Pul yo‘q? Ichirdi? Nima ichirdi?

— Qaydam? — bo‘yin qisdi Sabrinisa. — Hech narsani eslay olmayapman.

— Bekorlarning beshtasini yebsan, uqdingmi? Seni bilmasakanman. Shunaqa odatlaringam bormidi hali? Ming dollarlik mijozni qo‘yningga solib qo‘ysam-u, sen u bilan kelishib, pulini berkitib olsang. E yo‘-o‘q, oyimcha, men senlar o‘ylaganchalik go‘l emasman. Harqalay, o‘n besh yildan beri shu begona shaharda qo‘shmachilik qilaman. Boyvachchalarning hojatini chiqaraman. Sendaqalarni-chi, ko‘pini ko‘rib qo‘ygan xotinman. Bo‘l tez, asabimni buzmay, Sabri, pullarni yaxshilikcha qo‘limga ber-da, quri bettan! Sendaqa mashenniklarga ko‘zim uchib turgani yo‘q!

— Opa, nega ishonmaysiz? — zorlana boshladi Sabrinisa yig‘lab. — Uningizdan bir tiyin ham olganim yo‘q. Oxirgi marta qandaydir qizil ichimlikni qo‘limga tutqazgani esimda xolos. O‘sha matohdan bir ho‘pladimmi, ikki ho‘pladimmi, buniyam eslay olmayman. Uxlab qolibman…

— Shunaqami? — deya gezardi qo‘shmachi ish chiqmasligini ko‘ngli sezgan kabi ortga tislanib. — Unda yechin! Men ichingga pul berkitmaganingni o‘z ko‘zimminan ko‘rishim kerak. Bo‘l tez! Sendaqalarminan pachakilashib o‘tirishga vaqtim ham, xohishim ham yo‘q. Vay, bo‘-o‘l! Nega bezrayib turibsan?..

— Menga ishonmayapsiz-a, opa? — yig‘i aralash yechinishga tutindi Sabrinisa. — Nahotki, qayoqdagi ming dollarni deb…

— E, bo‘l tez, — qo‘l siltadi qo‘shmachi. — Diydiyolaringni xola poshshangga aytasan…

Sabrinisa egnidagi hamma kiyimlarni yechib qo‘shmachining qarshisida qaddini g‘oz tutdi. Qo‘shmachi shundan keyin ham tinchlana olmasdi. Yo‘lakda ivirsib yurgan boshqa bir fohishani yoniga chorladi-da, xonadagi shkaf, qutilar, gilam ostilarini kavlashtirishni buyurdi. Bu ish ham besh daqiqa ichida ado etildi. Ammo pullardan darak yo‘q edi.

— Mayli, — sal past tushdi qo‘shmachi Sabrinisaga yer ostidan ma’noli qarab qo‘yib. — Mergan yana eski ashulasini boshlagan ko‘rinadi. Lekin-chi, gaping haqiqatan rost bo‘lsa, u xunasa mening sovunimga kir yuvmabdi hali. O‘sha ming dollarni shunday sug‘urvolamanki cho‘ntagidan, dardini birovga aytolmay qoladi. Pulni esa… Yo‘q, Sabri, sen o‘sha marazni aldab-suldab mening yonimga boshlab kelasan!

— U kelmaydi, — dedi Sabrinisa bo‘shashib. — Shu yerda…

— Keladi, — kutilmaganda baqirdi qo‘shmachi. — Menga aql o‘rgatma sen! Aldab-suldaganingga ko‘nmasa, po‘pisa qilasan! Qo‘rqmaganning joni nechtaykan!?. Qamatvoraman deysan! Yoki pulni senga bersin-u, ora ochiq!

— Uni… Qaydan topaman? B-bilmayman-ku qayerda turishini!

— Zato‘, men bilaman, jonidan, — dedi qo‘shmachi viqor bilan. — Ishlaydigan ofisini beraman. Taksi ushlaysan-da, borib opkelasan! Pulni olganimdan keyin-chi, to‘rt tomoning qibla! Qorangni o‘chirasan! Bu shaharda qo‘shmachi ko‘p. Bironta lallaygan lattasini topsang, yashayverasan o‘shanikida qora-qura loxlarning ko‘nglini olib!.. Yo‘q, to‘xta… O‘zingni yolg‘iz yubormayman! Sendaqalarga ishonib bo‘larmidi?!. Ana, Mashhura birga boradi senminan. Tez bo‘l!..
* * *
Begona yurt, begona shaharning havosiga ancha ko‘nikkani boismi Sabrinisa issiq ufurib turgan yengil shabadadan to taksi tutguncha yomonlik ko‘rmadi. Faqat qo‘shmachining shang‘illashlari hanuz quloqlari ostida jaranglab, asabini buzardi. Taksiga o‘tirgandan keyin ham bu tovushlar quloqlarini qomatga keltiraverdi. Yonida puli yetarli bo‘lsa-da, buyog‘iga qayerda yashash, qanday tirikchilik qilish haqida qayg‘urdi. Qalbidagi Merganga bo‘lgan nafrati ming chandon ortib hadeganda jazavasi qo‘zg‘alaverdi.

«Marazlar, — o‘ylardi u bilinar-bilinmas tishlarini g‘ijirlatib. — Tili bir shekilli bu ifloslarning. Eski tanishlar-ku harqalay. Meni chuv tushirmoqchi bo‘lgan-da ikkovlashib. Hali qarab turlaring, uyingga o‘t qo‘ymasammi!.. Xudoga shukr, qomatim ham, husnim ham joyida. Bir qosh qoqsam, manaman degan boyvachchalar oyoqlarimni o‘pishga tayyor turadi. Sen kim bo‘psan? Bozori o‘tgan sigirday bir narsasan-da! He allaqayerlaringni selkillatmay o‘l qo‘yga o‘xshab!..»

Ayniqsa, unga Qanoat qo‘shmachining chiqib ketayotganda «Hali ko‘raman, bozoring kasod bo‘lib ko‘chalarda tilanchilik qilasan! Iloyim gadoyvachchaga aylanib o‘lgin megajin», deya qarg‘angani Sabrinisaga alam qilardi. Yonida jim ketib borayotgan o‘zi kabi fohisha Mashhuraga zimdan qarab olardi-yu, qo‘yib berishsa, uni ham yumdalab tashlay derdi…

Shunday xayollar bilan Mergan ishlaydigan joyga yetib bordi. Juda hashamatli va osmono‘par bino ekan. Taksidan tushishgach, Mashhurani ergashtirgancha asabiy lab tishlay-tishlay, bino ichkarisiga yo‘l oldi.
* * *
Binodagilar bir zumda Mergan o‘tiradigan kabinetni ko‘rsatishdi. Sabrinisa birpas ikkilanib turgach, eshikni taqillatdi. Shu zahoti ichkaridan «Kiring» degan ovoz eshitildi. Bu Merganning tovushi edi. Sabrinisa Mashhuraga sovuq qarab oldi-da, eshikni ochib ichkariga kirdi.

Kabinet keng, did bilan bezatilgandi. Mergan deganlari baland bo‘yli, yoshi qirqdan oshgan soqolli erkak edi.

U Sabrinisaga ko‘zi tushgani hamono rangi o‘zgarib dast o‘rnidan turdi.

— Nega kelding bu yerga? — so‘radi u salom-alikni ham unutib. — Tinchlikmi, sohibjamol?

— Hecham tinchlikmas-da, — dedi zarda aralash Sabrinisa. — Boqqa kirib mevasini yegandan keyin haqini to‘lab qo‘yilmaydimi, aka?

Bu gapni eshitgach, Mergan istehzoli tirjaydi.

— Haq? Qanaqa haq? — dedi u yelka qisib. — Tushuntiribroq gapirsang-chi, singil!

— Kechasi qilgan ishratingizning haqini. Meni uxlatib qo‘yib survoribsiz-ku, aka! Uyalmaysizmi?..

Merganning rangi oqarinqirab istamaygina Sabrinisaga yaqinlashib keldi. Shu orada bir chetda qimtinibgina turgan Mashhuraga ko‘z tashlab oldi.

— Vey, o‘zingni kim deb o‘ylayapsan-a? — do‘qlashga o‘tdi endi Mergan. — Qanaqa ishrat? Hamma pulni qo‘shmachingga berganman! Yo sengayam hisob berishim kerakmi?

— Bermagansiz hech kimga pul, — dedi Sabrinisa bo‘sh kelmay. — Keling, aka, tortishmaylik! Pulni bering-da, biz ketaylik! Qanoat meni ikki yamlab bir yutmoqchi bo‘lib o‘tiribdi. Agar…

— Nima? — Mergan daf’atan Sabrinisaning iyagini siqimladi. — Sen hali shantaj qilmoqchimisan? Meni-ya? Hozir politsiya chaqirib topshirvoraymi shu gaping uchun? Gapir, manjalaqi!.. O‘sha qo‘shmachingniyam qo‘shib yo‘q qildirvoraymi!

— P-pulimni… Haqimni bering! — dedi endi beixtiyor yig‘lamsirab Sabrinisa. — Tuni bilan nima qilsangiz qildingiz. Menam bu yurtlarga tirikchilik deb kelganman. Nega…

— O‘chir chakagingni! — eshitilar-eshitilmas do‘q aralash shivirladi Mergan. — Tirikchilik emish. Shumi tirikchiliging? O‘zbekni butun dunyoga sharmanda qilib, duch kelganning tagiga yotib pul ishlab tiling chiqib qoldimi? Hoynahoy, ota-onang, qarindosh-urug‘laring bilmasa kerak-da shu qandlarni yeb yurganingni! Mana, endi kuningni ko‘rasan, sohibjamol! Politsiya yerto‘lasida bir kecha yotsang, ko‘zing moshday ochiladi. Ular qarindoshlaringga xabar yuborishsa bormi… Ana o‘shanda…

— Yo‘q, yo‘q, — Sabrinisa azbaroyi qo‘rqib ketganidan Merganning bilagiga yopishdi. — Unday qilmang! Men… Kerakmas! Kerakmas!.. Iltimos, topshirmang meni politsiyaga!..

— Ha-a, qo‘rqib ketdilarmi? Albatta qo‘rqasan-da! Qo‘rqmay ham ko‘rgin-chi!.. Endi-chi, sekin xonadan chiqqin-u, qorangni o‘chir bu yerdan! Sendaqalarni deb hamkasblar oldida sharmanda bo‘lishni istamayman. Basharti ortiqcha qadam bosganingni, yo shu bino ichida talmovsiraganingni eshitsam, o‘zingdan o‘pkalama! Yaxshisi mening ko‘zimga ko‘rinmagin bundan keyin! Juda yomon bo‘ladi! Men bu shaharning eng hurmatli shaxslaridanman. Nomimga dog‘ tushirsang, naq o‘ldirtirvoraman! O‘ligingni itlarga yediraman!.. Tushundingmi? Yo politsiyaga qo‘ng‘iroq qilaveraymi haliyam?..

— Yo‘q, yo‘q, — Sabrinisa shosha-pisha uyoq-buyog‘ini to‘g‘rilagan bo‘ldi-da, xonadan chiqishga chog‘landi. — Bo‘ldi, aka, tushundim. Ketaman! Pulingizam kerakmas! Kerakmas!..
* * *
Ko‘chaga chiqishgach, Mashhurani ortga jo‘natib yubordi. Mergan aytgan gaplarni qo‘shmachining qulog‘iga quyishni tayinlab, taksi joyidan jilgan zahoti asta avtobus bekatiga bordi-da, o‘rindiqlardan biriga cho‘kdi.

Sabrinisaning xayollari shu tobda alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketgandi. Qalbining tub-tubini nimadir kemirar, har kemirganda dili og‘rib-og‘rib berardi.

Go‘yo vujudiga allaqachonlar hukmini o‘tkazib, a’zoyi badaniga astoydil joylashib olgan iblis nari chekingan kabi ko‘zlari jiqqa yoshga to‘la borardi.

Hali 20 ga kirib ulgurmagan bu yengiltabiat qiz nimalar qilib qo‘yganini endi-endi anglay boshlagandek sergak tortdi. Telbalarcha dast o‘rnidan turdi-da, serqatnov yo‘l bo‘yiga chiqdi. So‘ngra to‘xtab, yana telba kabi bosh eggan ko‘yi o‘zini nazoratdan o‘tkaza boshladi. Keyin esa yana ortga qaytib o‘rindiqqa cho‘kdi va boshini o‘rindiq ustuniga tiragancha ko‘zlarini yumdi.

«Nimalar qilib qo‘ydim? — xayolan so‘zlanardi Sabrinisa. — Kimlarning ortidan ketdim? Nega buyoqlarga keldim-u, qizlik iffatimni pulga sotdim? Nimaga, kimlarning xushomadiga uchdim? Nima uchun meni mast-alast erkaklar quchganida, xushomadlar qilib sharmandalarcha badanimga qo‘l yugurtirganda, ularni siltab tashlay bilmadim? Ota-onam, qarindosh-urug‘larning ham nasihatini, maslahatini, ayniqsa, onam sho‘rlikning zorlanib yig‘lashlarini ham tengsamadim. Faqat pul, pul va yana pulga o‘chlik qildim. Ko‘kimtir qog‘oz pulni ilk bor qo‘limga olganimda, ko‘zlarim chaqnab, yuragim bezovta urganini his etdim. Shunchalar shirinmi bu pullar? Shu pullarga sotildimmi? Hozir hoynahoy men tengilar ikkitadan bolani tug‘volib, o‘z uyida o‘ynab-kulib yashayotgandir. To‘ylar qilishgandir. Mehmon kutib, mehmon kuzatishgandir. Qaynona-qaynotasi, erining alqashlarini har kuni eshitib, ko‘ngillari osmon bo‘layotgandir. Men bo‘lsam, shularning bariga tupurdim. Ikki xayolim sersavlat, puldor, ko‘z qarashlari burgutniki kabi o‘tkir erkaklarda bo‘ldi. Shularni deb vatandan ham, orzularimdan ham kechdim…

Esdan chiqarmidi. Narigi mahallalik O‘rinboy aka nuqul orqamdan yurgani yurgan edi. Meni juda yaxshi ko‘rardi. Otasi yamoqchi bo‘lgani uchun o‘shaniyam mensimadim. «Bir kamim yamoqchiga kelin bo‘lishmi?», deb o‘zimcha noz-firoq qildim. Xo‘sh, endi-chi? Endi kimlarga aylandim? Nahotki, shu xatoim tufayli endi bir umr xor bo‘lib yashasam? Qayta olmaymanmi bu yo‘ldan? Yo‘q, qaytaman! Qaytmasam bo‘lmaydi. Qishlog‘imga yetvolsam bas, o‘sha O‘rinboy akaga bo‘lsayam tegib ketaman. Yetar!. Yetar!..»

Shu tobda Sabrinisaning vujudiga o‘rnashib olgan iblis nari chekingandek, ruhan yengil torta boshlaganini his etardi.

Ko‘z yoshlarini dastro‘molchasiga artgandi, kiprik-qovoqlariga chaplangan bo‘yoqlar ham qo‘shilib chiqdi. Shundoq ham alamiga chiday olmayotgan fohisha zarda aralash dastro‘molchani chetga irg‘itdi-da, dast o‘rnidan turib katta yo‘l bo‘yiga chiqdi. Hozir qayerga borishi, nima qilishini idrok etmasdi. Nuqul telbalarcha atrofga alanglar, go‘yo kimdandir, nedandir najot qidirardi.

Bir mahal undan besh-o‘n metr nariga yarqiragan «JIP» kelib to‘xtadi-yu, old eshigi ochilib, haddan tashqari nozanin pastga tushdi…

Sabrinisa uni ko‘rgandayoq tanigandi. Bu qiz ham uning yurtidan. Adashmasa… Ismi Jamila. Ja dimog‘i osmon qiz. Yo‘q, qiz emas, uyam o‘zi kabi erkaklar, ko‘kimtir pullar xushtori. Aytishgandi, yurtdayam xuddi shunaqa mashina olib garajga qamab qo‘ygan deyishardi. Bu yerdayam zo‘rini minib yuribdiykan-da!.. Demak, sattang-a milyonchilarminan yuradi deguvchi edilar. Rost ekan-da!.. Xudoyim, nega bularga jin urmaydi? Hech kim mushugini pisht demaydi? Qancha xohlashsa, shuncha pul berasan, boylik hadya qilasan! Bu megajinlarning shoxi bormi? Mendan qayeri ortiq? Men undanam chiroyliroqman-ku! Manaman degan boyvachchasini qarshimda bosh egdira olaman-ku! Nima uchun men shunaqangi mashinalarda yura olmayman? Nimaga menam manavi so‘xtasi sovuqqa o‘xshab milyonchilarning to‘shagida yota olmayman? Yo‘-o‘q, men… Ko‘rsatib qo‘yaman hali hammasiga!.. Shunaqa milyonchilarni topamanki, oyog‘imni o‘pishadi. Topgan boyligini oyoqlarim ostiga to‘ktirmasam, Sabrinisa emasman!..

Afsus… Sabrinisaning iblisga sadoqati kuchli chiqib qoldi. Shaytoni lain endi-endi undan yiroqlasha borayotgandi. Almoyi-aljoyi, buzuqdan-buzuq, bemazadan bemaza gaplarini, xayolan so‘zlanishlarini eshitdi-yu, jilpanglagancha qaytib Sabrinisaning vujudiga singdi. Shu lahzadayoq insof, tavfiq, uyat, nomus, shafqat va diyonatning ini ming tanga bo‘ldi…

Fohishaning tomirlarida qaytadan jirkanchlik, nahsga belangan ko‘kimtir qon oqa boshladi…

Ha, fohisha Jamilani ko‘rgandayoq tavba-tazarrularini yer bilan yakson etib bo‘lgandi.

Jadal-jadal qadamlar tashlagancha noma’lum tomonga ketib borardi-yu, nuqul aljirardi:

— Milyonchilarning manaman deganini tiz cho‘ktiraman! Hamma milyonchining to‘shagi meniki bo‘ladi, meniki!.. Borini sug‘urib olaman! Men ham hademay Jamilanikidanam zo‘r mashinalarda yuraman! Kuyib o‘lasan, qo‘shmachi, kuyib!!!

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qo‘shmachining qarg‘ishi... (yoxud fohishaning tavbasi)