22:05 / 01.03.2017
6 371

Shohruh reper: “Istalgan janrda kuylay olaman”

Shohruh reper: “Istalgan janrda kuylay olaman”

Uning muxlislari ko‘p, san’atda ham o‘z yo‘nalishini topgan. Har oyda bitta qo‘shiq premera qilmasada, muxlislari tilida u — Shohrux repper. Hamma uni aynan rep yo‘nalishida kuylagani uchun taniydi. Shohrux tez-tez intervyu bermasa-da, ijtimoiy saytlardagi shaxsiy sahifasida, o‘zi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni yozib turishni kanda qilmaydi.

Bugun muxlislarning talab va takliflarni inobatga olgan holda u bilan uchrashdik. Samimiy suhbat jarayonida esa uzoq kutilgan yakkaxon konserti, oilasi va kelajakdagi rejalari haqida bilib oldik, deb yozadi Darakchi nashri.

Ijod

— Muxlislaringiz uzoq kutgan konsert kunlari ma’lum bo‘ldi. Tayyorgarlik qanday ketyapti?

— Konsert repertuari anchadan buyon tayyorlanib, qo‘shiqlar yozilib qo‘yilgan. Ayni kunlarda ssenariy bilan bandman lekin u haqda batafsil gapira olmayman. Biroq tomoshabinlarning ko‘ngliga ma’qul keladigan qo‘shiqlar, duetlar bo‘lishi kutilyapti.

— Shu kungacha konsertlaringiz jonli ijroda o‘tardi. Bu gal fonogrammadan foydalanyapsiz. Nega?

— Aslida bu yilgi konsertda ham jonli ijroda kuylayman. Bannerlardagi "Fonogrammadan foydalaniladi" degan yozuvga kelsak, buning o‘ziga yarasha sababi bor. Ya’ni qonun bo‘yicha konsert dasturidagi musiqalarning bittasi bo‘lsa-da, kompyuterda ishlansa, u fonogramma hisoblanadi va bannerda ham yoziladi. Lekin qo‘shiqlarni yuz foiz jonli ijroda kuylamoqchiman.

— Siz kuylaydigan yo‘nalish o‘zbek estradasida yangilik bo‘ldi. O‘sha paytdagi muxlislaringiz bugungacha saqlanib qolganiga ishonasizmi?

— Ha, albatta! Chunki inson yoshligidagi narsalarni hech qachon yoddan chiqarmaydi. Ayniqsa, yoshligi bilan bog‘liq musiqani. Shunday ekan, o‘ylaymanki, qo‘shiqlarimning o‘z tinglovchilari bor va uni kelajakda ham eshitib yurishadi.

— Baribir rep yo‘nalishi bizda uncha rivojlanib ketmadi. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?

— Sababi, rep yo‘nalishining o‘ziga yarasha qiyin tomonlari ko‘p. Nokamtarlik qilmoqchi emasmanu, biroq hamma xonanda ham uni ijro etolmaydi. Shunday bo‘lsa ham, rep o‘qish yoshlar orasida yaxshi rivojlangan. Buni menga bo‘lgan murojaatlardan bilaman. Ko‘pchilik o‘zini sinab ko‘rayapti.

— Boshqa yo‘nalishda kuylashingizni tasavvur qilish qiyin. Chunki sizga reper “tamg‘a”si qo‘yilgan. Agar yaxshi taklif tushsa, boshqa yo‘nalishlarda ham kuylashingiz mumkinmi?

— Bu men uchun hech qanday muammo tug‘dirmaydi. Agar ijodkorlardan yaxshi taklif tushsa, o‘ylab ko‘rishim mumkin. Istalgan janrda kuylay olishimga ishonaman.

— Musiqiy telekanallarda Shahzoda bilan kuylagan duetingizga ko‘zimiz tushdi, u erda qo‘shiqning siz ijro etgan joyi kesib tashlangan. Sababi nimada deb o‘ylaysiz?

— Shahzoda bilan birga kuylagan “Ket” qo‘shig‘imiz tinglovchilar tomonidan yaxshi kutib olindi. Ammo savolingizga aniq javob bera olmayman, chunki negaligini o‘zim ham bilmayman. Yaxshisi, bu savol bilan o‘sha telekanal ijodkorlariga murojaat qilish kerak.

Farzandlar

— Keling, endi farzandlaringiz haqida gaplashsak... O‘tgan yili ikkinchi bor ota bo‘ldingiz...

— Islom o‘g‘lim tug‘ilganda ota bo‘lganimdan xursand bo‘lib quvonchdan ettinchi osonda uchgandim. Lekin qiz bolaga ota bo‘lish boshqacha ekan. Ko‘nglimdan kechgan shirin tuyg‘ularimni so‘z bilan izohlab berolmayman. Qizim Leyla haqida to‘lib-toshib gapirgim keladi. U har kuni o‘zgarib, har soatda yangi qiliqlari bilan bizni xursand etayapti.

— O‘g‘lingiz yangi mehmonni qanday qabul qildi? Ota-onasini "rashk" qilmadimi?

— Islom endigina ikki yoshda. Hali ko‘p narsani tushunmaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, juda "rashkchi". Agar Leyla bilan ko‘proq ovora bo‘lib qolsak, kattalarning e’tiborini o‘ziga tortishga harakat qiladi. Lekin shunday bo‘lsa ham, aka ekanini sezadi deb o‘ylayman. Vaqti-vaqti bilan singlisining yoniga kelib, uni o‘pib, quchoqlab ketadi.


— Islomning instagramda o‘zingiz yurgizadigan shaxsiy profili bor. Qizingizning suratlarini ham ijtimoiy tarmoqqa qo‘yganmisiz?

— Yo‘q. Leyla uchun instagramda sahifa ochmayman. Sababi, qiz bola iloji boricha begona ko‘zlardan uzoqroqda turgani yaxshi.

— O‘g‘lingiz qo‘shiqlaringizni ting­laydimi? Kliplaringizni ko‘rganda qanday holatga tushadi?

— U hali kichkina. Shu sabab undan biror bir baho kutmayman. Faqat televizorda ko‘rganda “dada”, deb qo‘yadi, xolos.

— U bilan ko‘p vaqt o‘tkazishingizni bilamiz. Ko‘proq nimalar bilan shug‘ullanasizlar?

— Bo‘sh vaqtim bo‘ldi deguncha, farzandlarim bilan gaplashishga harakat qilaman. Chunki ish hech qachon tugamaydi. Bolalarimning bolaligi esa ko‘z oldimdan kinotasmadek o‘tib ketishini istamayman. Ular bilan birga zavqlanaman, o‘yinlarida birga bolaga aylanib o‘ynayman. Qiziqishlarining har birini e’tibor bilan kuzataman. Kelajakda ham ularning har bir fikriga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni niyat qilganman.

Qiziqishlar

— Shohrux, hayotingizning qaysi davriga qaytib qolishni istardingiz?

— Inson o‘tgan kunini unutmasligi kerak. Ammo men kelajakka qarab intiladigan insonman. Ayni vaqtdagi holatimdan mamnun bo‘lganim uchun ham o‘tgan kunimga qaytishni istamasdim.

— O‘zingiz tomosha qilgan qaysi filmni boshqalarga ham tavsiya qilasiz?

— Mashhur aktyor Uill Smit bosh rolni ijro etgan "Baxt ortidan quvib" filmini tavsiya etaman. Voqealari hayotiy va tomoshabinlarni oldinga intilishga, yaxshilik umidiga chorlovchi kartina.


— Erkak birov bilan sirlashishi juda qiyin, deyishadi...

— Men ham ichimdagini birovga aytavermayman. Ayniqsa, jiddiyroq sir bo‘lsa, uni o‘zimdan boshqaga ishonmayman. "O‘zingdan boshqa odam bilgan sir — sir emas", degan gap to‘g‘ri.

Blis:

— Yoshlar internetga qaram bo‘lib qolmasligi uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?

— Hozir texnologiya asri bo‘lganligi uchun bu odatiy holga aylanib ulgurgan. Agar inson internetdan kerakli narsalar uchun foydalansa, uning yomon tomonini yo‘q.

— O‘zingizni boshqalarga o‘rnak bo‘la oladigan inson deb o‘ylaysizmi?

— Aslida har bir insonda o‘rnak olish mumkin bo‘lgan jihatlar bo‘ladi. Men o‘zimning gapirgan gapimga javob bera olish odatim boshqalarda ham bo‘lishini istardim.

— Bolalikda qaysi mult­filmdagi obraz siz uchun qahramon edi?

— "Qora plaщ" multfilmidagi o‘rdak.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shohruh reper: “Istalgan janrda kuylay olaman”