09:58 / 20.07.2018
5 252

Boshi “qo‘tir” rahbar

Boshi “qo‘tir” rahbar
Buvim rahmatli (dadamning onalari) sovet zamonlarida raykom, rayispolkom degan dargohlarda uzoq yillar rahbar lavozimlarida ishlaganlar. U davrlarda dahriylik avj pallasiga chiqqan bo‘lishiga qaramay, biz buvimning boshyalang yoki kalta ko‘ylaklarda ishga borganlarini yoki ro‘zani va namozni kanda qilganlarini eslolmaymiz (ibodatlarni yashirin ado etardilar). U kishining boshlarida hamisha tang‘ib bog‘langan ro‘mol, egnilarida keng va bo‘yinga qadar tugmalanadigan ko‘ylak bo‘lardi. “Qishin-yozin oyog‘im og‘riydi, shunaqa dardim bor” degan bahona bilan, oyoqlariga yo mahsi-kalish yoki qalin paypoq bilan botinkaga o‘xshagan tufli kiyib yurardilar (aslida oyoqlari og‘rimasdi).

Bir kuni raykomning allaqaysi yig‘ilishida obkomning faol ayollaridan biri buvimga:

-Nega siz doim boshingizga ro‘mol tang‘ib yurasiz? Partiya xodimiga, sovet rahbariga yarashadigan ishmi shu?! – deya astoydil zug‘m qilib qolibdi. Bu “global masala”ga boshqalarning ham e’tiborini tortish uchun “liboslardagi qoloqlik” mavzusida bahs boshlabdi. Buvim (o‘z ta’birlari bilan aytganda) “o‘sha quzg‘unlarga yem bo‘lmaslik uchun” yana bir yolg‘on ishlatibdilar: “Meni ma’zur tutinglar, boshimda qo‘tirim bor, shuning uchun ham boshyalang yurolmayman” debdilar. Bu gapni eshitgach, obkomdan kelgan faolning yuzlari jirkanishdan burishib ketibdi, zaldagilar bir muddat angrayib qolishibdi, keyin pichir-pichirlar boshlanibdi...

U vaqtlarda men maktab o‘quvchisi edim. Katta-yu kichik birdek “aya” deya murojaat qiladigan, zabardast, erkaklardek shahdli, o‘ktam, kelishgan, chiroyli buvimning o‘zlariga o‘zlari “boshi qo‘tir” degan tamg‘ani urishlari oson bo‘lmaganini o‘sha paytlarda unchalik tushunmaganman, lekin keyinroq yurakdan angladim.

Rahmatli buvim o‘sha vaqtlarda Moskvadagi oliy partiya maktabini muvaffaqiyatli tamomlagan sanoqli o‘zbek ayollaridan biri edilar. Rus adabiy tilida juda chiroyli gapirardilar, ijtimoiy bo‘ladimi, siyosiy bo‘ladimi, har qanday masalada manman degan siyosatchilar bilan bahslashib qolsalar, haq bo‘lib chiqishlarini ko‘rgan ayrim rahbarlar: “Agar kiyimingizni o‘nglasangiz, nomzodingizni yuqoriga tavsiya etamiz” deyisharkan. Lekin “qoloq” buvim kiyimlarini bir umr “o‘nglamadilar”! Boshlari ham “qo‘tir”ligicha qoldi!

Bolaligimni eslasam, ustiga “Kniga dlya chteniya”, “Russkiy yazыk” darsliklarining muqovasi qoplangan Haftiyak, Hadis kitoblardan bizga yashirincha saboq bergan; Ramazon kunlari ro‘zador ekanlarini yashirish uchun ish stolida (el ko‘ziga) bir choynak choy qo‘yib o‘tiradigan buvim haqidagi xotiralar jonlanadi. “Ro‘mollarini ko‘ksilariga to‘sib yursinlar” oyati nozil bo‘lishi bilanoq, o‘ragani ro‘mol topa olmay, darhol ust kiyimlaridan yirtib, ro‘mol qilib o‘rab olgan sahobiya ayollar haqida hikoya qilib berganlari yodimga tushadi.

Muslimalardek kiyinmaslik uchun “karera”, “ilm yoki ish”, “siyosat” va hokazolarni ro‘kach qiladigan ayollarni ko‘rganimda, o‘ttizga ham yetmay bevalikka duchor bo‘lib, ayni navqiron yoshida “boshimda qo‘tirim bor” deya yolg‘on bahona qilib, iloji boricha yopiq kiyinib o‘tgan, “yuqoriga ko‘tarilish”lardan ko‘ra peshonasiga tang‘ib bog‘langan ro‘molini afzal ko‘rgan, faol rahbar xotinlarning burun jiyirishlari va dashnomlariga parvo qilmay, dahriylar saltanatida o‘zligini saqlab o‘tgan buvim ko‘z o‘ngimda jonlanaveradilar...
Dilfuza KOMIL

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Boshi “qo‘tir” rahbar