19:56 / 01.02.2017
13 786

O‘zbek milliy akademik drama teatri tarixiga oid muzey ish boshladi

O‘zbek milliy akademik drama teatri tarixiga oid muzey ish boshladi

O‘zbek milliy akademik drama teatri juda uzoq tarixga ega. Tashkil etilganiga 103 to‘lgan bu maskanda qanchadan-qancha san’at darg‘alari faoliyat yuritmadi, ne-ne mashhur spektakllar qo‘yilmadi deysiz. Bu maskanda o‘z ishining jonkuyarlari, umrini san’atga baxshida etgan ijodkorlar faoliyat yuritadi. Ayni damda teatrda mehnat qilib kelayotgan O‘zbekiston xalq artistlari Yoqub Ahmedov, To‘ti Yusupova, Rihsi Ibrohimova, Yayra Abdullaeva, Erkin Komilov, Yodgor Sa’diev, Muhammadali Abduqunduzov, Saidkomil Umarov, Muqaddas Xoliqova, Gavhar Zokirova, Zuhra Ashurova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Saida Rametova, Ra’no Yarasheva, Mahmud Ismoilov, Tohir Saidov, Farhod Abdullaev, Abduraim Abduvahobovni ana shunday san’atkorlar sirasiga kiritsak arziydi.

Bugun, 1 fevral kuni O‘zbek milliy akademik drama teatriga respublikamizda faoliyat yuritayotgan teatr jamoalari, madaniyat va san’at vakillari, aktyor va aktrisalar, yozuvchi va shoirlar, dramaturglar, jurnalistlar jam bo‘lishdi. Shu kuni teatr binosining uchinchi qavatidan joy olgan “O‘zbek milliy akademik drama teatri muzeyi”ning ochilish marosimi o‘tkazildi, deb yozmoqda Qalampir.uz sayti.

Marosimni O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Mas’udov ochib berdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedov ishtirok etib, so‘zga chiqdi va O‘zbek milliy akademik drama teatrining o‘zbek teatr san’atida tutgan o‘rni, uning bugungi mavqei, spektakllarning tomoshabinlarga berayotgan ma’naviy ozuqasi haqida gapirdi.

Teatr binosining uchinchi qavatida tashkil etilgan muzey aslida bundan bir necha yil ilgari ish boshlagan edi. Teatrning jonkuyar xodimasi Gulnora Sodiqovaning sa’y-harakatlari bilan muzey yangi eksponatlar, teatrning tarixiga oid yangi buyumlar, spektakllarda taniqli san’atkor kiygan liboslar bilan boyitildi. Muzeyda O‘zbekiston xalq artistlari Maryam Yoqubova, Sora Eshonto‘raevaning urush yillarida sahnalashtirilgan spektakllarda kiygan liboslari ham o‘rin olgan. Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti Rihsi Ibrohimovaning “Mirzo Ulug‘bek”, Muqaddas Xoliqovaning “Nodirabegim”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Mehriddin Rahmatovning “Jaloliddin Manguberdi”, Saida Rametovaning “Sohibqiron”, Ra’no Yarashevaning “Uvaysiy” spektakllaridagi yaratgan obrazlariga oid liboslar, detallar ham muzeyga joylashtirilgan.

Muzey teatrning tarixiga oid stendlar bilan boyitilishi bilan bir qatorda, devorlarga O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida namoyish etilgan spektakllarning suratlari ilib chiqilgan.

Muzey ochilishiga yig‘ilgan 200 kishining hayrati cheksiz. Ayni zamonda shovqin birdan tin oldi, yig‘ilganlar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ovozi eshitilayotgan tomonga qarab bordilar. Monitorda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning O‘zbek milliy akademik drama teatrining ta’mirdan keyingi ochilish marosimida so‘zlagan nutqi namoyish etildi. Islom Karimov bu teatrning kechasi va buguni haqida gapirar ekan, uzoq tarixga ega bo‘gan teatr nafaqat o‘zbek tomoshabinlarini, balki dunyo teatr ixlosmandlarini ham bir necha bor lol qoldirganini tilgan olgan edi. Islom Karimov teatrning ochilish marosimidagi nutqida bu teatr sahnasida hali ko‘p asarlar yaratilishi va ko‘plab san’at darg‘alari voyaga etishiga umid bog‘lashini aytgan.

Muzey ochilishida ishtirok etganlar ham teatr jamoasiga yangidan-yangi omadlar tilab, respublikamizda otaxon teatr sanalmish O‘zbek milliy akademik teatrining kelgusi faoliyatiga omad tiladilar.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » O‘zbek milliy akademik drama teatri tarixiga oid muzey ish boshladi