23:35 / 18.08.2018
10 236

“Yoshlik eleksiri”

“Yoshlik eleksiri”
Qadimda xalq tabobatida organizm bahor va kuz faslida qon oldirish (maxsus ishlov berilgan hayvon shoxlari yordamida), xijama qildirish, zuluk qo‘yish, shuningdek, turli shifobaxsh giyohlar aralashtirilgan meva-sabzavotlar sharbatini ichib, ochlik bilan davolash va surgi ichish kabi usullarda xiltlardan tozalangan.

Yil davomida kunda uch mahal ovqatlanish sababli odamning barcha a’zolari tinimsiz ishlaydi. Hatto, temirdan yasalgan turli buyumlarni ham betinim ishlatsangiz, ular ham bir kun kelib buziladi, ta’mirtalab bo‘lib qoladi. Ishchi-xodimlar ham yilda bir marta sog‘lig‘ini tiklash uchun mehnat ta’tiliga chiqadi. Shunday ekan inson organizmi ham vaqti-vaqti bilan parhezli kunlar, surgi va ochlik bilan davolashga muhtojdir.

Odamning to‘rt muchasi sog‘lom bo‘lsagina unga olam shodliklari tatiydi. O‘zi ham shijoatga to‘lib, mehnat qiladi. Ko‘ngli xotirjam, uyqusida halovat bo‘ladi. Oilada kimdir bemor bo‘lsa, barchaning tinchi buziladi. Shu sababli birov-birovdan hol-ahvol so‘raganda eng avvalo, uning va bola-chaqasining sog‘lig‘i, oilasining tinch-xotirjamligi haqida so‘raydi. Hozirgacha birorta odam o‘zgadan sizda qancha tilla-kumushingiz bor, deb so‘ramaydi. Zero, og‘ir va tuzalmaydigan dardga chalingan xasta kishi dunyoning bor duru javohirlarini sotib bo‘lsa ham sog‘lig‘ini, tiriklikni sotib olishni orzulaydi. Ammo, buning hech iloji yo‘q. Shunday ekan azizlar, Xudo bergan tansiq ne’mat – o‘z sog‘lig‘ingizni va yaqinlaringizning hamda atrofingizdagi insonlarning ham salomatligini asrang.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra organizmdagi eng ko‘p xiltlar yillar davomida ichaklarda to‘planib qolar ekan. Ayniqsa, ular ichak vorsinkalari (ushbu a’zo devorining shilliq qavati yuzasida joylashgan maxsus so‘rg‘ichlar) orasiga tiqilib, ba’zan yupqa axlat pleyonkalari yoki najas toshlarini hosil qiladi. Natijada bemorda qabziyat paydo bo‘ladi. Ba’zan 2-3 kunlab, hatto, ayrim bemorlarning undan ham ko‘proq muddat davomida ichi kelmayotganligi haqidagi shikoyatlarini eshitib qolamiz. Aslida bu juda yomon holat. Zero, organizmdagi barcha zararli xiltlar peshob va najas, shuningdek, ter orqali tanadan chiqib ketadi. Sog‘lom odamning ichi har kuni yurishib, ichaklar peristaltikasi (harakati) ravon ishlashi zarur. Ich qotishi organizmni muttasil zaharlaydi.

Qabziyatdan aziyat chekayotganlar asosan quyuq ovqatlarni xush ko‘rib yeydiganlar hamda bir joyda uzoq o‘tirib ishlaydigan insonlar hisoblanadi. Ichaklar peristaltikasi buzilsa, ular bo‘shashib, sekin harakat qiladi. Ularning faoliyatini izga solish uchun odam eng avvalo, to‘g‘ri ovqatlanishi kerak. Yevropa ayniqsa, rus oshxonasi taomnomasida birinchi va ikkinchi taomlar mavjud. Bu ham inson organizmi uchun foydali jihatdir. Dunyoda eng kaloriyasi yuqori ovqatlar o‘zbek oshxonasida bor, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Yapon, Xitoy, Koreya oshxonalaridagi taomlar asosan turli ziravorlar hamda soya, sirka bilan ishlov berilib, xom holicha va ko‘proq salat, ko‘katlar bilan iste’mol qilinadi. Shu sababli ham Chin davlati aholisi hazillashib “Osmonda uchayotgan samolyotni, suvdagi kemani, yerda yurayotgan tankdan boshqa hamma qimirlayotgan narsalarni yesa bo‘ladi” deyishadi.

Yana asosiy mavzuga qaytsak. Organizmdagi eng katta xilt manbai bu ichaklar ekanligini yuqorida aytdik. Uzoq vaqt ich qotishi sababli bemorda gemarroy (bavosil) xastaligi rivojlanadi. Yana xastada orqa chiqaruv teshigi yoriqlari paydo bo‘ladi. Endi ularni qanday bartaraf etish mumkin, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Dastlab ichaklarni yengil surgi bilan tozalash uchun dardmand odam uch kun davomida go‘shtsiz, yengil hazm bo‘ladigan suyuq va sabzavot hamda yorma donlar (suli, tariq, grechixa)dan tayyorlangan taomlarni tanovul etadi. Shuningdek, meva-sabzavotlar va ularning sharbatlari, gazsiz mineral suv, ko‘k choy, arpabodiyon damlamasini ichish, suyuq ovqatlar, salatlar, ko‘katlar, sut-qatiq mahsulotlari, chala pishgan tuxum ham foydalidir. Chunki suyuqlik qattiq najasni yumshatib, uning ichaklardan yengil surilishiga yordam beradi.

Uch kundan so‘ng bemor och qoringa shirin qatiq yoki tvorog zardobini iliq holda ichishi kerak. Oradan 1,5-2 soat vaqt o‘tgach ushbu yengil surgi vositasi ichni suradi. Qabziyatdan aziyat chekadigan bemorlar haftada bir marta shunday ichaklarini tozalashlari mumkin. Qora kepakli non yoki kunda uch mahal ikki osh qoshiq kepakni qatiq yoki qora olxo‘ri sharbatiga aralashtirib iste’mol qilish ich qotishini bartaraf etadi. Yoki uning qoqisidan foydalansa ham bo‘ladi.

Nahorda och qoringa gazsiz mineral suv ichish ham ichaklar peristal’tikasi uchun foydali. Turli shifobaxsh huqna (klizma)lar esa shifokor tavsiyasi bilan amalga oshiriladi. Dorivor makkai sano giyohi (dorixonalarda sotiladi) ham qabziyatda dorivor ta’sirga ega. Ichi qotadigan bemorning qoni quyuq va toksin (zahar)larga to‘yingan bo‘ladi. Tut pishig‘ida uni tanovul etish yoki hozirda tut mayiz, turshakni yeyish yoki uning sharbatini ichish dardmandga davo hisoblanadi. Qovoqcha (kabachka) nafaqat peshob haydovchi sabzavot, balki ich qotishining oldini oladi. Uni dimlab, yengil qovurib va bug‘da pishirib tanovul etish yoki konservalangan holda qishga g‘amlab, olib qo‘yish mumkin. Uning barglari ham shifobaxsh ta’sirga ega.
Gulchehra SHIRINOVA

Manba: soglom.uz




Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Yoshlik eleksiri”