15:49 / 03.05.2017
10 732

Feruza Saidova: “Markaziy Osiyoning eng yaxshi aktrisasi” bo‘lish xayolimga ham kelmagandi

Feruza Saidova: “Markaziy Osiyoning eng yaxshi aktrisasi” bo‘lish xayolimga ham kelmagandi
Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan “Ak ilbirs” mukofoti taqdirlash marosimida “Xazonrezgi” filmdagi obrazi uchun aktrisa Feruza Saidova “Markaziy Osiyoning eng yaxshi aktrisasi” deb topilgani haqida xabar bergan edik.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Xazonrezgi” filmi Qirg‘izistonning “Ak ilbirs” milliy mukofotining 3 ta: “Markaziy Osiyoning eng yaxshi filmi”, “Markaziy Osiyoning eng yaxshi aktyori", “Markaziy Osiyoning eng yaxshi aktrisasi” nominasiyalariga qo‘yilgandi. “Darakchi” gazetasi jurnalisti Sadoqat Allaberganova film rejissyori Zulfiqor Musoqov va aktrisa Feruza Saidova bilan bog‘landi.

14 aprel kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida mazkur filmdagi bosh rolni ijro etgan aktrisa Feruza Saidova “Markaziy Osiyoning eng yaxshi aktrisasi” deya e’tirof etildi.

— Feruza opa, avvalo mukofot bilan tabriklaymiz! Uchta nominasiya orasidan aynan qay biri g‘olib bo‘ladi, deb o‘ylagandingiz?

— “Ak ilbirs” milliy mukofotiga taklif qilishganida, shunchaki mehmon sifatida chaqirilganmiz, deb o‘ylagandim. Men uchun mukofotlanishim kutilmagan hodisa bo‘ldi. Chunki uchta nominasiyadan “Markaziy Osiyoning eng yaxshi filmi” nominasiyasida g‘oliblik nasib qiladi, degan xayolda edim. Ochig‘i, haligacha anglolmayapman (kuladi). Tabriklar qurshovida qoldim, bunga ham avvaldan tayyor bo‘lish kerak ekan.

— Rejissyor Zulfiqor Musoqovning ishtirok etolmaganidan afsuslangandirsiz-a?

— Albatta! Sog‘ligi sabab borolmadi. Taqdirlash marosimidagilar buni to‘g‘ri tushunishdi va ezgu tilaklarni etkazib qo‘yishimizni so‘rashdi.

— Zulfiqor aka, mehnatingiz samarasi bilan muborakbod etamiz! Taqdirlash marosimida nima sabab qatnasholmadingiz?

— Rahmat! Mukofot nasib qilganidan quvondim, albatta. Qatnashishni juda istagandim, biroq samolyotda uchishga qo‘rqqanim bois borolmadim. Shuning uchun sakkiz yildan buyon birorta festivalda ishtirok etolmayapman. “Ak ilbirs” milliy mukofotining taqdirlash marosimiga bosh rol ijrochilari Feruza Saidova va Bahriddin Abdullaev borishdi.

Film haqida: Rejissyor Zulfiqor Musoqov ta’biri bilan aytganda, “Xazonrezgi” muhabbat haqida. Birgina telefon qo‘ng‘irog‘i sokin yashayotgan oila-a’zolarining hayotini ostin-ustin qilib yuboradi. Filmda bosh qahramonlarning hozirgi hayoti va o‘tmishi qiyosiy tarzda ko‘rsatilgan. Kinokartina davomida ularning ichki dunyosiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Asosiy mazmun esa oila mustahkamligi, o‘zaro ishonch hamda kechirimli bo‘lish kerakligi xususida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Feruza Saidova: “Markaziy Osiyoning eng yaxshi aktrisasi” bo‘lish xayolimga ham kelmagandi