15:43 / 03.09.2018
12 799

Bollivudning eng mashhur aktyorlaridan biri Jon Abraxam haqida…

Bollivudning eng mashhur aktyorlaridan biri Jon Abraxam haqida…
Navbatdagi maqolamiz orqali hind aktyorlari orasida oʻzining ajoyib va xilma-xil rollari bilan ajralib turuvchi aktyor Jon Abraxam haqida soʻzlamoqchimiz.

Bollivudning eng mashhur aktyorlaridan biri Jon Abraxam 1972 yil 17 dekabrda Mumbayda tugʻilgan. Aslida, aktyorning haqiqiy ismi Farxan Abraxam. Boʻlajak aktyor reklama agentligidagi faoliyatida model sifatida koʻzga koʻrinib kelayotgan bir paytda sport turlaridan biri — bodibilding boʻyicha murabbiy boʻlib ishlagan. Aktyor 2003 yilda suratga tushgan “Jism” filmi orqali erkak modellar ham kinoda oʻz oʻrnini mustahkam topa olishini isbotlagan.

Maʼlumki, Jon Abraxam “Water” kinosida eng esda qolarli obrazni yaratgan. Hatto ushbu film “Oskar-2006” taqdimotida birinchi beshtalikka kiritilgan.

“Ad Labs” kompaniyasi Jon Abraxam bilan 6 film ustida 220 millionlik shartnoma tuzgan. Bu kompaniya bunga qadar Ritik Roshan bilan 320 millionlik va Akshay Kumar bilan ham yirik shartnomalarni tuzgan edi.

Ilgari Jon Abraxam suratga tushgan filmlarni boshqa dublyaj aktyorlari ovozlashtirishgan. Hozir aktyor oʻzining hindcha talaffuzidagi kamchiliklarni bartaraf etib, barcha oʻynagan rollariga oʻzi ovoz beryapti.

Aktyor boʻsh vaqtlarida mototsikl haydashni yaxshi koʻradi. Har kuni ertalab ikki soat gimnastika bilan shugʻullanadi.

Maʼlum boʻlishicha, Jonning maktab davrida ikkita mashgʻuloti boʻlgan ekan. Ulardan biri futbol boʻlsa, ikkinchisi — mototsikl. Abraxamning yoshlikdagi bu qiziqishlari aktyorlik faoliyatida juda asqatgan. Masalan, u “Dhoom” (“Tezlik”) kinosida bosqinchi-oʻgʻri rolini gavdalantirganda, mototsikl haydashni bilgani qoʻl kelgan. “Dhan Dhana Dhan Goal” filmida esa futbolchi sifatida namoyon boʻlgan edi. Ayni kunlarda aktyor gitara chalishni oʻrganyapti. U yaratayotgan “Rock Star” filmidagi obrazi Jonni shunga undadi.

Jon Abraxam yaqinda hind futbolining tijorat brendi boʻlishga rozilik bildirdi. Uning fikricha, qachonlardir hind futboli jahon chempionatida qatnashib, chempion boʻlar ekan.

Bundan tashqari, aktyor muntazam ravishda xayriya ishlari bilan ham shugʻullanib turadi. U “Habitat for Humanity” tashkiloti bilan hamkorlikda 2007 yili Hindiston qishloqlaridagi aholi uchun besh mingta uy qurib berdi. 2008 yilda esa bu koʻrsatkich sakkiz mingtaga oshdi.

Aktyor ayollar bilan bogʻliq savollarga doim “Men ayollarni ikki turga ajrataman. Birinchisi, yaxshi ayollar boʻlsa, ikkinchisi, juda ham yaxshi ayollardir. Men uchun shaxsan hind ayol va qizlaridan chiroylisi yoʻqdek goʻyo”, deb javob beradi.

Jonning taʼkidlashicha, u umrboqiy sevgiga ishonadi. Sevgi butun dunyoni qutqaradi, deya takror-takror soʻzlaydi aktyor. Jon Abraxamning shaxsiy hayoti hamkasblari kabi yulduzlik pillapoyalarining boshlangʻich nuqtasidanoq jurnalictlar nazariga tushgan.

2001 yilda aktyor oʻzi bilan bir necha filmlarda, xususan, Hindistonda omad choʻqqisini zabt etgan “Jism” kartinasida suratga tushgan latofatli aktrisa Bipasha Basu bilan uchrashishni boshlaydi. Ularning orasidagi muhabbat tarixi 2010 yilga qadar davom etadi. Muxlislaru jurnalistlar juftlikning toʻy haqidagi yangiligini kutishayotgan bir paytda ular oʻrtadagi rishtaning uzilganligini eʼlon qilishadi. Bunga nima sabab boʻlganini esa ikkala tomon ham sir tutadi.

Jonning yangi tanlagan insoni nafaqat modellikka, balki kino sanoatiga ham hech qanday aloqasi yoʻq maftunkor Priya Ranchal boʻldi. Priya bank sohasida faoliyat olib boruvchi oddiygina qiz edi. Ammo mana shu soddaligi va ochiqkoʻngilli bilan u aktyorning qalbini zabt etdi-da, uning bir umrlik muhabbatiga aylandi va juftlik 2014 yil 3 yanvarda Los-Anjelosda turmush qurdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Bollivudning eng mashhur aktyorlaridan biri Jon Abraxam haqida…