17:54 / 22.09.2018
5 142

Inson sogʻligʻiga zararli illat!

Inson sogʻligʻiga zararli illat!
Bugungi kunda insoniyat uchun yaratilgan sharoitlarni koʻrib, taʼriflashga til ojiz. Yildan – yilga yangi maishiy va boshqa texnikalar ixtiro qilinmoqda.

Zamon bilan hamnafas boʻlib yashayotgan insonlar yangidan-yangi ishlab chiqarilgan neʼmatlardan bahramand boʻlishmoqda. Albatta bu neʼmatlar uchun Alloh taologa qancha shukrona qilsak ham kamlik qiladi. Agar oldingi davrlarni eslab koʻrsak, qora-oq rangli televizorlar boʻlib, u ham ayrim oilalarda boʻlardi. Zamonning rivojlanishini koʻringki, bugungi kunda televizori boʻlmagan oila boʻlmasa kerak. Hattoki bir oilada ikki–uch yoki undan ziyod televizorlari bor. Bu albatta toʻqchilikning alomati. Oʻsha davrlarda hozirgiga oʻxshash masofadan turib boshqarish imkoni boʻlmasdi.

Shu sababli televizorni yoqish yoki boshqa kanalga olish uchun oʻrnimizdan turib boshqa kanalga olardik. Bugun esa yotgan joyimizni oʻzida yoqamiz, oʻchiramiz, boshqa kanalga olamiz, ovozini past yoki baland qilamiz. Shunchalik dangasa boʻlib ketdikki, baʼzida masofadan turib boshqaradigan moslamani, yaʼni “pult”ni kimgadir olib ber, deymiz. Chunki, uni olish uchun oʻrnimizdan turishimiz va albatta bir-ikki qadam tashlashimiz kerak boʻladi. Achinarlisi shundaki, shomdan keyin xazm boʻlishi qiyin boʻlgan ovqatlarni isteʼmol qilamiz va koʻpincha televizor oldida uxlab qolamiz.

Harakatsizlikning oqibatida bora-bora semizlik dardiga mubtalo boʻlamiz. Ulugʻ hakim Arastudan: “Sen nega sira kasal boʻlmaysan, boshqalardan farqing nimada?” deb soʻrashganida u: “Boshqalar yeyish uchun yashashadi, men esa yashash uchun yeyman”, deb javob bergan ekan. Hozirgi paytda dunyoning hamma yerida yaxshi yeyish uchun yashash, yaxshi yeyish uchun pul topish avj olib ketgan. Oʻtmishdagi va hozirdagi barcha mutafakkirlar, shifokorlar, taniqli xalq tabiblari koʻp va tez-tez yeyishning oqibatida haddan tashqari semirib ketishning xatari va zararlari haqida yakdillik bilan yozishgan.

Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom esa: “Men ummatimning semirib, qorin solishidan xavfdaman”, degan ekanlar. Taom isteʼmol qilganda ham meʼyorga amal qilish kerak. Baʼzida haddan ziyod toʻyib ovqatlanib, kechasi bilan qiynalib chiqamiz. Shu sababli Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ogohlantirib: “Inson qornidan yomonroq idishni toʻldirmaydi, odam bolasiga belni qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri taom, biri suv va qolgani nafas uchundir”, deb aytganlar.

Jahon mamlakatlari fuqarolarining semizlik darajasini koʻrsatib beruvchi xarita AQSHning Markaziy Razvedka Agentligining World Factbook (jahon haqida dalillar) elektron manbaasida eʼlon qilingan. Unda jahonning “eng semiz mamlakati” degan nomga Tinch okeani janubida joylashgan Amerika Samoasi davlati munosib deb topilgan. Maʼlumotlarga koʻra, u yerlik aholining 74,6 foizi semirish dardiga mubtalo boʻlgan.

Mazkur roʻyxatga Markaziy Osiyo mamlakatlari ham kiritilgan. Xususan, maʼlum qilinishicha Oʻzbekiston aholisining 15,1 foizi ortiqcha vaznga ega. Bu koʻrsatkich Qozogʻistonda 23,7 foiz, Turkmanistonda 13,2, Tojikistonda 8,6, shuningdek Ozarboyjonda 23,8 foizni tashkil etadi. Tadqiqotlar zamonaviy turmush tarzi va qoʻshimcha kimyoviy moddalar asosida tayyorlanadigan zamonaviy oziq-ovqatlar semirishning bosh omili ekanini koʻrsatmoqda.

Xulosa oʻrnida bugungi kunda koʻpayib borayotgan kasalliklarning aksari qismi notoʻgʻri ovqatlanish yoki kam harakatlikning sababidan ekanligi hech kimga sir emas. Shu sababli xar birimiz oʻz sogʻligʻimizga eʼtibor berishimiz maqsadga muvofiq boʻlsa kerak, deb oʻylayman.

Manba: fitrat.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Inson sogʻligʻiga zararli illat!