23:10 / 23.10.2018
7 922

Raqqosa Muhabbat G‘ulomova o‘zining raqobatchisi kim ekanligini oshkor qildi

Raqqosa Muhabbat G‘ulomova o‘zining raqobatchisi kim ekanligini oshkor qildi
O‘zining go‘zal raqslari va «Bir kam dunyo», «Zebuzar» kabi film hamda seriallardagi betakror rollari orqali xalqimizga yaxshi tanish bo‘lgan san’atkor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Muhabbat G‘ulomova (Qurbonova) jurnalist savollariga dangal javob berdi.

— Muhabbat opa, bir paytlar hamkasbingiz Parizoda bilan ahil dugona edingiz. Ammo bir necha yil avval oralaringizdan olamushuk o‘tib, janjallashganlaringiz haqida turli gaplar tarqaldi. Hozir munosabatlaringiz qanday?

— Parizoda ikkimiz birga ishlagan kezlarimiz raqobatchi sifatida bir-birimizdan o‘zishga, nimalardir o‘rganishga qattiq urinardik. Ammo oramizga hech qachon sovuqchilik tushmagan. Hozir munosabatimiz oldingidan ham yaxshi. Tadbirlarda uchrashib qolsak samimiy gaplashamiz, ijodiy yangiliklarimizni o‘rtoqlashamiz. U ham, men ham oilalimiz va farzandlarimiz bor. Munosabatlarimizga rahna soluvchi «dedi-dedi»larga ahamiyat bermayman. Muhimi inson qalbi pokiza, ishonchi mustahkam bo‘lishi kerakligini anglab yetdim.

— Ilk bor katta sahnaga necha yoshingizda chiqqansiz?

— Kareramdagi birinchi katta qadamni O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Yulduz Usmonovaning yakkaxon konsert dasturida tashlaganman. O‘shanda 15 yoshda bo‘lib, Yulduz opaning «Guloyim» nomli uyg‘urcha qo‘shig‘iga raqs tushganman. Meni ansambldan o‘zlari tanlab olgan. Hayajondan dir-dir titrab, tayyorgarlik jarayonlarida raqsga ham tusholmaganman. Shunda Yulduz opa urishib, tanbeh ham bergan va yig‘latgan. Bu albatta, mening foydam uchun edi. Afsonaviy san’atkor bilan birga ishlasam, o‘zimga ko‘p narsalar olaman. Biz bilmagan jihatlarni ham o‘rgatishga ko‘maklashadi, juda jonsarak inson. Hanuz ular bilan birga ishlash baxti nasib etayotganidan behad mamnunman. Ilohim hamkorligimiz bardavom bo‘lsin.

— «Zebuzar» teleserialidagi rolingizdan ke­yin kino sohasida omadingiz chopdi va yurtdoshlarimiz sizni aktrisa sifatida ham kashf qildi. Ijroingiz to‘g‘risida tomoshabinlardan qanday fikrlar eshitgansiz?

— Nabi Hoshimovning «Toptalgan gul» hikoyasi asosida suratga olingan «Zebuzar» serialida bosh rolni ijro etganimdan haligacha afsuslanmayman. O‘sha paytlarda ko‘cha-ko‘yda ayollar ko‘rib qo­lishsa, «Peshonang bunchalik sho‘r bo‘lmasa-ya?!», deb achinib gapirishardi. «Qaytib bu kabi rollarni o‘ynamang», deganlar ham bo‘lgan. Ayrimlarning «Rolingizning tarbiyaviy ahamiyati bor. Bunday obrazlarni ham kimdir o‘ynashi kerak-ku!», degan fikrlarini eshitib, xursand bo‘lganman. Lekin rolimni o‘ynashdan cho‘chimaganman. To‘g‘ri, ba’zi sahnalarda uyalganman. Ammo aktrisa sifatida uni rad etishga yoki suratga olish jarayonida rolga nisbatan injiqlik qi­lishga haqqim yo‘q edi, nazarimda.

— Singlingiz Malika Qurbonova ham raqqosa va aktrisa sifatida elimiz mehrini qozongan. O‘rtalaringizda raqobat muhiti mavjudmi?

— O‘zingiz ham yaxshi bilasiz bir sohada ishlaydiganlar raqobatchi sanaladi. Mening ham raqqosa sifatida eng birinchi raqobatchim Malikadir. Uning raqs texnikasi o‘ta kuchli, mukammal. U ham meni o‘ziga raqobatchi, deb hisoblashini ko‘p aytadi. Ammo bir-birimizga hech qachon hasad qilmaymiz. Kamchiliklarimizni aytishdan tortinmaymiz. Shaxsan men tanqidni to‘g‘ri qabul qilaman. «Kamchiligimni bosh­qalardan eshitganimdan ko‘ra, sendan eshitay», deyman. Singlim esa salgina uchini chiqaradi-da, silliqlab ketadi.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Raqqosa Muhabbat G‘ulomova o‘zining raqobatchisi kim ekanligini oshkor qildi