21:56 / 14.03.2017
7 364

Lola Karimova kinoprodyuser sifatida ilk loyihasini taqdim etmoqda

Lola Karimova kinoprodyuser sifatida ilk loyihasini taqdim etmoqda

"Bugun sahifam orqali yaqin fursatda “Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” nomli hujjatli film tomoshabinlar e’tiboriga havola etilishini ma’lum qilmoqchiman. Mazkur film turmush o‘rtog‘im hamda kaminaning kinoprodyuser sifatidagi ilk loyihamizdir", — deb xabar qilgan Lola Karimova o‘zining Feysbukdagi sahifasida.

Ta’kidlanishicha hujjatli film buyuk mutafakkir hamda alloma Mirzo Ulug‘bekning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi.

"Bu ulug‘ inson haqida film yaratish g‘oyasi menda ko‘p yillar avval paydo bo‘lgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bek shaxsi meni bolalagimdan o‘ziga maftun etgan. U nainki qomusiy bilimlar egasi, etuk olim va sulhparvar hukmdor, o‘z davri uchun favqulodda sanalgan xislatlar sohibi ham edi. Sirasini aytganda, Ulug‘bek zamon va makon sarhadlarini oshib o‘tgan umrboqiy siymodir.

Mirzo Ulug‘bek nomi dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Galileo Galiley, Kopernik, Djoanas Kepler kabi buyuk allomalar bilan bir qatorda turadi. Samarqand uning hukmronligi davrida astronomiya sohasida ilg‘or tadqiqotlar o‘tkaziladigan xalqaro markazga aylandi. Ulug‘bek bunyod ettirgan muazzam rasadxonada o‘z davrning etuk olimu fuzalolari jam bo‘lgan edi.

Alloma tartib bergan yulduzlar jadvalida 1118 ta yulduzning holati va joylashuvi mufassal bayon etilgan. U hisoblab chiqqan yil uzunligi natijalari esa zamonaviy hisob-kitobidan atigi 25 soniyaga farqlanadi. Buyuk olim, shuningdek, Er sayyorasi o‘qining og‘ish burchagi 23,52 gradusni tashkil etishini aniqladi, ushbu ilmiy natija ham hozirga qadar eng aniq ko‘rsatkich deya e’tirof etiladi. Ulug‘bek tomonidan yaratilgan yulduzli osmon xaritasi esa dengizchilar harakatlanishida XIX asrga qadar foydalanilgan.

Mirzo Ulug‘bek hayotining o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘i kechdi. Keng dunyoqarashi va teran fikrlari bilan o‘z davri va zamondoshlaridan ilgarilab ketgan olim, taassufki, jaholat va razolat qurboni bo‘ldi.

Film ssenariysini hozirlash asnosida ko‘p va xo‘b izlanib, bobokalonimiz hayotini tavallud topgan kezlaridan boshlab qayta tiklashga harakat qildik. Amir Temurning nabirasi bo‘lmish Mirzo Ulug‘bek bobosi shafeligida o‘z davrining peshqadam olimlardan saboq olganini ta’kidlashni istardim. Davlatning qudrati eng avvalo ma’rifatda deb bilgan Sohibqiron nuridiydasi bo‘lmish Ulug‘bekning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan. Bu esa uning odil shoh va etuk olim sifatida shakllanishiga xizmat qilgan.

Film rejissyori Bahodir Yuldoshev bilan ko‘p yillardan beri tanishmiz. Unga filmni suratga olish xususida gap ochganimda taklifimni mamnuniyat bilan qabul qildi. Ko‘z ochib yumguncha buyuk olim va hukmdor yashagan davrga sho‘ng‘ib ketdi.

Ushbu kinokartinani O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan, mavzuni qalban his eta oladigan ijodkor yaratishi kerak edi. Nazarimda, Bahodir ulug‘ allomaning fojeiy taqdirini mahorat bilan aks ettira oldi.

Filmda Fransiya, AQSh, Rossiya, O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Daniya va Niderlandiyaning etakchi olim va mutaxassislari Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyati xususidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi. Kinokartinani yaratishda Bodlian kutubxonasi (Oksford universiteti), Britaniya muzeyi, Priston universiteti, Griffit rasadxonasi, Fransiyaning Observatoire de la Cote d’Azur Côte rasadxonasi, Kaliforniya universiteti, Daniyaning The David Collection muzeyi, Oksfordning Ilm-fan tarixi muzeyi, Oksfordning St. John’s kolledji kabi o‘quv yurtlari, muzey va kutubxonalarning bisotidan foydalanildi.

Chet ellik olimlarning aksari aynan Mirzo Ulug‘bek siymosi sabab mamlakatimizga mehr qo‘yganini e’tirof etgan.

Film janr nuqtai nazaridan hujjatli sanalsa-da, unda badiiy vositalardan ham foydalandik. S’yomka jarayoniga o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik kaskadyorlarni jalb qildik, o‘sha davrga mos tarixiy liboslarni tanlash va tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratdik.

Kinokartinada Vinsent Kassel, Armand Assante, Fransisko Ovalle kabi jahon kinosi yulduzlari suratga tushdi. Ma’ruf Otajonov, Javohir Zokirov, Hoshim Arslonov singari milliy kino ustalarimiz ham o‘z rolini maromiga etkazib ijro etdi.

Hollivudning "Titanik", "Olovuddin", "Gerkules" kabi filmlarga musiqa bastalagan mashhur kompozitori Uolter Afanasev kartinamiz uchun maxsus musiqa yozdi.

Benazir xonanda Sevara Nazarxon ijrosidagi saundtrek esa filmga o‘zgacha joziba baxsh etdi. Film premerasi haqida keyinroq ma’lum qilamiz", — deb o‘z postiga yakun yasagan Lola Karimova.

Manba: www.sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Lola Karimova kinoprodyuser sifatida ilk loyihasini taqdim etmoqda