22:13 / 09.08.2017
16 731

Baxtiyor Sayfullaev Madaniyat vaziri lavozimiga tayinlandi

Baxtiyor Sayfullaev Madaniyat vaziri lavozimiga tayinlandi
Bugun, 9 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev videoselektor o‘tkazdi. Unda vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etgan.

Yig‘ilishda ishtirok etgan “Qalampir.uz” manbasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri lavozimiga 2012 yildan buyon O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori lavozimida ishlab kelayotgan Baxtiyor Sayfullaevich Sayfullaev tayinlangan.

Baxtiyor Sayfullaev 1974-2002 yillarda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, fakultet dekani, prorektori, 2002-2005 yillarda sobiq Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at instituti rektori, 2005-2012 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirining Madaniyat ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

U professor ilmiy darajasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi unvonlari bilan mukofotlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15 fevral kuni “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatildi va uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashkil etildi. 24 fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri direktori Mahmud Murodov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri etib tayinlangandi. Ayni damda Mahmud Murodovning qaysi lavozimga o‘tkazilgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Madaniyat vaziri bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori lavozimida ham faoliyat yuritadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Baxtiyor Sayfullaev Madaniyat vaziri lavozimiga tayinlandi