23:26 / 24.06.2018
8 305

Yangi 5 ta klip «behayo qiliqlar» va boshqa xatolar tufayli badiiy kengash tomonidan rad etildi

Yangi 5 ta klip «behayo qiliqlar» va boshqa xatolar tufayli badiiy kengash tomonidan rad etildi
Foto: «O‘zbekkonsert»
21 iyun kuni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi qoshidagi qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash Badiiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kengashda yetti xonanda tomonidan taqdim etilgan videokliplar ko‘rib chiqildi. Bu haqda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Kengash a’zolari xonanda Aziz Rametov ijro etgan Derin Deniz deb nomlangan qo‘shiq (turk tilida) xususida fikr-mulohazalarini bildirdi. Xususan, ushbu qo‘shiqning musiqasi atroflicha muhokama etilib, A.Rametov uni aynan turk tilida ijro etgani sababli qo‘shiq muallifidan rozilik olishi shartligi uqtirildi. Unga ishlangan videoklipdagi tasvirlarda o‘zbek milliy mentalitetiga mos bo‘lmagan xatti-harakatlar, beo‘xshov va behayo qiliqlar, ma’naviyatga zid holatlarning tasviri, ommaviy madaniyat targ‘ibotining kuchliligi, yoshlarning ongini zaharlovchi g‘oyalar ilgari surilgani bois ushbu klip bir ovozdan rad etildi. Aziz Rametovga ushbu qo‘shiq uchun muallifdan ruxsat va qaytadan klip olish tavsiya etildi.

Husan Tojimirzayev ijro etgan «Layli» qo‘shig‘iga ishlangan videoklip boshlanishidagi dialogda so‘zlarning nojoiz ishlatilgani aytib o‘tildi va ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilganidan so‘ng, kengashga qayta taqdim etilishi ta’kidlandi.

Xudoyor Alimov tomonidan «Ishq» deb nomlangan videoklipning she’r matni, ijrosi va musiqasi jihatidan talabga javob berishi, klipda badiiy yaxlitlik o‘z ifodasini topganligi bois efirga uzatishga tavsiya berildi.

Sabina Mamatqulova ijro etgan «Orzu» qo‘shiq matni she’riyat talablariga mutlaqo javob bermasligi, «jodu» so‘ziga «orzu» so‘zining qofiyadosh qilib takror va takror qaytariq tarzida kuylangani, klip mazmuni bilan qo‘shiq mazmunida uyg‘unlik yo‘qligi tufayli bu videoklip ham Kengash a’zolari tomonidan rad etildi.

Abror Azizov kuylagan «Do‘st» qo‘shig‘iga ishlangan videoklipdagi tasvirlar nihoyatda g‘aliz va beo‘xshov, qo‘shiq matniga tasvir vositalarining zidligi, qolaversa, klipdagi dialoglar bachkana so‘zlardan iboratligi bois rad etildi. Xonanda Navruz Sobirov ijro etgan «Botti-botti» qo‘shig‘i matni jihatidan juda g‘arib va sayozligi, qo‘shiqda g‘arbga taqlid kuchli ekanligi, milliylikdan uzoq, qadriyatlarga mutlaqo zid tasvirlar mavjudligi e’tirof etilib, ushbu videoklip ham rad etildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yangi 5 ta klip «behayo qiliqlar» va boshqa xatolar tufayli badiiy kengash tomonidan rad etildi