15:10 / 04.09.2017
9 666

Lola Karimova-Tillyayeva va Timur Tillyayev prodyuserlik qilgan film g‘olib bo‘ldi

Lola Karimova-Tillyayeva va Timur Tillyayev prodyuserlik qilgan film g‘olib bo‘ldi
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi, “Sen yolg‘iz emassan” respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi raisi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Lola Karimova-Tillyayeva turmush o‘rtog‘i Temur Tillyayev bilan “Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” nomli kartinaga prodyuserlik qilishayotgani haqida xabar bergan edik.

Kartina 19 iyun kuni Jenevada premera qilingandi. Bahodir Yo‘ldoshev rejissyorlik qilgan mazkur film Iskya va Venetsiyada o‘tkaziladigan nufuzli kinofestivallarda ishtirok etishi haqida ma’lum qilingandi.

Iyul oyida Italiyaning Iskya orolida o‘tgan xalqaro kinofestivalda "Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon" nomli kinolenta eng yaxshi hujjatli film sifatida g‘oliblikka erishdi.

“Kuni kecha 74-xalqaro Venetsiya kinofestivali o‘tkazildi. Unda o‘rta asrlar buyuk allomasi va mutafakkiri Mirzo Ulug‘bek hayoti va ilmiy merosi haqida hikoya qiluvchi “Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” filmi “Eng yaxshi xorijiy hujjatli film” nominatsiyasida nufuzli “Kineo” mukofotiga sazovor bo‘ldi”, deb yozmoqda Lola Karimova-Tillyayeva.

Hujjatli filmda XV asrning buyuk astronomi Mirzo Ulug‘bek — Movarounnahr hukmdori hayotidagi fojialar, mushkulotlar va zafarlar aks etgan.

Filmda AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Rossiya, O‘zbekiston va Niderlandiyaning yetakchi olim va mutaxassislari Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyati haqidagi mulohazalari, ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashadi.

Kartinani suratga olishda Oksford universitetining Bodlian kutubxonasi, Britaniya muzeyi, Fransiyaning Observatoire de la Cote d’Azur rasadxonasi hamda Oksfordning St. John’s kolleji va Ilm-fan tarixi muzeyi artefaktlari, qo‘lyozmalari va eksponatlaridan foydalanildi. Suratga olish jarayoni Priston universiteti, Griffit rasadxonasi va Kaliforniya universitetida ham olib borildi.

Mazkur filmda Ma’ruf Otajonov, Javohir Zokirov va Hoshim Arslonov kabi aktyorlar qatori jahon kinosi yulduzlari bo‘lgan Vinsent Kassel, Armand Assante, Fransisko Ovalle ham ishtirok etishgan.

Film janr jihatdan hujjatli sanalsa-da, unda badiiy tasvir vositalaridan ham foydalanilgan. Tasvirga olish jarayoniga o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik kaskadyorlar jalb qilinib, o‘sha davrga mos tarixiy liboslarni tanlash va tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Film saundtreki Sevara Nazarxon tomonidan kuylangan.






Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Lola Karimova-Tillyayeva va Timur Tillyayev prodyuserlik qilgan film g‘olib bo‘ldi