22:35 / 29.05.2017
14 002

«Qaynona qaynamasa, kelin aynimaydi»mi?

«Qaynona qaynamasa, kelin aynimaydi»mi?
«Qaynona qaynamasa, kelin aynimaydi» degan naqlni ko‘p eshitamiz. Sahifani bu maqol bilan boshlashimiz ham bejizga emas. Keling, bu haqda taniqli rejissyor, uch o‘g‘ilning onasi, ikki kelinning qaynonasi va bir nabiraning mehribon buvijonisi Zebo NAVRO‘ZOVAdan so‘rab ko‘ramiz.

IChKI QONUNLAR BILAN TANIShAMIZ
– Har bir xonadonning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor. Pardaning bu tomoni tashqaridan kelgan insonga ko‘rinmaydi. Shuni inobatga olgan holda qaynonalar kelinga tushuntirib, yangi muhitga moslashishiga ko‘maklashishlari lozim. O‘z navbatida kelin ham maslahatlarni to‘g‘ri qabul qilishi kerak.

«KELINLARNI SINASh KERAK!»
– Har bir ona, kezi kelganda, farzandini ham sinab turadi. Kelinlar ham o‘z bolamiz. Shuning uchun imtihonimizdan ular ham o‘tishga majbur. Axir o‘rgatganlarimiz qulog‘iga kirdimi, qo‘lidan keladimi, yo‘qmi bilib olishimiz kerak-ku. Masalan, o‘zim kelinlarimni ko‘p bora sinovdan o‘tkazganman. Xonadonimizda bir qonun bor. Har qanday sharoit va kayfiyatda ham inson, albatta, kulib turishi shart. Chunki ishdan charchab kelgan inson ana shu tabbasumga qarab chalg‘iydi. Bu borada katta kelinim Xumoraxonni va Asalni har hil vaziyatlar bilan tekshirib ko‘rganman. Har ikkalalari ham imtihondan a’lo baho bilan o‘tishganidan hursandman.

OVSINLARNING RAShKI...
– Xonadonga yangi kelinchak tushganda istasak, istamasak katta kelinlarda biroz qizg‘onish, «meniki» degan ichki kechinmalar o‘tishi aniq. Boshqa kishi kelgandan keyin, albatta, ishlar ham, diqqat-e’tibor ham ikkiga bo‘linadi. Bu paytda qaynona vaziyatni o‘z qo‘liga olishi shart. U ovsinlarning o‘rtasidagi nozik rishtalarga putur etkazmasligiga, ular opa-singildek qadirdon bo‘lishiga mas’ul, nazarimda. Qaynonajonlarga bu jarayonda oson tutmang. Chunki artistlik qilib, ularni bir-biriga yaxshi ko‘rsatish, mehr va e’tiborni ham ikki barabar oshirish, ovsinlarga bir-biri haqida yaxshi gaplarni aytib, maqtash kerak!

«QIZLARIMIZGA TO‘G‘RI TARBIYa BERAYLIK!»
– Yaxshi kelinni tarbiyalashga qizning onasi ham mas’ul. Dugonalarimdan biri yaqinda kelin tushirdi. To‘ydan keyin kelin 10–15 kun homush yuribdi. Gapirsa ham, ish qilsa ham hech chehrasi ochilmapti. Keyin dugonam gap nimada ekanini bilish uchun uni gapga solsa, «Onam to‘ydan keyin telefoningni qo‘lingga olmaysan. Qachon oyijoning «Onangizga qo‘ng‘iroq qilib qo‘ydingizmi?» deb so‘rasalar shunda sim qoqasan. Endi o‘sha xonadonning farzandisan» deb aytgandilar, debdi. Ochig‘i, onasiga qoyil qoldim. Bergan tarbiyamiz va o‘rgatgan odobimiz qizlarimizning yaxshi kelin bo‘lishini ta’minlaydi.

IShLARNI TO‘G‘RI TAQSIMLAYMIZ
– Bir uyda yashovchi kelinlarga, yoki turli yig‘inlarda ko‘rishadiganlariga ham yumushlarni teng taqsimlab berish kattalarning vazifasi. Bizning xonadonda ro‘zg‘or yumushlari hech muammo bo‘lmagan. Katta kelinim uyimizga kelganiga 3 yildan oshdi. U ham o‘ng, ham chap qo‘lim, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Gap so‘zlarim, qarashlarimdan nima xohlayotganimni bilib turadi. Asal xonadonimizga kelganida ham Xumoraxon bilganlarini o‘rgatib, yordamini ayamagan.

«KELINLARINGIZNI SIYLAB TURING»
– Har bir insonda ko‘ngil, degan nozik hilqat bor. Uning rayiga qarab turish esa katta va kichikning vazifasi. Kelinlarni rag‘batlantirib turish shart. Qaynonalarimiz ham bayramlarda, hattoki, oddiy kunlarda ham kelini ko‘pdan beri orzu qilib yurgan narsalarni sovg‘a qilsalar olam guliston.

«ALOHIDA YaShASh? QARIShMASMAN, AMMO...»
– Bugun yoshlarimiz xorijiy kino, seriallarni ko‘rib, yoki zamonning zayli bilanmi, bilmadim, darhol alohida yashashni istashadi. Ammo men, to‘ydan so‘ng shu zahoti ularni mustaqil hayotga uchirma qilishga biroz qarshiman. Chunki qaynona uyning kattasi sifatida hamma narsani o‘z nazoratiga olishi lozim. Yoshlar bir-biriga ko‘nikib, oilaga singib ketgunicha ularga ko‘z-quloq bo‘lib turishi kerak. Axir yangi kelin xonadonning qoidalarini o‘rgangunicha kattalar yonida bo‘lsa, nimasi yomon? Aynan o‘zimga kelsak, men ham to‘ydan keyin kelinlarim bilan birga yashadim. Hozir esa ikki o‘g‘limni ham alohida chiqarganman. Chunki ular ijodkor. Ularga tinchlik, erkinlik kerak. Ilhom kelganda chalg‘imasdan, o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lishini istadim. Bundan tashqari hali qariganimcha yo‘q. O‘zimni o‘zim eplay olaman. Ammo dam olish yoki bayram kunlari hammamiz hovlimizda yig‘ilib, birgalikda vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘ramiz.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Qaynona qaynamasa, kelin aynimaydi»mi?