09:18 / 19.08.2017
8 815

"Mening yurtim"da yirtiq shim va ko‘z-ko‘z qilinayotgan qomat

"Mening yurtim"da yirtiq shim va ko‘z-ko‘z qilinayotgan qomat
May-faymi, vay-vaymi degan (aniqrog‘i “Mening yurtim”) telekanalda “Muzqaymoq” degan ko‘rsatuv bor ekan. Shunga ko‘zim tushib qoluvdi. Shimining tizzasi yirtiq boshlovchisini ko‘rib qo‘rqib ketdim. Tizzasini it tishlavoldimikin yo tizzasini mix-pixga ilvoldimikin, deb o‘yladim-da. Keyin bilsam tizzasi yirtiq kiyinish moda ekan. Hah modanga parmo‘dam!.. Qizbola narsa uzun kuylak kiymaganinga yarasha butun shim kiysang o‘lasanmi?! Ayniqsa, bolalar eng ko‘p ko‘radigan ko‘rsatuv boshlovchisi shunaqa bo‘lsa-ya?! Bolalar qanday o‘rnak oladi? Ibrat oladigan manbasi shu ahvol bo‘lsa kimdan ibrat oladi?!

TV dagi qizlar shunaqangi didsizki ularning kiyinish madaniyatidan bir pulga qimmat dunyoqarashi ko‘z oldimga keladi. Tarsillagan figurasini ko‘z-ko‘z qilish qachongacha davom etadi? Balki men zamondan orqada qolgan didsizdirman. Lekin zamondan orqada qolgan mendek “didsiz” odam butun dunyo bo‘yicha telekanallarni ko‘raman. Masalan, Germaniya telekanallari boshlovchilarining kyinishi ko‘rib juda xavas qilganman.

Gap shundaki, ular shunaqangi oddiy, shunaqangi sipo, shunaqangi arzon kiyimlar kiyib chiqishadiki, men nemischa biladigan do‘stlarimdan boshlovchilar nega bunday kiyinishadi, deb so‘raganman. So‘raganimda ular “juda odmi kiyimdagina xalq e’tiboriga erishadilar, azbaroyi xalqqa yaqin bo‘lish uchun” deb javob berganlar.

Men asl mollarni, asl san’atni yaxshi ko‘raman. Taraqqiy etgan davlatlardan kelgan sayyohlarda ham huddi shu narsani ko‘raman. Ular bizning atlas, adras, banoras matolarimizni ko‘rsa o‘zini tomdan tashlaydi, intiladi. Bizning farosatsiz, didsiz qizlarimiz esa, tizzasini it tishlagan, etagini it g‘ajigan allaqanday axlat matolariga intilishini ko‘rib taajjubga tushaman!

“Oriat-dono”da eshitib qoluvdim: Bir san’atkor “Biz ibtidoyi tuzumda toshlarni bir-biriga urib o‘t chiqarib yurgan, o‘ziga bir parcha mato topib bo‘lsayam avratini berkitgan davrdan taraqqiylashib keldik. Endilikda esa asta-sekin kiyimlarimiz torayib kaltalashib o‘sha davrga yaqinlashayotgandekmiz...” degan edi. Uning ham gapida jon bordek...

Men, ey odamlar! O‘zi ko‘kragi ochiq, ishtonsiz bo‘la turib “Ommaviy madaniyat”ni yo‘qotaylik deb gapirsa labim titrab, asabim o‘ynab, xasipim sovib, har tukim obdor bo‘lib, tepa sochim tikka bo‘ladigan bo‘lib qolibman...

Ey qavm, ey o‘shnaqa kiyingan qizlarning ota-onasi, ey ustoz-murabbiylar, ey fayzbog‘ ahli, ey boshqalar, o‘zimizni hurmat qilmasak-da, 32 millionlik xalqni hurmat qilaylik, ayniqsa aynan va AYNAN ommaviy minbar bo‘lgan televidenie boshlovchilari bizning yaqinlarimiz bo‘lsa, bir og‘iz aytib qo‘yaylik! Bo‘ldi-da endi: ko‘rmaganni ko‘rgani qursin, bo‘ldi-da endi!..

Shukur Jabbor


Manba: Dia.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » "Mening yurtim"da yirtiq shim va ko‘z-ko‘z qilinayotgan qomat