07:34 / 22.02.2018
5 352

O‘zbekistonlik adib va olimlar Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi

O‘zbekistonlik adib va olimlar Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi
O‘zbekistonlik bir guruh adib va adabiyotshunos olimlar Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy bog‘-muzeyi tashkil etilishi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik xati yo‘lladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Maktubda, jumladan, shunday deyiladi:
Sizning jamiyat hayotining boshqa barcha jabhalari qatorida adabiyotimizga bo‘lgan yuksak e’tiboringiz biz — adiblar, adabiyotshunos olimlar va umuman adabiyot ahlining ayni ko‘nglimizdagi ish bo‘layotganini aytishdan benihoya mamnunmiz. Kecha — 20 fevral kuni yana bir xushxabarni, ulkan savobli ish boshlanganini eshitdik. Sizning bevosita tashabbusingiz va rahnamoligingizda Toshkent shahri, “Samarqand darvozasi” mahallasida joylashgan buyuk adib Abdulla Qodiriy yashab ijod qilgan uy va bog‘ hovli hududida bog‘-muzey tashkil etish, bu ishlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘ ajratish va 2018 yil yakuniga qadar tugallash rejalashtirilgani haqidagi xabarni o‘qib, to‘g‘risi, ko‘zlarimizga quvonch yoshlari keldi. Bu xayrli ish xalqimizning ko‘p yillik armoni edi.

Shuning bilan birga, bu savobli ish tarixiy haqiqatning, adolatning qaror topishidir. Xalqimiz ko‘nglidagi go‘yo ushalmasdek tuyulgan orzuning ro‘yobga chiqishidir. Chunki Abdulla Qodiriy o‘zbek romanchiligining asoschisi bo‘lib tarixga kirdi. “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari, she’rlariyu hikoyalarida birinchilardan bo‘lib milliy istiqlol g‘oyasini kuyladi. O‘z Vatanining ravnaqini, ona xalqining dunyodagi taraqqiy etgan millatlar darajasiga ko‘tarilishini orzu qildi. Asarlari mohiyatida ana shu hayotbaxsh g‘oyalarni aks ettirdi.

Mudhish 1938 yilgi qatag‘on qurboni bo‘lgan Abdulla Qodiriy nomi faqat 1956 yilga kelib oqlandi. Biroq shundan keyin to mustaqillikkacha o‘tgan 35 va istiqlolning 26 yili davomida buyuk adib yashagan uy e’tiborsiz qolib keldi. Yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlar muntazam ziyorat qilib keladigan bu maskan obod qilinmadi. Abdulla Qodiriy yashagan uyni muzeyga aylantirish borasida bir qancha marta yuqori idoralarga murojaat etilgan bo‘lishiga qaramay, bu xayrli ish amalga oshmay kelar edi. Ana shu ezgu ishga Sizning rahnamolik qilishingiz ko‘ksimizni tog‘dek ko‘tardi.

Xalqimizning qalbini o‘rtab kelgan armon ortda qolgani rost bo‘lsin! Ushbu benihoya ulkan savobli ish uchun butun adabiyot ahlining minnatdorligini qabul qilgaysiz.


Maktubga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev, filologiya fanlari doktorlari Umarali Normatov va Nurboy Jabborov, yozuvchilar Sobir O‘nar va Isajon Sulton imzo chekkan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » O‘zbekistonlik adib va olimlar Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi