00:30 / 14.11.2018
4 577

“O‘zbekkonsert” “Dizayn” jamoasiga litsenziyani qaytardi

“O‘zbekkonsert” “Dizayn” jamoasiga litsenziyani qaytardi
Maqolada jurnalist Xurshid Serobov "Dizayn" jamoasi litsenziyasining qaytarilishi bilan birga litsenziya masalasiga munosabatini bildiradi. Muallif respublika miqyosidagi san’atkorlar bilan mahalliy san’atkorlarga birday soliq solinayotgani xususida ham to‘xtalib o‘tadi.

Litsenziyasidan mahrum qilingan “Dizayn” qiziqchilar jamoasining 4-11 dekabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida konsert berayotgani haqida afishalar paydo bo‘ldi. Shu yilning 12 avgust kuni “O‘zbekkonsert” davlat birlashmasi “Dizayn” qiziqchilar jamoasini litsenziyadan mahrum qilganini bildirgan edi.

Rasmiy bildirishda litsenziyadan mahrum qilishga asos sifatida “ma’naviy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan nomunosib harakatlar orqali qiziqchilik san’atini beobro‘ etib, san’atkor odobiga rioya etmaganligi” keltirilgan. Litsenziya bekor qilinishidan avval jamoa a’zolari Dilshodbek Musabekov hamda Sa’dulla Fathullayev tor doirada qilgan qo‘pol hazillar yozilgan audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan va e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.

“Ma’naviy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan nomunosib harakatlar”ni amalga oshirib qiziqchilik san’atini beobro‘ qilib yurgan san’atkorlarning 3 oy ichida “odobli va ma’naviy qadriyatlarimizga to‘liq munosib san’atkor”ga aylanishi shubha uyg‘otadi.

“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonunda bekor qilish shartlari keltirib o‘tilgan.

Qonunda litsenziyani bekor qilish uchun “ma’naviy qadriyatlarimizga yot xatti-harakat qilish” degan band yo‘q. Lekin “litsenziyani bekor qilish ushbu moddaning birinchi qismi to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda sud qaroriga, boshqa hollarda esa litsenziyalovchi organning qaroriga binoan amalga oshiriladi” deyilgan. Aynan "boshqa hollarda” deb ketilgan izoh “O‘zbekkonsert”ga san’atkorlar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish huquqini beradi. Chunki qonunning aynan shu qismi "O‘zbekkonsert"ga o‘zi xohlagan sabab bilan xohlagan san’atkorning litsenziyasini olib qo‘yish imkoniyatini taqdim etmoqda. San’atkorning istalgan tadbirga (gonorar yoki maoshsiz) yuborilishi ham u “boshqa hollarda" degan sabab bilan litsenziyasidan ayrilishni xohlamasligi bilan izohlanadi.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasining 2018 yilning 9 oyi davomida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi hisobotida qayd etilishicha, “2018 yilning 9 oyida jami berilgan va uzaytirilgan litsenziyalar soni jismoniy shaxslar bo‘yicha 2693 donani, o‘tgan yil shu davrda jami 1826 ta ijodiy jamoa–yuridik shaxslar bo‘yicha 28 donani tashkil etdi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi va uning tashqarisida konsert-tomosha yo‘nalishi bo‘yicha – 1509 dona litsenziya berilgan, 1184 dona uzaytirilgan.

Toshkent shahri bo‘yicha 2018 yilning 9 oyida birinchi marotaba 373 dona litsenziya rasmiylashtirilgan, 485 dona uzaytirilgan, jami 858 dona bo‘lib, 2017 yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich (788 dona)ni tashkil etadi.

Toshkent shahar bo‘limida tushumlar pasayib ketgan. Reyd davomida 144 joy tekshirilgan bo‘lib, 489 nafar san’atkor ogohlantirilgan, shundan 254 tasi litsenziya olgan” (hisobotdan aynan olindi – X.S.).

Hisobotda litsenziyasi olib qo‘yilgan san’atkorlar aytib o‘tilmagan.

“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonunda “litsenziyalovchi organlar o‘zlari litsenziyalashni amalga oshirayotgan faoliyatning har bir turi uchun alohida litsenziyalar reyestrlarini yuritishi” qayd etilgan. Bunga ko‘ra “litsenziyalar reyestrlarida litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va qayta tiklash asoslari hamda sanalari” ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. “Dizayn” jamoasining litsenziyasi qaytarilgani xususida esa hech bir manbada xabar berilmagan.

Turon24 muxbiri holatga aniqlik kiritish maqsadida “O‘zbekkonsert” davlat birlashmasi matbuot xizmati bilan bog‘langanda “O‘zbekkonsert” xodimlari ma’lumot berishni boshqa mas’ullarga yukladi. “Mana bu raqamga qo‘ng‘iroq qiling, savolingizga javob topasiz” deya turli telefon raqamlarini berishdi. Berilgan raqamlarni esa yo hech kim ko‘tarmadi, yo ular umuman mavjud emas.

So‘ngra ushbu holat yuzasidan “Dizayn” jamoasi administratori bilan bog‘landik. “Dizayn” jamoasi adminstratori “litsenziya ancha vaqt oldin tiklanganini, lekin sanasi yodida yo‘qligini” aytdi. Litsenziya tiklanishining sababini “jamoaning davlat tadbirlarida ishtirok etgani” bilan izohladi.

Qonunda esa litsenziya berish talablarida “O‘zbekkonsert”ning tadbirlarida qatnashish talablari mavjud emas. Bundan "O‘zbekkonsert" aynan yuqoridagi qonundagi noaniqlik sabab litsenziyani berish-bermaslikni san’atkorning tadbirlarda qatnashish-qatnashmasligi va tashqilot bilan munosabatlari yaxshi-yomonligi asosida belgilayapti degan gumon paydo bo‘ladi. Litsenziyasidan mahrum bo‘lish xavotirida qolgan san’atkorlarni tadbirlarga jalb etish amaliyoti esa majburiy mehnat sifatida baholanishi ehtimoli yuqori. Majburiy mehnatning istalgan ko‘rinishi esa O‘zbekistonda taqiqlangan.

Ismini ochiqlashni xohlamagan estrada xonandalarining aytishicha, xalqqa yaxshi tanilib qolgan san’atkorlar “O‘zbekkonsert” tomonidan tez-tez to‘y-hashamlarga, maishiy tadbirlarga yuboriladi. Litsenziyani saqlab qolish xavotirida bo‘lgan san’atkorlar esa o‘zlari xohlamagan tarzda bu to‘y-hashamlarga, tug‘ilgan kun tadbirlariga borishga majbur bo‘ladi.

Shuningdek, xonanda Shahlo Ahmedovaning litsenziyasi bekor qilingani haqida rasmiy bildirish e’lon qilindi. Rasmiy bildirishda aytilishicha, "O‘zbekkonsert" badiiy kengash tomonidan bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, “xonanda Ahmedova Shahlo Baxtiyor qizining “Letniye dojdi” deb nomlangan qo‘shig‘iga ishlangan videoklip ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etilayotganligi aniqlangan”.

Xonandaning ijtimoiy tarmoqda videoklipni aylantirayotgani oqibatida “O‘zbekkonsert” ushbu chorani qo‘llagan. “Xonanda Shahlo Ahmedovaning “Letniye dojdi” deb nomlangan videoklipida milliy ma’naviyatimizga yot bo‘lgan, tomoshabinlarning e’tiborini jalb etish uchun xalqimiz mentalitetiga zid, sharqona odob-axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan harakatlardan ham tap tortmay, yigit va qizning ishqiy kechinmalarini ochiq-oshkora ifoda etib, buni andishasizlarcha tasvirga olib keng ommaga namoyish etgan” deyiladi rasmiy bildirishda.

Xonandalarning ijtimoiy tarmoqdagi faoliyati bilan bog‘liq band ham qonun matnida aks ettirilmagan.

Litsenziya “san’atkorni nazoratda tutib turish quroli” bo‘lmasligi kerak, nazorat tor doira va shaxsiy manfaatlar chegarasida qolsa, san’atkor majburiy mehnat qurboni bo‘lib qolishi mumkin.

26 oktyabr kuni Buxoro viloyati Romitan tumanidagi bir guruh san’atkorlar “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi hamda tuman davlat soliq inspeksiyasiga videomurojaat bilan chiqishgan edi. Murojaatda ijodiy guruhdagi har bir xonanda va sozandalar alohida-alohida litsenziya olishga majburlanayotgani, ammo Toshkentdagi san’atkorlarning topish-tutishi viloyatdagilarnikidan keskin farq qilishi, shunga qaramay respublika miqyosidagi san’atkorlar bilan mahalliy san’atkorlarga birday soliq solinayotgani haqida so‘z boradi.

“Biz san’atkorlar xalqimizning yaxshi kunida xizmat qilib kelmoqdamiz. Lekin “O‘zbeknavo” (hozir bu tashkilot “O‘zbekkonsert” deb ataladi) hamda tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qilinayotgan harakatlar bizni qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda. Tumanimiz san’atkorlari bugun bu borada o‘z e’tirozlarini bildirishmoqchi”, – deb boshlangan videomurojaat.

Ushbu holatga “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Dilmurod Xo‘jayev: “Romitanliklarning bunday talab bilan chiqishi to‘g‘ri. Boisi Romitan tumanida har bir guruh bitta xizmat uchun 400 ming so‘mdan 800 ming so‘mgacha haq oladi. Guruhda esa kamida 4 tadan vakil bo‘lib ularning har biri bugunga kelib alohida soliq to‘lashiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa ayni paytdagi daromadga qaralsa, imkoni yo‘q narsadir”, – deb izoh bergan.

Soliqqa tortishda yuzaga keladigan muammo to‘ylarga baland narxda boradigan san’atkorlar bilan arzon stavkada yuradigan viloyatdagi san’atkorlar o‘rtasidagi notenglik bilan bog‘liq. Ushbu holatlar uchun yangi tizim yaratishga ehtiyoj bor.

“Dizayn” jamoasiga litsenziya qaytarilishiga sabab sifatida aytilgan “davlat tadbirlarida ishtirok etish” qanchalik rostligini aniqlay olmadik. Ehtimol, bu tadbir tor doiradagi “tadbir” bo‘lishi ham mumkin.

Litsenziya berish tartibi va “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonunni isloh qilish vaqti allaqachon yetib kelgan.

Litsenziya tizimini batamom tugatib, san’atkorlarning daromadlarini soliqqa tortish tizimini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir. Chunki o‘rtacha 2-3 ming dollarga to‘yga boradigan, topish-tutishi yaxshi san’atkor ham litsenziya uchun yiliga 4 million so‘m to‘lasa, bir to‘yga 200-300 ming so‘mga boradigan san’atkor ham shu pulni to‘laydi. Bu esa ushbu tizimning o‘ziga xos adolatsizligini namoyon qiladi. Daromadlardan soliqqa tortish esa biryo‘la ikki-uch muammoni hal etishi mumkin. Ko‘p topgan ko‘p to‘lasin, kam topgan kam.

Ammo soliqqa tortish mobaynida ham muammolar kelib chiqishi aniq. Shunda to‘y egasi va xonanda o‘rtasidagi kelishuv narxi kamroq soliq to‘lash uchun kamaytirilishi mumkin. Shuning uchun xam qonun loyihalari ustida ishlovchi mutasaddilar soliqchilar bilan hamkorlikda taklif etilayotgan yangi tizim ustida bosh qotirishlarining vaqti keldi. Ko‘chada, sovuqda pista sotayotgan xolalarni ham soliqqa tortayotgan bir paytimizda har to‘ydan 2-3 ming AQSh dollari miqdorida gonorar olayotgan san’atkorlarimizning litsenziya to‘lovi bilan qutulib qolishi adolatdan emas.

Ushbu maqola hurmatli san’atkorlarimizga yoqmasligini bilib turgan holda aytish mumkinki, soliqqa tortganga yarasha san’atkorlarga ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib berish zarur bo‘ladi. Eng kamida internet “monetizatsiya” tizimiga a’zo bo‘lgan holda san’atkorlarimiz faqat to‘ydan tushadigan daromadlarga bog‘lanib qolmay, boshqa platformalarda ham foyda ko‘rishlariga sharoit yaratib berish lozim.
Xurshid Serobov

Manba: Turon24.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “O‘zbekkonsert” “Dizayn” jamoasiga litsenziyani qaytardi