18:18 / 08.10.2018
6 873

Yulduz Turdiyeva Fransiyada katta konsert dasturini taqdim etdi

Yulduz Turdiyeva Fransiyada katta konsert dasturini taqdim etdi
Milliy maqom sanʼatimiz tili va millatidan qatʼiy nazar, jahon xalqlarini doimo oʻziga maftun etib kelgan. Uning sehrli kuchi, betakrorligi xorijliklarning ham sel boʻlib tinglashida yaqqol namoyon boʻladi.

Yaqinda Fransiyada katta konsert dasturini namoyish etib qaytgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Yulduz Turdiyeva oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashar ekan, bu haqda quyidagi fikrlarni bildirdi, deb yozmoqda “Xalq soʻzi” nashri.

— Milliy musiqa va maqomlarimiz zamirida insonni ezgulikka chorlaydigan, uning qalbidagi eng nozik, eng goʻzal tuygʻularni uygʻotadigan buyuk ilohiy kuch bor. Shuning uchun ularni oʻzbek tilini tushunmagan inson ham jon qulogʻi bilan eshitadi, olqishlaydi, ardoqlaydi.

Fransiyada xuddi mana shu holatga guvoh boʻldik. Parijda sanʼat ixlosmandlari bizni juda iliq kutib oldi. Koʻhna shahardagi muhtasham “De la Vill” teatrida oʻtkazgan konsertimiz milliy merosimiz ixlosmandlarining joʻshqin qoʻllab-quvvatlovi, ashula va raqslar jilosining qalblarga koʻchgani bilan oʻziga xoslik kasb etdi. Dugoh maqomidan, Buxoro mavrigilaridan, xalq laparlaridan kuyladik, dutor, tanbur, gʻijjak, doira sadolari yangradi. Konsertimiz tugagach, sahnadan chiqib ketar ekanmiz, “tasanno”, “ofarin” degan soʻzlar tinmadi...

Shu oʻrinda “koʻhna qitʼa”da katta konsert dasturini tashkil etishda yaqindan yordam bergan musiqashunos olima Soudabex Kia xonimga katta minnatdorlik bildiramiz.Shu oʻrinda biz, xonandalarning har bir yutugʻi mamlakatimizda sanʼat ahliga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, yaratib berilayotgan qulay sharoitlar mevasi, deb bilaman. Ayniqsa, milliy maqom rivojiga Prezidentimiz alohida eʼtibor koʻrsatayotgani, yurtimizda xalqaro sanʼat anjumanlari oʻtkazilayotgani musiqiy durdonalarimiz dovrugʻining olamga keng yoyilishiga xizmat qilyapti.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yulduz Turdiyeva Fransiyada katta konsert dasturini taqdim etdi