11:27 / 14.04.2017
22 383

Aslida aniq tug‘ilgan kuni noma’lum Sherali Jo‘raev 70 yoshini tantanali nishonladi

Aslida aniq tug‘ilgan kuni noma’lum Sherali Jo‘raev 70 yoshini tantanali nishonladi
O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘raev 12 aprel kuni 70 yoshni qarshiladi. 13 aprelda poytaxt Toshkentdagi “Versal” to‘yxonasida san’atkorning yubileyiga bag‘ishlangan oqshom o‘tkazildi, deb yozmoqda Qalampir.uz sayti.

Unda o‘zbek san’ati namoyandalari — Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonov, Farrux Zokirov, Ozodbek Nazarbekov, Obid Asomov, Hosila Rahimova, Gulsanam Mamazoitova va boshqalar ishtirok etib, ustoz ijodkorni tabriklashdi.

Bazmni Muslimbek Yo‘ldoshev, Ra’no Jo‘raeva, Fatxulla Ma’sudov, Nilufar Sotiboldieva hamda Anvar Azimov olib borishdi.

Ta’kidlash joiz, 1947 yil Asakada tug‘ilgan Sherali Jo‘raevning qaysi kunda tavallud topgani aslida noma’lum. Qo‘shiqchi 12 aprelni ramziy ravishda o‘z tug‘ilgan kuni sifatida nishonlaydi. San’atkor ushbu sanani tanlashiga Ka’baga 12 aprel kuni borganini sabab qilib ko‘rsatgan.

Tabiatan shirali ovozga ega Sherali Jo‘raev repertuari ko‘p qirrali va rang-barangdir. Qo‘shiqlarining asosini Sharq mumtoz (Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Sa’diy Sheroziy, Hofiz, Mashrab, Ogahiy, Jaloliddin Rumiy, Jomiy va boshqalar) hamda zamonaviy (Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqalar) shoirlarning she’rlari tashkil etadi.

Xonandaning “O‘zbegim” qo‘shig‘i 2005 yilda World Music Network tomonidan chiqarilgan “O‘rta Osiyo musiqasi bo‘yicha umumiy qo‘llanma” albomiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, Sherali Jo‘raev ko‘p yillar davomida televidenie va radiodan uzoqlashgan edi. Biroq 2017 yilning 15 yanvar kuni “Milliy TV” telekanalidagi “Parijon” nomli qo‘shig‘i namoyishi bilan efirlarga qaytdi.

Qolaversa, shoir Muhammad Ismoil o‘zining Facebook’dagi sahifasi orqali Sherali Jo‘raev konsert dasturi taqdim etish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotganini xabar bergan edi. Hali hamon konsert haqida boshqa xabar yo‘q.

Ma’lumot o‘rnida, Sherali Jo‘raev 1991 yilda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Aslida aniq tug‘ilgan kuni noma’lum Sherali Jo‘raev 70 yoshini tantanali nishonladi