16:19 / 20.02.2017
11 087

Vatanga xizmat qilishga chorlagan Manzurani aqldan ozganga chiqarishdi

Vatanga xizmat qilishga chorlagan Manzurani aqldan ozganga chiqarishdi

Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizga shu qadar tezlik bilan kirib keldiki, ba’zan ular sabab ko‘plab noqulay vaziyatlarga duch kelayapmiz. Aksariyat hollarda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan suratlar va yozib qoldirilgan izohlar oilaviy mojarolarga sabab bo‘lmoqda. Do‘stlar o‘rtasiga sovuqchilik tushirmoqda.

“Nihol” mukofoti sovrindorlari Manzura Yo‘ldosheva, Umidaxon va xonanda Bahodir Nizomov o‘rtasida ham ijtimoiy tarmoqlar sabab tushunmovchilik kelib chiqdi, deb yozmoqda Qalampir.uz sayti.

Kuni kecha “Nihol” mukofoti sovrindori Umidaxon Instagram’dagi shaxsiy sahifasiga navbatdagi suratini joylashtirib, unga quyidagicha izoh qoldirdi:

“Assalomu alaykum, yoru birodarlar, do‘stlar, qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shni, yaqinlar... Hayot go‘zal! Undan zavqlanib, hamma narsani yaxshilikka yo‘yib yashash kerak. Xursand va go‘zal bo‘lib yuringlar, o‘rtoqlar. Hammasi zo‘r bo‘ladi...”

Umidaxonning yozganlari Manzuraning g‘ashini keltirdi chog‘i unga qarshi izoh qoldirdi.

“Hamma go‘zal bo‘lib yursa, Vatanga xizmatni kim qiladi? Savobni kim qiladi, hamma o‘zi bilan band bo‘lsa?”.

Umidaxon ham bo‘sh kelgani yo‘q. Manzuraning ijodni undan avval boshlaginini, yoshini ham chetga surdi. Javobida hazil aralash achchiq gaplarini aytib oldi.

“Bemavrid gapirasiz! Kim xizmat, savob qilma, deyapti? Yaratgan hammaning diliga solsin savobu yaxshilik qilishni. Qilaman degani, hech kimga bildirmay qilaveradi. Qilmaydigani ming majburlasang ham, gapirsang ham qilmaydi. Shuning uchun eng avvalo Yaratgan diliga solsin”, deb yozadi Umidaxon.

Manzura bilan Umidaxonning tortishuvini zimdan kuzatib turgan xonanda va bastakor Bahodir Nizomov suhbatga suqulib, Manzurani “talab” berdi.

“Umida opa, aqlsiz insonlarning gaplariga ahamiyat bermang. Ikkinchidan, u aqldan ozganini biz ham bilganmiz. Vatanga bo‘lgan sevgisini hammaga aytishi shartmas. Bo‘lmasa, xalqning to‘yiga tekinga chiqsin, xalqni sevsa”, deb yozadi Bahodir Nizomov.

Aslida Manzura Yo‘ldosheva to‘g‘ri gapni o‘rtaga tashlagan edi. U oxirgi vaqtlarda berayotgan intervyularida san’atkorlarning yurish-turishi, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirayotgan suratlari, bejirim liboslar, qimmatbaho mashinalar, shohona saroy va uylarni ko‘rib g‘ashi kelayotgani, oddiy odamlar va yoshlar tarbiyasiga bunday holatlar salbiy ta’sir o‘tkazishini ko‘p bor ta’kidlamoqda. So‘nggi vaqtlarda yoshlarni ilm olishga, Vatanga xizmat qilishga, yaratib berilgan sharoitlardan to‘g‘ri foydalanishga undayyotgan xonanda Manzura san’atkor do‘stlariga, xususan, Umidaxonga ham shuni tushuntirishga harakat qilgan bo‘lsa, ajab emas.

Bu o‘rinda kimgadir yon bosish, kimnidir kamsitish fikridan yiroqmiz. Lekin Manzuraning yozganlarida jon bordek. Afuski, bugun ayrim san’atkorlar na san’ati, na tarbiyasi, na bilimi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘la oladi. Yoshlar esa go‘zal hayot, boylik va mashhurlikni hech qanday ilmsiz, tarbiyasiz, ma’naviyatsiz ham topish mumkin degan hayolga kelib qolishi, juda katta yo‘qotish. Xonanda Umidaxon va bastakor Bahodir Nizomov Vatanga xizmat qilishga chorlagan Manzuraga sapchishdan oldin shularni bir o‘ylab ko‘rsa, aqldan ozganga chiqarishdan avval mushohada qilsa, bir yoqadan boshqa chiqarsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Zero, qo‘shiqlarda aytilgan ezgulik, mehr-oqibat, kattaga hurmat, kichikka izzat, Vatanga sidqidildan xizmat hayotda ham o‘z ifodasini topmog‘i kerak.

Darvoqe, Umidaxon ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasidan ushbu suhbatni o‘chirib yubordi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Vatanga xizmat qilishga chorlagan Manzurani aqldan ozganga chiqarishdi