18:30 / 18.07.2018
19 147

Eng umidbaxsh oyatni bilasizmi?

Eng umidbaxsh oyatni bilasizmi?
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

“Sen mening tarafimdan: “Ey o‘z jonlariga isrof (jabr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, uning o‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zotdir”, deb ayt” (“Zumar” surasi, 53-oyat).

Imom Buxoriy Sa’d ibn Jubayrdan roziyallohu anhu keltirgan rivoyatda aytilishicha, ko‘plab gunohlar qilgan bir guruh mushrik Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib: “Albatta, sen da’vat qilayotgan narsa juda ham go‘zal. Qani, ayt-chi, biz qilgan narsalarni yuvadigan narsa ham bormi?” deb so‘rashganida Alloh taolo ushbu oyati karimani tushirgan ekan.

Ali roziyallohu anhu, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu, Ibn Umar roziyallohu anhu kabi zotlar bu oyatni “Qur’ondagi eng umidbaxsh oyat” deyishgan.

Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga “Mening bandalarimga ayt” deya amr bilan boshlamoqda.

Alloh taolo “Ey insonlar!”, “Ey mo‘minlar!”, “Ey odamlar!”, “Ey Menga nisbatan isyon qilganlar!” demadi. Balki, “Ey ... bandalarim!” dedi. Mening bandalarim deyapti. Bu esa banda uchun ulkan, bemisl sharafdir. Bu Allohning rahmatidandir.

Alloh taolo “Ey Menga nisbatan isyon qilganlar”, “Ey gunohkorlar!”, “Ey fosiqlar!”, “Ey jinoyatchilar!”, “Ey osiylar!”, “Ey falon-falon ishlarni qilganlar!” demadi. Balki, “Ey o‘z jonlariga isrof (jabr) qilgan bandalarim” dedi. Bandalarining ayblarini berkitdi. Ularga mehribonlik, lutf bilan xitob qildi. Bu ham Allohning rahmatidandir.

Alloh taolo gunoh qilgan biz bandalariga “Endi hammasi tamom. Tavbalaringni qabul qilmayman. Abadiy azobga giriftor qilaman. Ortga yo‘l yo‘q. Senlarni kechirmayman” demadi. Balki, “Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang!” deb bizni O‘zining rahmatidan noumid bo‘lmaslikka chaqiryapti, shunga amr qilyapti. Bu ham Uning rahmatidandir.

Alloh taolo “Gunoh qilgan bandalar tavba qilib o‘tirmasinlar. Ularni kechirmayman” demadi, balki, “Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar” dedi. Bandalarining qalblarida umid uyg‘otyapti. Mag‘firat so‘rashga undayapti. Bu ham Allohning rahmatidandir.

Alloh taolo “Men gunoh sodir etgan mo‘min bandalarni kechirmayman. Ularni abadiy azobga giriftor etaman” demadi. Balki, “Albatta, uning o‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zotdir” dedi. Alloh taolo gunoh qilib, qilgan gunohiga astoydil tavba qilgan mo‘min bandasining gunohlarini kechiradi. “O‘ta mag‘firatli” degani ko‘p bandalarining ko‘plab gunohlarini kechiradi, deganidir. “O‘ta rahmli” degani banda tavba qilganidan keyin, uni aynan o‘sha gunohi uchun azoblamay, rahm qiladi, deganidir.

Ha, azizlar, Robbimiz Mehribon, Rahmli, G‘ofir, G‘ofur, G‘affordir. Gunoh qilib qo‘yganimizda, Uning rahmatidan umidimizni uzmay, darhol tavba-istig‘forga berilib, Uning o‘zidan bizni mag‘firat qilishini so‘raylik! Albatta, U bandalarining ko‘plab gunohlarini mag‘firat etuvchi va bandalariga rahmli zotdir.
Nozimjon HOShIMJON tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Eng umidbaxsh oyatni bilasizmi?