16:24 / 14.03.2017
6 893

Xonanda ​Lola: San’atdan ham muhimroq ishlarim bor

Xonanda ​Lola: San’atdan ham muhimroq ishlarim bor

Xonanda Lola Yo‘ldosheva «Darakchi» gazetasiga bergan intervyusida o‘zi va farzandlari haqida bir nechta savollarga javob berdi.

— Oilangizda bayramni qanday nishonlaysizlar?

— Bolaligimizda 8 mart bu — onamning kuni edi. Hammamiz bir bo‘lib ularni xursand etish uchun turli-tuman sovg‘alar yasab, syurprizlar o‘ylab topardik. Bugungi kunga kelib esa men uchun bu kun ikki karra bayramga aylangan. Chunki men oyimni, bolalarim esa meni tabriklab, sovg‘alar berishadi. O‘g‘lim, bayram kuni qizim ikkimizga nonushta tayyorlab berishni yoqtiradi. Keyin bolalarim bilan birga onamning uyiga borib, bayramni o‘sha erda davom ettiramiz.

— Yangi mavsumdan nimalarni kutyapsiz?

— Bilasizmi, o‘tgan qish oylarida, o‘zimni ayiqqa o‘xshatdim. Bahor kelib, endi “uyg‘onyapman”. Aslida, bu go‘zal mavsum men uchun alohida ahamiyatga ega desam adashmayman. O‘zgarishlar, yangilanishlar faslida o‘zimni qalban boshqacha his qila boshlayman. Atrofimda, hayotimda, o‘zimda yangilik yaratish istagi paydo bo‘ladi. Buning barchasi tabiatning ham uyg‘onishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.

— 2016 yilgi yakkaxon konsert dasturingizda qizingiz Shahina ham qo‘shiq kuyladi. Kelajakda u ham xonanda bo‘laman desa, qarshilik qilmaysizmi?

— Bolalarim bilan suhbatlashganimda ularning xohish-istaklari bilan qiziqaman. O‘g‘lim, men doim uyda bo‘lishimni, faqat ular bilan vaqt o‘tkazishimni istaydi. Qizim esa doim sahnada bo‘lishimni, qo‘shiq kuylashim va mashhur bo‘lishim tarafdori. Savolingizga kelsak, menimcha qizim san’at yo‘lini tanlamaydi. Biroq, agar u bunga qaror qilsa albatta uni qo‘llab-quvvatlayman, ko‘mak berishga harakat qilaman. Ochig‘i, qizim, bu kasb uning uchun emasligini, anglab etishi uchun ham unga yordam beraman.

— Instagramdagi “follover”laringiz haqida gaplashsak. Sizningcha, ular sizni yaxshi gaplar bilan siylashadimi yoki tanqidchilarning soni ko‘proqmi?

— So‘nggi vaqtlar ular menga mehribon bo‘lib qolishganini sezyapman. Muxlislarim har bir suratim ostida ijobiy fikrlar bildirib, meni xursand etishyapti, ilhomlantirishyapti. Tanqidiy fikrlar avvalgiga ko‘ra ancha kamaygan. Biroq o‘zidagi salbiy energiya bilan sahifamni “bezab” turadiganlar ham yo‘q emas. Ularga munosabatim yomon emas. Hammaga birdek yoqib bo‘lmasligini allaqachon tushunib etganman.

— Ijtimoiy tarmoq orqali shaxsiy hayotingizda o‘zgarishlar ro‘y berayotganini bildirgandingiz. Bu o‘zgarishlar haqida batafsilroq gapirsangiz...

— Shaxsiy hayotim faqat meniki, shu sabab sir bo‘lib qolishini istayman. Lekin bir narsaga izoh berib o‘tmoqchiman, bugungi kunda suratlarimni joylashtirayotganim, baxtim bilan qisman bo‘lishayotganim, o‘sha insonni endi uchratganimdan dalolat emas. Agar bu munosabatlar haqida gap boshlasam, uzoq yillar ortga nazar tashlashga to‘g‘ri keladi. Sevgimiz tarixini keyinroq, vaqti kelganda barcha bilan bo‘lishishga va’da beraman. Hozircha vaqti kelgani yo‘q. Faqat munosabatlarimiz jiddiylashib, ahdu paymon qildik.

— U haqida nimalarni gapirib bera olasiz?

— Bilasizmi, insonda shunday holat bo‘ladiki, u qalbida kemtiklik seza boshlaydi. O‘sha bo‘shliqni ish, qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan to‘ldirib borib, o‘zini band qilishga harakat qiladi. Aynan menda ham shunday edi. Ammo uchratgan insonim o‘sha kamchiliklarni to‘laqonlik qopladi. Mehri, e’tibori, barcha insoniy fazilatlari bilan ko‘nglimdan joy oldi. Ertangi kunga ishonchimni oshirdi. Munosabatlarimizda gumon, shubha, ishonchsizlikka o‘rin qolmadi. Menimcha, bir ayol uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Bugungi baxtimni asrab-avvaylab yashashni istayman. Hozircha aytadiganlarim shu...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Xonanda ​Lola: San’atdan ham muhimroq ishlarim bor