16:09 / 27.04.2017
7 680

Opera kuylagan Manzura va dunyo kezgan Iroda Dilroz

Opera kuylagan Manzura va dunyo kezgan Iroda Dilroz
“Javob ber” loyihasining bugungi qahramonlari yaqindagina “Muctahzod” qo‘shig‘ini duet tarzida kuylagan xonandalar — Manzura va Iroda Dilroz. Hayotda ham uzoq yillik dugona ijodkorlarning suhbati qiziqarli kechdi.

Iroda Dilrozning Manzuraga savollari:

1. Ijodingizni endi boshlaganingizda opera kuylaganingizni bilaman. Ayni kunlarda esa zamonaviy va milliy yo‘nalishlarda juda faolsiz. Kelajakda yana qaysi janrga murojaat etish niyatingiz bor?

2. Hayotdagi eng katta orzuingizni biz bilan bo‘lisha olasizmi?

3. Qo‘shiq yaratish jarayonida nimalar haqida ko‘proq o‘ylaysiz? Tinglovchiga taqdim etishdan oldin qanday maqsadlar bo‘ladi?

4. Hozirgi yosh xonandalarga ustozlik qila olarmidingiz?

Tushkunlikka tushib qolgan paytlaringizda kimdan, nimadan ruhlanasiz? Sizga turtki bo‘lib turuvchi so‘zlar bormi?

Manzuraning javoblari:

1. San’atkor doimiy ravishda yangilik yaratishi, tinglovchilarini kutilmagan ijodiy ishlari bilan hayratga solishi kerak, deb o‘ylayman. Janrlar haqida gap ketganda esa menimcha hali bu borada ko‘p yangiliklar bo‘ladi. Ammo ularni oldindan gapirib o‘tirmayman.

2. Har bir insonning qalbida yashirin orzulari bo‘lishi tabiiy. Lekin men ular haqida omma oldida gapirishni istamasdim.

3. Ochig‘ini aytish kerak, yoshligimda kuylagan ayrim qo‘shiqlarimni bugun tinglab qolsam, biroz afsuslanish hissini sezaman. Bugun har bir qo‘shiqni taqdim etishdan avval uning g‘oyasi, nima demoqchi bo‘layotganim haqida ko‘p o‘ylanaman. Ular orqali muxlislarimni yaxshilikka chorlab, chin ma’noda ma’naviy ozuqa berishni istayman.

4. Rosti, o‘zim ustozga muhtojman. Shunday ekan kimgadir yo‘l ko‘rsatishim menimcha, noto‘g‘ri ish. Ustoz bo‘lishning katta mas’uliyati bor! Hozircha, bu jiddiy vazifani bajara olishimga ko‘zim etmaydi.

5. Yaratgan, bizga bergan imkoniyatlardan to‘liq foydalanmasdan xato qilayotganim haqida ko‘p o‘ylayman.

Manzuraning Iroda Dilrozga savollari:

1. Bola paytingizdan o‘zbek san’atini dunyoga tanitib kelayotgan ijodkorlardan birisiz. Aytingchi, kelajakda yana qaerlarda bo‘lishni istardingiz?

2. 1991 yil, siz va Doston Ubaydullaev juda katta tadbirda ishtirok etish uchun ilk bor chet elga — Moskvaga borgandingiz. 27 yil avvalgi o‘sha kunlarni, bugun qanday eslaysiz?

3. Dunyoga mashhur bastakor Al-Rahman bilan ijodiy hamkorlik qilganingizdan ham xabarim bor...

4. Birgalikda kuylagan duetimiz “Mustahzod”ning klipini suratga olish uchun ko‘pgina qiyinchiliklardan o‘tib, uzoq vaqt kutdik. Shularga qaramay u siz kutgandek bo‘ldimi?

5. Siz xonanda, bolalar guruhida rahbari, bir oilaning bekasi va onasiz. Hammasiga ulgurish, hamma bilan til topishish, muomila va madaniyatni saqlab qolish qiyin bo‘lmayaptimi?

Iroda Dilrozning javoblari:

1. To‘g‘ri aytasiz, kasbim taqozosi bilan san’atimizni juda ko‘p davlatlarda namoyish etish baxtiga muyassar bo‘lganman. Endilikda esa borishga ulgurmagan dunyoning boshqa burchaklariga farzandlarim bilan birgalikda sayyohat qilish. Eng katta orzuim — Haj safarini amalga oshirishdir.

2. O‘shanda 11 yashar qizaloq edim. “Yalla” guruhining yigirma yilligi munosabati bilan Moskva shahrida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etganmiz. Doston ikkimiz jonli ijroda “Otmagay tong” qo‘shig‘ini kuylagandik. Sahnadagi ko‘ngilimizdan o‘tgan hayajonlar xuddi kechagidek esimda. Ustoz san’atkorlar qatorida biz, bolakaylarning ham bir sahnada turganimiz aslida katta baxt edi. Buning uchun ustozlarimiz Farrux Zokirov va Nodira Qurbonovadan juda minnadorman.

3. Manzura, qisqa savol-javoblar bilan hayotimdagi eng yorqin xotiralarga qaytaryapsiz. O‘shanda, 2003 yilda Al-Rahman Osiyo mamlakatlari bo‘ylab gastrol safarini amalga oshirgan. Unda men ham ishtirok etgandim. hindistonlik bu bastakor bilan ishlashim hamkorligimiz ijodimda yangi bosqichni boshlab bergan, deb o‘ylayman. Konsertlar davomida barcha xorijiy hamkasblar bilan tajriba almashib, o‘zim uchun ko‘p narsalarni o‘rgangandim.

4. Yaxshi ijodiy ishga osonlik bilan erishib bo‘lmaydi. Buni yaxshi tushunadigan inson sifatida klipni tayyor bo‘lishini sabr bilan kutdim. Qiyinchiliklarga qaramay, uni o‘ylaganimdek tugata olganimdan xursandman.

5. Ayol kishining joni qirqta, deb bekorga aytishmaydi-ku. To‘g‘ri, ayollarning ishi, hayotdagi vazifalari oson emas. Ammo mehnatdan qochmasdan, harakatda bo‘lish orqali natijaga erishilgan rohat, menimcha yoqimliroq. Bugun hayotda va ishdagi vazifalarimga ulgurishim uchun menga yordam berayotgan onam, yaqinlarim, enagam va yordamchilarimdan minnadorman. Ularning qo‘llab-quvvatlashi va doimiy ko‘maklari menga ko‘p asqatadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Opera kuylagan Manzura va dunyo kezgan Iroda Dilroz