18:43 / 20.07.2018
10 333

Uylanmoqchi bo‘lganlarga Ali Tantoviy nasihatlari...

Uylanmoqchi bo‘lganlarga Ali Tantoviy nasihatlari...
Shayx Ali Tantoviy o‘z turmushlari haqida shunday hikoya qiladilar:

Birorta ham uylangan kishining “Men baxtliman, xotirjamman”, deganini sira eshitmadim. Hatto hayotda baxtli, xotirjam kishilar ham bu gapni aytmaydilar. Sababi – inson noshukrdir. Unga berilgan ne’matlarni faqatgina yo‘qotganda qadrini tuyadi. Shuningdek, inson zoti tamagir hamdir. Qachon unga bir ne’mat berilsa, undan ortig‘ini tama qila boshlaydi, qanoat qilmaydi, ne’mat lazzatini bilmaydi. Shuning uchun ham erkaklar doimo ayollaridan shikoyat qiladilar. Erkak kishi ayoli vafot etib, o‘rtalaridagi rishtalar, orzular uzilgandagina uning qadriga yetadi, yaxshiliklarini eslaydi, fazilatlarini biladi.

Men esa, Allohning ne’matlarini so‘zlagan, Uning fazlini iqror qilgan holda shunday deyman:

Men turmushimdan baxtliman, ko‘nglim xotirjam. Men bunday baxtga erishishimga ko‘pgina ishlar sababchi bo‘lib, uylanmoqchi bo‘lgan, turmushida baxt istagan har qanday kishi uni qila olishi mumkin. Marhamat, bu ishlarni tajriba qilib ko‘rmaganlar, mening tajribalarimdan foydalansinlar, bu yo‘ldan hali yurmaganlar, yurgan insondan yo‘l qanday ekanini eshitishsin:

1. Men o‘zim tanimaydigan kishilar xonadoniga sovchi qo‘ymadim, o‘zim bilan aloqasi bo‘lmagan kishilardan qiz olmadim... Aks holda ular haqida keyinchalik eshitgan ma’lumotlarimga zid holatni ko‘rishim, tashqi dunyolari go‘zal bo‘lsa-da, ichki olamlari yomon ekanini bilishim mumkin. Balki men o‘zim tanigan, ular ham meni tanigan, ularning xonadoni hayot qanday ekanini bilgan, ular ham mening uyimda turmush qanday ekanini bilgan qarindoshimga uylandim. Bu xonadon rahbari haqida odamlar “U kishi aqlli, qatnashgan yig‘inining ziynati, quvonchi” deya guvohlik berishdi. Onasi esa, buyuk muhaddis, barcha e’tirof etgan Shom diyorining olimi Badruddin Husayniy rahmatullohi alayhning qizi edi. Ayolim ota tomondan ham, ona tomondan ham nasli toza, ikki tomondan ham nasabi bir-biri bilan tutashadi.

2. Men oilamiz qatori oilani tanladim. Qizning otasi otam bilan mahkamada ishlardi. U ham qozi, men ham qozi. Ularning yashash tarzi bizning yashash tarzimizga yaqin. Mana shu narsa oilaviy baxt qasrining ishonchli ustunidir. Shu boisdan ham islom shariatining faylasuflari hisoblanmish hanafiy faqihlar ikki tomonning teng bo‘lishi kerakligini shart qilishgan.

3. Men oddiy ta’lim ko‘rgan, o‘qish, yozishnigina biladigan, biroq omi, bilimsiz ayollardan farqlanib turadigan qizga uylandim. Mana hozirga kelib, oradan 13 yil o‘tib, men bilan hamsuhbat bo‘lganidan ancha-muncha narsaga aqli yetadigan bo‘lib qolgan. Kitoblarda, jurnallarda o‘qigan narsasini mazasini tatiy oladi. Bu darajaga talaba qizlar yetmaydilar. Men ularni yaxshi bilganim uchun aytmoqdaman. Bundan 2 yil oldin qizlar madrasalarida oliygohning bo‘lg‘usi talaba qizlariga dars berdim. Garchi ular hali rafiqam nomini ham eshitmagan ko‘plab ilmiy masalalarni yodlab olgan bo‘lsalar-da, ular orasida rafiqamchalik tushunchalirog‘ini ko‘rmadim. Men yigitlarni talaba qizlardan bezdirmoqchi emasman. Lekin ming afsus bilan shuni aytamanki, bu rasvo ta’lim uslubi, holati aksar holatlarda qizlarning axloqi va fe’l-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Qizlardan ko‘plab talant va qobiliyatlarni tortib olib, evaziga ularning hayotida na manfaat beradigan, na erlariga va na onalariga foyda keltiradigan arzimas bilimlarnigina beradi.

4. Men go‘zallikni talab qilmadim. Go‘zallikni faqatgina matematiklar aytgani kabi qo‘shimcha shart qilib oldim xolos. Chunki go‘zallik yo‘q bo‘luvchi soya bo‘lib, go‘zal ayolning go‘zalligi ketmasa-da, lekin sening unga nisbatan hislaring, ahamiyating ketadi. Shuning uchun ham ba’zi erkaklarning go‘zal ayollari bilan ajrashib, uncha go‘zal bo‘lmagan ayollar ortidan ketganini ko‘ramiz. Mana shu bois Iblis shariatida kibor fosiqlardan hisoblangan Farazdaqning qoidasi to‘g‘ri hisoblanadi. U mashhur qissasida rafiqasi Navorga qarata “Harom bunchalar totligu, haloling bunchalar yoqimsiz bo‘lmasa” degan edi.

5. Mana necha yil bo‘lsa ham hozirga qadar ayolimning oilasi bilan muomalada chegaradan chiqmadim. Oramizda rasmiy munosabat, ikki tomondan ham hurmat-ehtirom bor, vaqti-vaqti bilan ko‘rishib turamiz. Oilasidan biror kishi uyimizga kelsa, biz ham barcha er-xotin kabi ba’zida xursand bo‘lamiz, ba’zida xafalashib qolamiz. Biroq shu kungacha uning oilasidagi biror kishi bizning xursand bo‘lganimizda ham, g‘azablanganimizda ham o‘rtamizga tushmadi. Men qozilik ishimda hozirgi kunga qadar yigirma mingdan ortiq oilaviy nizolarni ko‘rib chiqdim. Bu men uchun katta tajriba bo‘ldi. Shuni ta’kidlab aytishim mumkinki, agarda tortishib qolgan ikki yoshni o‘zlariga qo‘yib berib, oraga hech kim tushmasa, bu kabi nizolarda yoshlarning to‘rtdan uch qismi o‘zlari yarashib oladilar.

6. Biz turmushimizning ilk kunlarini asal oyiga aylantirib olmadik. Odatda kelin-kuyovlar ilk turmush pallalarini asal oyi qilib, so‘ng achchiq zahar-zaqqumni totib yuradilar. Men esa turmushimning ilk kunidayoq o‘zimdagi yomonlikni ko‘rsataverdim. U ko‘rib majbur bo‘lsa-da, qabul qildi, qanoat bilan sabr qildi. So‘ng ortidan yaxshi xulqimni ham ko‘rsatdim. Shunday qilib kunlar o‘tavergan sari baxtimiz ham ziyoda bo‘lib boraverdi.

7. Ayolim sep olib kelmadi, shunday shart qo‘ygandim. Zero, oilaviy nizolarning boshlanishiga sarpo-suruqning ta’siri nihoyatda katta. Erkak ayoli olib kelgan narsasini ishlatib, o‘ziniki qilib olishi yoki undan qo‘rqqan ayolning qalbi erib ketishi yoxud er uni o‘g‘irlab, yashirib qo‘yishi yoki bo‘lmasa ayol da’vo sifatida u narsani olib qo‘yishi, er esa bundan darg‘azab bo‘lish mumkin.

8. Uni o‘z xoliga qo‘ydim: Hovlini tozalash, bolalarni tarbiyalash kabi ishlariga aralashavermadim. Shuningdek, u ham meni o‘z xolimga qo‘ydi, tergayvermadi. Ko‘pincha, oilada nizo ayol erning sallasini kiyib, turadigan joyini o‘zgartirib qo‘yishi yoki er ayolning kamzulini kiyishi va ayol eri bilan hovlini qanday supurish, baqlajonni qanday to‘g‘rash va kiyimni qanaqa bichish haqida maslahat so‘rashidan kelib chiqadi.

9. Hech narsani ayolimdan yashirmadim, u ham hech nimani sir tutmadi. Unga yolg‘on gapirmadim, u ham aldamadi. Moliyaviy holatimni ham ochiq aytaverdim. Boradigan joyimga uni ham olib bordim yoki qayerga ketishimdan xabardor qilib qo‘ydim. U ham barcha boradigan joyini aytdi. Farzandlarimiz ham rostgo‘ylikka, ochiqlikka, yolg‘onni yomon ko‘rishga va undan nafratlanishga odatlanishdi.

Qasamki, undagi bor ixlos, aql, tejamkorlikdan ortig‘ini talab qilmadim. Ayolim o‘zi uchun emas, uy uchun, er uchun, farzandlar uchun yashaydigan, biz ovqatlanishimiz uchun och qoladigan, uxlashimiz uchun bedor bo‘ladigan, dam olishimiz uchun charchaydigan, biz uchun o‘zini qurbon qiladigan, eng birinchi uyg‘onib, eng oxiri uxlaydigan, tozalab, tikib, harakat qilib tinim bilmaydigan, g‘ami meni baxtli qilishdan iborat bo‘lgan bir sharq ayolidir.

Agar biror narsa yozadigan bo‘lsam yoki uxlasam, farzandlarimizni tinchlantiradi, hovlini sukunatga aylantiradi va ko‘nglimni xira qiladigan, bezovta qiladigan narsalarni uzoq qiladi.

Men yaxshi ko‘rgan kishilarni suyadi, men yomon ko‘rganlardan nafratlanadi. Ayollarning xohishi odamlarni rozi qilish bo‘ladigan bo‘lsa, ayolimning xohishi esa meni rozi qilishdir. Ayollarning orzulari taqinchoq, kiyim-kechak bo‘lsa, ayolimning orzusi ijara uylardan behojat qiladigan o‘zimizning shaxsiy uyimizga ega bo‘lishimizdir.

Oila a’zolarimni yaxshi ko‘radi, ularga yaxshilik qilishni to‘xtatmaydi. Agar men ularga yaxshilik qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘ysam, undab turadi, unutsam eslatadi. Hatto bir kun bo‘lsa-da, boshqa odamlarning uyidagi singari u bilan singlim o‘rtasida tushunmovchilik bo‘lishini, men esa uni ko‘rib zavqlanishimni istayman. Biroq ikkovlaridan ham faqatgina bir-birlariga muhabbat, hurmat, vafoni ko‘raman!

U sharq ayoli uchun mukammal namunadir. U o‘z dunyosida eri va uyidan boshqasini tanimaydigan ayoldir. U kabilardan ba’zi yosh yigitlar yuz o‘girib, Yevropa yoki Amerikaga ilm olish uchun ketadilar. So‘ng qo‘llarida bir parcha qog‘oz bilan, qo‘ltiqlarida bir ayolni yetaklab keladilar. Ayolni olib, yer yuzidagi okeanlarning yarmini yoki uchdan bir yoki to‘rtdan birini kezib chiqadilar. So‘ng u ayolda na go‘zallik, na sharaf va na ixlos qoladi. Hatto sharq ayoliga xizmatchi bo‘lishga ham yaroqsiz bo‘ladi. Holat bunday bo‘lib ketishining asosiy sababi – odamlardagi didning buzilib ketgani, aqllar yo‘qolgani, kaltafahmlik va zaiflarning kuchlilarga taqlid qilishidir.

Sizlardan biringiz ehtimol “Agar amerikalik qizga yoki kinoteatrda, mehmonxonada ishlaydigan ayolga uylansam, Trumanga qarindosh bo‘laman, osmono‘par imoratlarga ega bo‘laman”, deb o‘ylashi mumkin. So‘ng ko‘radiki, ayoli u uchun atom bombasiga aylanadi. O‘zi esa, ismini “Ozodlik haykali”ga yozdirib qo‘yadi!

Ayollarimiz, yer yuzidagi eng yaxshi ayollardir. Eriga vafoli, farzandiga mehribon, sharafli, pokiza bekadir. Ayollarimizning aksari har qanday foydali nasihat va ko‘rsatmaga itoatkordir.

Men ayolimning ba’zi fazilatlarini zikr qilishimning boisi, shunchaki o‘zimdan kelib chiqqan holda, arab ayoliga (shomlik muslima ayollarni nazarda tutmoqdaman) uylangan erkak qanday baxtli bo‘lishini misol tariqasida keltirdim, xolos. Shoyad ushbu satrlarni o‘qib turgan bo‘ydoq yigitlarga Alloh uylanishga azm qilishlarini nasib etsa.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Uylanmoqchi bo‘lganlarga Ali Tantoviy nasihatlari...