18:45 / 19.08.2018
10 067

Insonning yaralishi

Insonning yaralishi
“Batahqiq, insonni loy sulolasidan yaratdik”.

Ushbu oyatda inson yaratilishining boshlang‘ich bosqichi haqida so‘z ketmoqda. “Sulola” so‘zi bir narsadan asta-sekin muloyimlik bilan sug‘urib olingan narsani anglatadi. Demak, inson Alloh taolo tomonidan loydan sug‘urib olingandir. Insonning boshlanish nuqtasi loyga borib taqaladi.

“So‘ngra uni mustahkam qarorgohda nutfa qildik”.

Ya’ni “Inson jinsining boshlanishini loy sulolasidan qilganimizdan keyin, ota sulbidan nutfa holida chiqib, mustahkam qarorgohga, ya’ni onaning rahmiga – bachadonga o‘rnashadigan qildik”.

“So‘ngra nutfadan alaqa yaratdik, alaqadan chaynalgan go‘sht yaratdik, chaynalgan parcha go‘shtdan suyak yaratdik, bas, suyakka go‘sht qopladik, so‘ngra uni boshqa bir jonzot etib paydo qildik. Bas, yaratuvchilarning eng yaxshisi Alloh barakotli, ulug‘ bo‘ldi”.

Erkak kishining sulbidan ayolning bachadoniga tushgan nutfaning bir bosqichdan ikkinchisiga o‘tishining Qur’ondagi vasfi eng to‘g‘ri, eng aniq vasf ekanini ushbu oyatlar nozil bo‘lganidan keyin, o‘n to‘rt asr o‘tib, homila ilmi bo‘yicha dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan g‘ayrimusulmon ulamolar tasdiq qildilar.

“So‘ngra nutfadan alaqa yaratdik...”

“Mustahkam qarorgoh bo‘lmish bachadonda unga erkakning sulbidan tushgan nutfadan alaqa yaratdik”. Ya’ni erkakdan tushgan urug‘lik ayoldagi tuxum bilan urchigandan so‘ng, alaqaga (zulukka) aylanadigan qildik. Eski tafsirlarimizda “alaqa”ni “laxta qon” deb atashgan. Lekin arab tili qomuslarining birortasida “alaqa – laxta qon”, deyilmagan. “Alaqa” hammaga ma’lum va mashhur zuluk nomli qon so‘radigan hayvondir. Qadimgi tafsirchilarimiz nutfa urchib, homila paydo bo‘lgan birinchi bosqichida laxta qon moddasiga o‘xshash bo‘lgani uchun “alaqa”ni “laxta qon” deb tushuntirganlar. Hamma shuni aytib, yozib va tushunib yuravergan. Zamon o‘tib, ilm rivojlanib, turli asboblar vositasida nutfaning bachadondagi holini, alaqaga aylangan holini ko‘rish imkonlari ochilgandan so‘ng, Qur’oni Karimning yana bir mo‘jizasi oshkor bo‘ldi. O‘sha alaqa deb nomlangan laxta qon zuluk shaklida bachadon devorida yopishib, undan ozuqa so‘rib turar ekan. Bu haqiqatni anglab yetgan homila ilmi olimlari Qur’oni Karimning ilohiy Kitob ekanida shubha yo‘qligiga tan berdilar.

“...alaqadan chaynalgan go‘sht yaratdik...”

Nutfadan alaqaga aylangan zulukka o‘xshash laxta qonni chaynalgan go‘shtga o‘xshash narsaga aylantirdik.

“...chaynalgan parcha go‘shtdan suyak yaratdik...”

Insonning suyaklari shu tariqa paydo bo‘ldi. Alloh taoloning qudratini qarangki, go‘shtdan suyak hosil qiladi. Bola onasining qornida ekanida u suyak yumshoq bo‘ladi. Tug‘ilganidan keyin qattiq jismga aylanadi.

“...bas, suyakka go‘sht qopladik...”

Go‘shtdan suyak yaratib turib, yana o‘sha suyakka go‘sht qoplash ham ajoyib bir narsa.

“...so‘ngra uni boshqa bir jonzot etib paydo qildik”.

Insonni go‘shtu suyakdan iborat o‘zga jonzotlar kabi qilib qo‘ymadik. Uni tamoman boshqacha, o‘ziga xos bir jonzot etib paydo qildik. Uning jismi umuman boshqacha, ruhi, his-tuyg‘ulari, quvvatlari, aql-zakovati va boshqa xususiyatlari umuman o‘xshashi yo‘qdir.

“Bas, yaratuvchilarning eng yaxshisi Alloh barakotli, ulug‘ bo‘ldi”.

Allohdan o‘zga yaratuvchi yo‘qdir. Insonning yaratilishi jarayonini olib ko‘raylik. Bu jarayonlarning qaysi birida Allohdan boshqa zotning ishtiroki bor? Hatto bola paydo bo‘lishining bevosita sababchilari – ota bilan ona ham bu jarayonni kutib, kuzatib turishdan boshqa hech narsaga qodir emaslar. Biz u qilib yubordik, biz bu qilib yubordik, deb maqtanadigan mutaxassislar esa bo‘layotgan mazkur jarayonni tashqaridan turib kuzatadilar, xolos.

Ushbu dalillarning har biri insonni haqiqiy iymonga chorlamog‘i lozim. Lekin insonning qissasi to‘liq odam shaklida onadan tug‘ilishi, bu dunyoda hayot kechirishi bilan tamom bo‘lib qolmaydi.

“So‘ngra, albatta, sizlar bundan keyin o‘luvchilardirsiz”.

Ya’ni “Ey insonlar, yuqorida aytilganlarni boshingizdan kechirgandan keyin, shak-shubha yo‘qki, o‘luvchidirsiz”. O‘lim ham inson hayotidagi bir bosqichdir. U bu dunyoning vaqtinchalik hayoti bilan u dunyoning abadiylik hayoti o‘rtasidagi ma’lum bir bosqich, xolos. Chunki bu bosqichdan

“So‘ngra, albatta, sizlar qiyomat kuni qayta tiriltirilursiz”.

Ana shundan so‘ng abadiy hayot boshlanadi. Abadiy hayotning qay tarzda kechishi esa bu dunyo hayotida iymonli yoki iymonsiz o‘tish, solih yoki gunoh amallar qilishga bog‘liqdir. Kim iymon keltirib, solih amallar qilgan bo‘lsa, jannatlardagi nozu ne’matlardan abadiy bahramand bo‘lib, rohat-farog‘atda o‘tadi. Kim iymonli holda gunoh ishlarga “sho‘ng‘igan” bo‘lsa, jahannamdagi azob-uqubatlardan “nasibasi”ni olmaguncha, jannatga kirolmaydi. Va kim kufr keltirib, iymonsiz holda vafot etsa, har qancha solih amallar qilgan bo‘lsa ham, jahannamdagi azob-uqubatlarda abadiy qoladi.
Shayx Muhammad Sodiq MUHAMMAD YUSUF
(Tafsiri Hilol kitobidan)

Manba: Azon.uz


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Insonning yaralishi