22:28 / 01.01.2018
5 621

Bugungi har kunimiz qalbimizni hapriqtiradi

Bugungi har kunimiz qalbimizni hapriqtiradi
Hali bolaligimdayoq she’riyatga mehrim tushgan. Shoir bo‘lish orzusida yurgan u mahallar ijodkorning asl mas’uliyati haqida o‘ylab ko‘rmaganman, ehtimol. Oradan ko‘p yaxshi kunlar o‘tdi, ko‘ngil to‘lmagan ishlar ham ortda qoldi, orzular ushaldi. Fursat oralab chopib, go‘zal kunlarga yetib keldik...

Bugungi har kunimiz qalbimizni hapriqtiradi. To‘lib-toshib yashayapmiz. O‘zbekistonning, xalqimizning tolei baland ekanki, har yonda obodlik. Kuni kecha Prezidentimiz yana bir bor ijodkorlar bilan uchrashib, qalam ahliga alohida mehr bildirgani bizni g‘oyat to‘lqinlantirib yubordi. Xayolim yana moziyga qaytdi.

...Shavkat Mirziyoyev ko‘p kitob o‘qigan, asl kitobxon. Shu bois adabiyotni sevadi, ijodkorlarni hurmat qiladi, qadrlaydi. Dastlab yosh ijodkorlarning Zomin seminari tashkil etilishi timsolida bu mehrni his qilganmiz. Bundan 20 yil muqaddam Prezidentimiz Jizzax viloyati hokimi bo‘lib ishlagan kezlarda amalga oshirilgan tashabbus edi bu. Bugun Zominning “O‘riklisoy” darasi ko‘p iste’dodli yozuvchi-shoirlarning ijod mahsuli, she’r jarangi bilan to‘lib-toshgan.

Keyinchalik Bosh vazir bo‘lgan paytlarida ham ijodkorlar haqida ko‘p qayg‘urdi. Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Erkin Vohidov (ruhi shod bo‘lsin) betob bo‘lib yotganida Shavkat Mirziyoyev hol so‘rab borgan, shoirning ko‘nglini ko‘taradigan yaxshi gaplar aytgan. Erkin akaning sog‘lig‘ini shaxsan o‘zlari nazorat qilib turgan. Ijodkorga bo‘lgan g‘oyat tahsinli e’tibor edi bu.

Aytish kerak, orada adabiyotga bo‘lgan e’tibor biroz susaygan vaqtlar ham bo‘ldi. Hatto, adabiyot kimga kerak, degan botiniy savollar berila boshlandi. Qanday qayg‘uli buni eslash. Adabiyot o‘lsa, xalq nima bo‘ladi? Bas qildim. U kunlarni hozir eslamaylik, mavridi emas.

Kuni kechaga qaytaylik. Davlatimiz rahbari Adiblar xiyobonida biz bilan dildan suhbatlashdi. Aytdilarki, bizning ko‘p buyuk adabiyotimiz bor. Dunyo ahli ma’naviyatini boyitgan bobolarimiz ruhidan kuch olamiz. Toabad ularning qoni vujudimizda oqar ekan, hali biz go‘zal ijod qilamiz, kitoblar chop etamiz.

Adabiyot maktablari haqida gapirdi. Farg‘onada Erkin Vohidov, Andijonda Muhammad Yusuf, Qashqadaryoda Abdulla Oripov, Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya, Qoraqalpog‘istonda Ibroyim Yusupov nomidagi maktab-internatlar yosh adabiyot ixlosmandlari uchun katta imkoniyat. Prezidentimiz bu maktablarga ustoz ijodkorlarimiz borib, yoshlarga dars berish, adabiy suhbatlar uyushtirish taklifini bildirdi. Har bir maktabga adabiy nashrlar yetib borishi kerak, dedi jonkuyarlik bilan.

Mana, uyushmamizga zamonaviy bino sovg‘a qilinmoqda. Bu bizning Vatan ichra mo‘’jaz Vatanimizdir. Shu paytgacha Yozuvchilar uyushmasi o‘z binosiga ega emasdi. Ijarada turardi, ko‘p binolarga ko‘chdik, sarson bo‘ldik. Nihoyat biz istagimiz ro‘yobini ko‘rayapmiz.

Bino ichida kutubxona, muzey tashkil etilmoqda. Davlatimiz rahbari bu yerni eng zo‘r asarlar bilan boyitish, jahon adabiyoti, qardosh xalqlar durdona asarlarini joylashtirishga e’tibor qaratdi. Kutubxona va muzey bizning faxrimizga aylanishi, yurtimizga kelgan mehmonlarni bu yerga olib kelsak, ular ham quvona oladigan darajada bo‘lishi kerak, dedi Shavkat Miromonovich.

Davlatimiz rahbarining adabiyot – yuksak ma’naviyat, hayot-mamot masalasi, shu ma’noda 25-30 yillik davrda biz vaqtni boy berib qo‘ydik. Endi shu xatolarni to‘g‘rilashimiz kerak, degan g‘oyat dolzarb fikrlari bizni yangicha ruhda ijod qilishga undamoqda.

Iqbol Mirzo,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari,
O‘zbekiston xalq shoiri.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Bugungi har kunimiz qalbimizni hapriqtiradi