20:08 / 24.09.2018
6 779

Dushanba – ogʻir kun(mi)?!

Dushanba – ogʻir kun(mi)?!

“Dushanba – ogʻir kun”. Koʻpchilik xorijiy mamlakatlarda ommalashgan, hatto xalqimiz orasida ham hazil aralash koʻp bor takrorlanadigan bu gapning biror asosi bormi? Dinimizda bu masalaga qanday qaraladi?

Ayrim Gʻarb davlatlarida ogʻir kun deb xush koʻrilmaydigan dushanbaning dinimizdagi oʻrni, ahamiyati katta. Paygʻambarimiz alayhissalom hayotlaridagi koʻpgina ajoyib voqealar aynan shu kuni roʻy bergan.

Ilm-fan shiddat bilan ildamlagani sari odamlar, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlar aholisining ehtiyojlari shunga monand oʻsib borishi tabiiy. Uni qondirish esa robotday ishlashni talab etadi. Bunday tinimsiz mehnat qilishning, holdan toydiruvchi yugur-yugurlarning birinchi kuni boʻlgani uchun ham dushanbani uncha yoqtirishmas, balki...

Biz musulmonlar esa tabiatdagi mavjud hamma narsaga Alloh taoloning sanʼat asari deb qaraydigan, yaralmishlarni Yaratuvchi tufayli yaxshi koʻradigan madaniyat egasimiz. Shu jihatdan butun borliq biz uchun hikmat va ezgulik manbaidir. Biroq xalqimiz orasida baʼzi narsalar baxtsizlik va kulfat keltirishi haqidagi xurofotlar birmuncha yoyilgani ham haqiqat. Ana shu xurofotlarning qora zanjiriga baʼzi millatdoshlarimiz dushanbadan shumlanishni ham qoʻshib olishgan.

Dinimizda oʻz mehnati bilan kun koʻrish, oila ahlini halol luqma bilan taʼminlash vojibligi haqida koʻplab oyati karima va hadisi shariflar bor. Hatto shu maqsad bilan harakat qilish ulugʻ ibodat sanaladi. Dushanba kuni esa ana shu qutlugʻ ibodatning birinchi kunidir.

Dushanba kunining fazilatlari

Olamlarga rahmat etib yuborilgan Paygʻambarimiz alayhissalom dushanba kuni dunyoga kelganlar.

Bu haqda: “U kun (dushanba) men tugʻilgan va paygʻambar qilib yuborilgan kundir”, deganlar (Imom Muslim).

U zotning paygʻambar boʻlishlaridan biroz oldin Kaʼba taʼmirlanganida Hajarul asvad (qora tosh)ni oʻrniga qoʻyib, qabilalaridagi muqarrar nizoning oldini olgan kunlari ham dushanba edi (Muhammad Hamidulloh, “Hijriy taqvim va uning tarixi”). Bu jihatdan dushanba biz uchun ham muammolarimizni hal qiladigan va ezgulik elchisi boʻladigan kun.

Paygʻambarimiz alayhissalom: “Qurʼoni karim menga dushanba kuni nozil qilindi”, deganlar (Imom Termiziy).

Biz ham dushanba kuniga zimmamizdagi masʼuliyatning ahamiyatini yodga soladigan xayrihox doʻst deb qarashimiz mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafot etgan kunlari ham dushanba edi(Imom Buxoriy).

Shunday ekan, dushanba insonlarning eng afzali alayhissalomga salavot yuboradigan, tilovatlarimiz savobini bagʻishlaydigan fursat boʻlishi mumkin emasmi?

Dushanba safar, tijorat va rizq axtariladigan kundir.

Zero, Allohning rasuli sollallohu alayhi va sallam: “Dushanba safar va tijorat kunidir”, deb marhamat qilganlar. Sahobalar buning sababini soʻrashganida: “Chunki oʻsha kuni Shuayb alayhissalom tijorat qilish va rizq topish uchun safarga chiqqanlar”, deb javob berganlar (Ibn Moja). Demak, dushanbani halol rizq umidida ishga shoʻngʻish bilan sunnatga ergashib, savob olish kuniga aylantirish oʻzimizga bogʻliq.

Dushanbada bandalar kechiriladi

Paygʻambarimiz alayhissalom marhamat qilganlar: “Jannat eshiklari dushanba va payshanba kunlari ochiladi. Alloh taologa hech narsani sherik qilmagan har bir banda magʻfirat qilinadi. Faqat birodari bilan oralarida dushmanlik boʻlgan kimsalar mustasno! (Ular haqida:) “Shu ikkisi yarashib olgunicha muhlat bering”, deyiladi” (Imom Muslim).

Dushanba – amallar taqdim qilinadigan kun

Paygʻamba­rimiz alayhissalom: “Amallar har dushanba va payshanba Allohga koʻrsatiladi”, deganlar (Imom Muslim). Demak, dushanbani munosib taqdirlash kuni desa ham boʻladi.

Dushanba roʻza kunidir

Oysha roziyallohu anho onamiz xabar berishlaricha: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dushanba va payshanba kungi roʻzalarni mushtoq boʻlib kutardilar” (Imom Termiziy). Paygʻambar alayhissalom-ning oʻzlari ham: “Bandalarning amallari dushanba va payshanba kunlari Alloh taologa roʻbaroʻ qilinadi. Men amallarimning Alloh taologa roʻzador holimda roʻbaroʻ qilinishini yaxshi koʻraman”, deganlar (Imom Termiziy).
Noʻʼmon Abdulmajid tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Dushanba – ogʻir kun(mi)?!