00:23 / 19.08.2018
5 761

“Xotiningdan qo‘rqasanmi?”

“Xotiningdan qo‘rqasanmi?”
“Qo‘sha qarib, uvali-juvali bo‘linglar!” Bu kalom, bu bir og‘iz so‘z yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar tilidan va dilidan duo bo‘lib chiqadi. Zamonaviy tabriklarga o‘rgangan ba’zi yoshlar uchun bu so‘zlar, balki erish tuyular. Ammo, yillar o‘tgach, ular hayotning pastu balandini ko‘rish asnosida aynan shu so‘zlarning mag‘zini chaqishadi. Ha, qo‘sha qarib, uvali-juvali bo‘lish – eng katta baxt!

Hayot qiziq. Sevib-sevilib bir yostiqqa bosh qo‘ygan kelin-kuyovlarning ba’zilari negadir to‘y o‘tgach, bir-birlarini hozir ko‘rayotgandek, tushunolmaydilar. San-manga borishadi. Darvoqe, “San-man…” Nega “BIZ” degan bir og‘iz so‘zni aytish shunchalar qiyin bo‘lsa?! “San-man” deyildimi, oila darz keta boshlaydi. Demak, ota-onang, aka-ukang, opa-singling, xullas, qarindoshlaring seniki… Axir, to‘ydan so‘ng kuyovning ota-onasi kelinning ham ota-onasidek bo‘lmaydimi yoki aka-uka, opa-singillar-chi?! Yoki aksincha, kuyov kelinning ota-onasini o‘z ota-onasidek ko‘rsa, hurmatini joyiga qo‘ysa, xizmatiga “labbay!” deb tursa, buning nimasi yomon?

“Xotiningdan qo‘rqasanmi?” Bu bir og‘iz so‘z yigitning oriyatini qo‘zg‘aydi.

“Eringni hozirdan qo‘lga olmasang, ertaga kech bo‘ladi!” Bu bir og‘iz so‘z esa yosh kelinchakka saboq bo‘lsa, tamom, vassalom! Axir o‘zgalarning noo‘rin fikrlariga quloq solishning oqibati hech qachon yaxshilikka olib bormasligi katta yoshdagilarga ma’lum-ku!

Keyingi paytlarda internet saytlarida va matbuotda oilaviy ajralishlar, eng achinarlisi, o‘z joniga qasd qilganlar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qiyapmiz. Beixtiyor yoqa ushlaysiz?! Nega, nega, nega…? Beadoq savollar girdobida qolasiz.

Maktabni bitirganiga o‘n besh yil bo‘lgan ayol sinfdoshlari bilan “o‘n besh yillik”ni nishonlashga chog‘lanadi. Ammo, o‘zi xohlagan libosni ololmaganidan ko‘ngliga qil ham sig‘maydi. Zahrini bir amallab oila tebratayotgan eriga sochadi. U ham nima qilsin. “Qo‘li kaltaligi”dan iymanadi, eziladi. Hali birorta yaxshiroq ishning etagidan tutsa, qo‘li pul ko‘rishini, ro‘zg‘ori but bo‘lishini istaydi. Nailoj! U “Borini kiyib boravermaysanmi? Sen aytadigan kiyim uchun falon pul kerak. Uncha pulni hozir kimdan ham olaman” deyishga majbur bo‘ladi. Ayolning og‘zidan:

“Yuribsan-da, erkakman deb” degan so‘z nayzadek otilib, erning yuragiga qadaladi. Er o‘zini bosa olmaydi, nima deyayotganini, nima qilayotganini bilmaydi… Ayolning o‘z joniga qasd qilganini anglagach, ko‘zi moshdek ochiladi. NЕGA?!

Jahl ustida ayol dunyodan ko‘z yumdi. Lekin, dunyo kengayib yoki torayib qolmadi. Erkak sindi, yolg‘iz qoldi. Odamlar ko‘ziga “qotil” bo‘lib ko‘rindi. Bolalar-chi? Biri-biridan xushro‘y, shiringina farzandlar ona mehridan judo bo‘ldi. Endi ularning erkaliklarini kim ko‘taradi?! Kechagina bolalarining baxti uchun ularni kamsitgan kishilar bilan jiqqamusht bo‘lgan onaning o‘zi endi qorako‘zlarni bebaxt qildi. Oila parokanda bo‘ldi.

Agar, qimmatbaho bo‘lmasa ham oddiy matodan ko‘ylak tiktirsa edi, uni dugonalari tushunishardi. Axir, sinfdoshlar endi yosh bola emas-ku! Yoki er xotiniga “Mayli, ayb menda. Hali ko‘rasan, puldor ham bo‘lamiz. Nasib bo‘lsa, keyingi sinfdoshlar o‘tirishida o‘zim senga xohlagan kiyimingni olib beraman. Dugonalaringning og‘zi ochilib qoladi” deya ishontirganida, balki bu fojia ro‘y bermasmidi?! Sabr-toqatli inson ezgu niyatiga yetishi haqida ko‘p eshitganmiz. Faqat, bu so‘zga amal qilishimiz qoldi, xolos.

Pul topish maqsadida chet elga ketish, u yerlarda mehnat qilib, o‘zidan orttirgan pullarni uyiga, ro‘zg‘origa tashiydigan yigitlarga ham oson emas. Ba’zi ayollar yuborgan pullarni, go‘yo eri mo‘may daromad topayotgadek, ishlatadi. Uyni yangilash, imoratni ko‘z-ko‘zlash, o‘g‘liga so‘nggi rusumdagi mashina olib berish… Uzoq muddatli safardan qaytgan erkak o‘zi yuborgan pullarning sarf-xarajati bilan qiziqishi, tabiiy. Shu kezda bir-birin tushunsa-ku, nur ustiga a’lo nur. Tushunmasachi?!

Yoki xotin eriga “O‘sha yerlarda birortani topgandirsan!” desa, er ham o‘zining shubhasini aytadi: “Mendan seni sovutgan o‘sha xushtoringni aytasan…” Ana sizga, yo‘q joydan mojaro! Bir og‘iz noo‘rin so‘z yurakni parchaladi. Qaysi biri irodasiz bo‘lsa, o‘ylovi bo‘lmasa, fojia ro‘y berdi, deyavering. Rashk o‘tida qovurilgan er yoki ayol bu dunyodan to‘yadi. Endi unga yashashning qizig‘i yo‘q! Bu yorug‘ olam ko‘ziga qorong‘u ko‘rinadi. Zulmatdan qutulish choralarini izlaydi. Erkini jilovlay olmagan, irodasiz, fikrsiz kimsaga shayton yordamga keladi.

O‘z joniga qasd qilish “qahramonlik” emas-ku! Bu dinimizda ham qoralangan.

Bu voqeaga uzoq yillar bo‘ldi. Yuqori sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. Buni eshitgan 60 yoshlardagi kishi “Axmoq ekan!” deb yubordi. Hayron qoldim. Bir inson dunyodan ko‘z yumsa-yu… Yillar o‘tib, hayotni kuzatib, “Axmoq ekan” degan so‘zni anglab yetdim. Haqiqatan ham, aqlli odam o‘sha mudhish holga tushmasligini angladim. O‘z joniga qasd qilgan kimsa, avvalo, o‘zining yaqinlari, qolaversa, el-yurt uchun har jihatdan zarar keltirishi ayon-ku!

Er-xotin bir-birini tushunib, bir-biridan mehrini ayamasa, ro‘zg‘or muammolarini bahamjihatlikda bartaraf etsa, shirindan-shakar farzandlarni ma’nan va jismonan sog‘lom qilib tarbiyalasa, ularni o‘qitib, hunarli qilib, el-yurt koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazsa, nabiralar shodligidan quvonsa, hamma bir-biridan faqat xushxabarlar eshitsa, bunga ne yetsin!

– Men Sizga baxt tilayman!

– Men ham…

Qarang bir og‘iz so‘z. Shirin kalomlarni aytib va eshitib yashash har birimizga nasib etsin, azizlar!
Abdulla AYIZOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Manba: soglom.uz




Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Xotiningdan qo‘rqasanmi?”