08:30 / 18.08.2018
10 814

Rost gapiraylik!

Rost gapiraylik!
Islom dinida maqtaladigan, targ‘ib etiladigan fazilatlardan biri rostgo‘ylikdir. Qur’oni karimda va hadisi sharifda rostgo‘ylik madh etilgan va uning ziddi bo‘lgan yolg‘onchilik qattiq qoralangan.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deb marhamat qilgan:

“Ey iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar” (“Tavba” surasi, 119-oyat).

Alloh taolo bu oyatda bandalariga rostgo‘ylar, samimiy insonlar bilan birga bo‘lishni, ularning yonida yurishni buyurmoqda. Insonning rostgo‘y yoki yolg‘onchi bo‘lishi, avvalo, uning taqvosiga, Alloh taolodan qo‘rqish darajasiga, qolaversa, u yashayotgan muhitga ham bog‘liq bo‘ladi. Rostgo‘ylar orasida yashash, ular bilan birga yurish, suhbatdosh bo‘lish kishining yolg‘ondan uzoqlashib, rostgo‘ylikni o‘zlashtirishiga katta yordam beradi.

Alloh taolo Qur’onda yolg‘onni va yolg‘onchilarni yomonlagan.

“Va Alloh guvohli berurki, albatta, munofiqlar yolg‘onchidirlar” (“Munofiqun” surasi, 1-oyat).

Bu oyatda Alloh taolo munofiqlar yolg‘onchi bo‘lishlarini bayon qilyapti. Demak, yolg‘onchilik munofiqlarning sifati ekan.

Hadisi shariflarda ham yolg‘onchilik qattiq qoralangan va munofiqning sifati ekani bayon qilingan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Munofiqning belgisi uchtadir: gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’da bersa, xilof qiladi, (unga) omonat topshirilsa, omonatga xiyonat qiladi” (Muttafaqun alayh).

Ushbu hadisni sharh qilgan ulamolarimiz aytadilarki, kimda ushbu sifatlarning uchchovi ham bo‘lsa, u haqiqiy munofiqning sifatlari unda jamlangandir. Kimda bu sifatlardan biri bo‘lsa, unda munofiqlikning bitta alomati bor bo‘ladi. Munofiqlarga beriladigan jazo haqida Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Albatta, munofiqlar do‘zaxning eng ostki qavatidadirlar va hargiz ularga yordamchini topa olmassan” (“Niso” surasi, 145-oyat).

Alloh taolo yolg‘onni kimlar to‘qishi haqida bayon qilib: “Yolg‘onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qirlar. Ana o‘shalar o‘zlari yolg‘onchilardir”, degan (“Nahl” surasi, 105-oyat).

Bu oyatda yolg‘on gapiruvchilar haqida yanada og‘irroq gap aytilyapti. Bu oyati karimada uqtirilishicha, aslida yolg‘onni faqat iymonsiz kofirlargina to‘qiydilar. Chunki kofirlarda savob, gunoh degan tushuncha yo‘q. Yolg‘on gapirsa, gunoh bo‘lishiga, u dunyoda azoblanishiga ishonch bo‘lmagani uchun ham o‘ylamasdan yolg‘on to‘qiyveradilar. Mo‘minlar esa, yolg‘onni katta gunoh, deb biladilar. Yolg‘on gapirish tufayli oxiratda azobga duchor bo‘lishlaridan qo‘rqadilar.

Afsuski, hozirgi paytda yolg‘on gapirish juda keng avj oldi. Ko‘pchilik o‘ylamay-netmay yolg‘on gapiradigan bo‘lib ketdi. Odamlarni aldash ishiga beparvolarcha qaraydigan bo‘lib qolindi.

Farzandlarimiz bizni aldasa, “Nega bolam yolg‘on gapiryapti?” deya hayron bo‘lyapmiz. Ammo ularga yolg‘onni o‘zimiz o‘rgatganimiz esimizga kelmaydi. Darvozamiga birov bizni so‘rab kelsa, “Dadam uyda yo‘qlar” degin” deya bolamizni chiqaramiz. Bunday vazifalarni olib tarbiya topgan bola ertaga yolg‘on gapirsa, aybni kimdan qidirish kerak?

“Murosa uchun” deb hamma bir-biriga yolg‘ona gapiryapti. Ulamolarning ta’birlari bilan aytganda, hozir odamlar yolg‘on gap topilmay qolgandagina rost gapiradigan bo‘lib qolishdi.

Ota-ona farzandlarini aldasa, farzandlar ota-onani aldasa, aka ukasini, uka akasini, opa-singillar bir-birini aldasa, oxiri nima bo‘ladi?!

Yolg‘on keng tarqalgan jamiyatda baraka bo‘lmaydi. Yolg‘on keng tarqalgan jamiyatda odamlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Yolg‘on keng tarqalgan, munofiqlik sifatini tap tormay qiladigan kishilar ko‘p yashaydigan oilada, mahallada, tumanda, yurtda baraka bo‘larmidi?!

Ertalabdan kechgacha mehnat qilyapmiz. Yurtimga, oilamga foydam tegsin deyapmiz. Ammo tilimizdan yolg‘on tushmayapti. Shuncha qilgan mehnatimizning natijasi, samarasi, barakasi nima bo‘ladi?!

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar banda yolg‘on gapirsa, uning sassiq amalidan farishta undan bir chaqirim nariga uzoqlashadi”, dedilar” (Termiziy rivoyat qilgan).

Hadisda yolg‘onning sassiq hidi borligi, yolg‘on gapirgan odamning yonidan farishtalar qochib ketishi aytilmoqda. Demak, yolg‘onchining farishtasi bo‘lmas ekan. Shuning uchun ham yolg‘ondan butunlay saqlanishimiz kerak.

Birov bilan ko‘rishishga kelishgan bo‘lsak, boradigan joyimizga kech qolsak, bizni kutayotgan odam qo‘ng‘iroq qilib, “Qayerdasiz? Qanchada kelasiz?” desa, yarim soatlik masofa uzoqlikda bo‘lsak ham “Falon joydaman, besh daqiqada boraman” deb, turgan joyimizni ham, boradigan vaqtimizni ham noto‘g‘ri qilib aytamiz.

Odamlardan qo‘rqib yoki obro‘yimiz tushib qolishidan xavfsirab yolg‘on gapiramiz. Ammo Alloh taolo bizni ko‘rib-bilib turganini, oxiratda har bir gapimiz uchun javob berishimizni o‘ylamaymiz.

Azizlar, Allohdan qo‘rqaylik va yolg‘on gapirmaylik!

Topadigan pullarimizdan, rizqimizdan, oilamiz, mahallamiz, jamiyatimizdan baraka ketishiga olib boradigan yolg‘onni butunlay tark etaylik!

Xalqimizda “Boshingga qilich kelsa ham, rost so‘zla!” degan maqol bor. Bu gap bejizshga aytilmagan.

Hadisi shariflarda banda rost gapirib yursa, oxiri Allohning huzurida “siddiq” deb yozilishi, agar yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” deb yozilishi ta’kidlangan.

Shuning uchun yolg‘ondan hazar qilaylik! Tillarimizni va farzandlarimizning tillarini rostgo‘ylikka o‘rgataylik!

Alloh taolo barchamizni siddiqlardan qilsin va jamiyatimizni yolg‘ondan, yolg‘onchilikdan poklasin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi.

Manba: Muslim.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Rost gapiraylik!