17:06 / 21.12.2016
11 756

G‘isht zavodidayam, qozon boshidayam, mikrafon oldidayam ARTISTLAR

G‘isht zavodidayam, qozon boshidayam, mikrafon oldidayam ARTISTLAR

Har qanday ko‘rsatuvni, uning g‘oyasini, yaxshi tomonlarini aynan ko‘chirish, ijobiy ma’noda o‘g‘irlash mumkin. Foydali bo‘lsa bo‘ldi-da.

Lekin gap bu haqda ham emas. Artistlar jonga tegib ketdi. Erkak bo‘la turib, qozon bo‘yida ovqat qilayotgan ham shular, yotoqxonasini ko‘rsatayotgan ham shular, hojatxona unitazida o‘tirvolib, reklamaga tushayotgan ham shular, diniy mavzuda aql o‘rgatayotganlar ham artistlar, kitob o‘qishni targ‘ib qilayotgan ham shular, oilani mustahkamlash bo‘yicha tavsiya berayotgan ham shular. Holbuki, ularning ko‘pi xotinboz, kitob deganini ochib ham qaramaydi, usti yaltir-yultir, ichi ma’naviy qashshoq odamlar, pul, obro‘ uchun to‘ylarda bir-birining etini eydigan past kimsalar. Axloqsizlari qancha.

Yana aytaman, hamma artist emas, ayrimlari!

Lekin, ko‘pincha ana shu «”ayrim”lari ko‘p chiqadi TVda, “sariq matbuot”da.

Nima, O‘zbekistonda artistdan boshqa fikrlaydigan odam yo‘qmi? Bolalarimizganing ma’naviyatini boyitishda shu otarchilardan o‘zga vosita qurib bitganmi? Ulardan yengiltaglikni o‘rganishi shartmi bolalarimiz? Bugun bittasiga, ertaga ikkinchisiga uylanish, erga tegishni o‘rgansinmi? Bir-birining xotiniga uylanish qanday bo‘lishinii targ‘ib qilamizmi shular vositasida?

“Xalq yaxshi ko‘radi shularni”, “Xalq qiziqadi”, “Shularni chiqarmasangiz, gazetangizni it ham o‘qimaydi” dedi bir hamkasbimiz. Darvoqea, ehtimol gapingizda jon bordir. Aslida siz ham ana o‘sha otarchilar qatorida zararkunandasiz, muhtaram hamkasb! Xalqning ma’naviyatini bo‘shashtirishga, yoppasiga saviyasiz qilishga hissa qo‘shayotgan manqurt yaltir-yultir “e’jodkor”siz. Ulardan kamingiz yo‘q. Shular vositasida tirajni ko‘paytirarsiz, lekin bilib qo‘yingki, hammaning xizmatining “hisoboti” bor: o‘sha “qiziqadigan xalq”ning, ehtimol o‘z yaqinlaringiz, balki o‘z bolalaringiz, nevaralaringiz axloqida ko‘rarsiz hali o‘sha “hisobot”ni. Ungacha, hadeb puldan past turuvchi kimsalarni himoya qilib o‘tirmang. Ishsiz qolmaysiz, qo‘rqmang.

Bu gaplarni aytayotgan odam san’atkorlarni yomon ko‘rar ekan, degan xayolga borishga shoshmang. Men san’ati bor san’atkorlarni yaxshi ko‘raman. Ularni TVda ham, radio, matbuotda ham chiqib turishlarini hamma qatori qadrlayman. Faqat me’yorida-da.

Yaqinda Konstitusiya kuni munosabati bilan o‘tgan asosiy tadbir qanday yaxshi tashkil etilganini sezdingizmi? O‘shani did-farosatli, saviyali rejissyorlarimizdan biri taqdim etgan, deb eshitdim. Bundan bu yog‘iga ham shunday saviyali, xalqchil konsertlar qo‘yilsa, talab yuqoriroq, saviyaliroq qilib qo‘yilsa, anavi otarchilar, kallasi bilan qorni bir xil qichqiroqlar san’atda kamayardi, asl san’at o‘z bo‘yini ko‘rsatsa … Nima dedingiz?

Jasur Kengboyev

Manba: Sharh.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » G‘isht zavodidayam, qozon boshidayam, mikrafon oldidayam ARTISTLAR