22:26 / 18.08.2017
7 481

Maxset O‘temuratov: «Ozodbek Nazarbekov meni masxara qilyapti, deb o‘yladim»

Maxset O‘temuratov: «Ozodbek Nazarbekov meni masxara qilyapti, deb o‘yladim»
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarida xizmat ko‘rsatgan artist Maxset O‘temuratov Ozodbek Nazarbekovning «Mendirman» klipida qanday suratga tushgani haqida gapirib berdi, deb yozadi «Qoraqalpog‘iston yangiliklari» nashri. Bu haqida Daryo.uz yozdi.

— Bir kuni Ozodbek «Maxset do‘stim, sizlarda iqtidorli aktyorlar ko‘p. Menga Chingizxon rolini ijro etadigan aktyorning rasmlarini yuborsangiz», — dedi. Shundan so‘ng teatrdagi bir nechta aktyorlarning rasmlarini yubordim. Qarab o‘tirdik, «yana yubor, yana yubor», deganidan so‘ng, qo‘lim bo‘sh paytida teatr grimyor xodimidan iltimos qildim, «Menga soqol qo‘yib, chiroyli qilib grimlab bering, do‘stimga yuboray», — dedim. Shu tariqa hazillashib teatr kiyimlarini kiyib, «Mana bu odam qalay?» — deb rasmni yubordim. Ko‘rdi, biroq men ekanimni tanimadi. Meni tanimaganini, meni masxara qilyapti deb tushundim. «Aynan shu odam kerak edi menga, shu odamni izlayapman. Nimaga avvalroq menga shu odamni rasmini yubormadingiz?» — dedi.

Shundan so‘ng men ham hazillashdim. Boisi meni tanib turib, meni ustimdan kulyapti deb o‘yladim-da, «Ozodbek do‘stim, bu inson sening klipingga tushmaydi. U katta odam. Barcha kinolarda, hattoki Qozog‘istondagi katta-katta filmlarda rol ijro etib yurgan qoraqalpog‘istonlik aktyor akamiz, ustozimiz hammamizning», — deb hazillashdim. Biroq u hazillashganim sari jiddiy tushundi. Bir payti qarasam, «O‘sha insonning telefon raqamini bering menga, shu odam bilan gaplashay», — dedi. «Yaxshi, mana», — deb o‘z raqamimni berdim. Keyin «O‘zingizning raqamingizni berdingiz-ku», — dedi. Men aytdimki, «O‘sha odam hozir yonimda edi, shu raqamga telefon qilavering». Voqealar rivoji jiddiy tus ola boshladi.

Telefonda «Ha, Ozodbek o‘g‘lim, yaxshimisan, sog‘liqlaring yaxshimi?» — dedim. Ozgina gaplashganimizdan so‘ng, «Hoy Maxset, sen odamni jinni qilding-ku» — deb kulib yubordi.
O‘sha paytda «Mendirman» klipining bosh rejissyorlari Nodir aka, Xurshid akalar ham birga o‘tirgan ekanlar. Rosa kulishdik. Keyin Ozodbek «Bo‘ldimi, unda Maxset shu rolda o‘ynaydimi?» — deya rejissyorlarga yuzlandi.

Hazillashaman deb, oxiri hazil chinga aylandi. Natijada 10 may kuni Jizzaxning Zomin tog‘larida klip s’yomkasi boshlandi. Do‘stimiz iltimosiga binoan talab qilingan ko‘rinishlarni ijro etib berdim. Men o‘ynagan Chingizxon obrazini suratga olish uchun 5 kun vaqt ketdi. Yaqinda klip premerasi payti Toshkentda Ozodbek Nazarbekov bilan birga ushbu klipni tomosha qildik. Klip yaxshi olingan, tan olish kerak. Biroq u erda bosh qahramon Chingizxon emas, Jaloliddin Manguberdi.

Chingizxon filmlarini ko‘rgan insonlar aytdiki, sizning yuzingizda Chingizxonning g‘azabi ko‘rinmagan, sizning yuzingizda kulgi bilinib turibdi. Chingizxon yovuz odam bo‘lgan, uning ko‘zlarini ko‘rganda «odamni eb qo‘yadigandek» bo‘lgan. Siz esa muloyim Chingizxon bo‘lib qolgansiz, deyishdi (kuladi).

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Maxset O‘temuratov: «Ozodbek Nazarbekov meni masxara qilyapti, deb o‘yladim»