05:03 / 04.11.2018
3 998

Yigirma yildan keyingi diydor

Yigirma yildan keyingi diydor
Joriy yilning 24 — 28 oktyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasida Qirg‘iziston Respublikasining «Qirg‘iziston madaniyati kunlari» bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlar yurtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi, foto va amaliy san’at namunalari ko‘rgazmasi, qirg‘iz filmlari, konsert dasturi namoyish etildi.

Ikki xalq muhabbati

Nagima ALAMANOVA, Xalq amaliy san’ati bo‘yicha rassom:
— Toshkentda tashkil etilgan ko‘rgazmamiz «Qizil olma» deb nomlanishida ramziy ma’no bor. Bu ikki qardosh xalqning bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibati timsoli hamdir. Xalq orasidagi bunday ezgu qadriyatlarni Chingiz Aytmatov barcha asarlarida tarannum etgan. Shu sababli fotoko‘rgazmaning asosiy qismi buyuk adib ijodiga bag‘ishlandi. Shaxsan men Chingiz og‘aning ijodidan ta’sirlanib, qirg‘iz xalqining eng ezgu qadriyatlarini ramzlarda ifodalashni xush ko‘raman. Xalq amaliy san’ati shunchaki chiziq yoki naqshlar emas, ularda juda katta falsafiy fikrlar mujassamlashgan. Bunday holat o‘zbek xalq amaliy san’at namunalarida ham bor. Ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarning mustahkamlanishi ijodkor va ziyolilarning ijodiy hamkorligiga ham keng yo‘l ochadi, deb bilaman.

Xalqimizga yuksak ehtirom

Baxtibek SEKIMOV, Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari:
— Biz bunday kunlarni qariyb yigirma yil kutgan edik, desam, mubolag‘a emas. O‘tgan yili oktyabr oyida Qirg‘izistonda «O‘zbekiston madaniyati kunlari» bo‘lib o‘tdi. Iqtisod, turizm, madaniyat sohalaridagi bunday istiqbolli hamkorligimiz har ikki xalq uchun katta manfaat keltiryapti. Ayniqsa, O‘zbekistonda buyuk adib va davlat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining to‘qson yilligi keng nishonlanayotgani bizni behad quvontirdi.

Ekranda — milliy qahramonlar

Marat JANTALIYeV, Qirg‘iston xalq artisti:
— «Qirg‘iziston madaniyati kunlari» doirasida namoyish etilayotgan «Sayakbay» va «Kurmanjan Datka» eng sara kinoasarlarimizdan. Bularning har ikkalasi ham real tarixiy voqealarga asoslangan. Film bosh qahramoni — «Manas» eposining benazir bilimdoni va ijrochisi Sayakbay Karalayev «XX asr Gomeri» deya e’tirof etilgan. Yosh talaba Chingiz Aytmatov 1957 yilda u bilan uchrashib, ko‘p narsalarni yozib olgan. Filmda shu haqda hikoya qilinadi. Qurbonjon Dodxoh ham qirg‘iz xalqining milliy qahramonlaridan biri.
Sohibnazar TURDIALIYeV
yozib oldi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yigirma yildan keyingi diydor