09:00 / 20.11.2018
8 596

Bahora Arslonova: «To‘yim ovoza bo‘lishini istamadim, chunki..»

Bahora Arslonova: «To‘yim ovoza bo‘lishini istamadim, chunki..»
Navbatdagi suhbatdoshimiz «Fidoyilar», «Mehmonxona», «Yodgor» «Zurriyod», «Isnod» singari teleserial va filmlardagi turli xarakterdagi rollari orqali tomoshabinlar e’tiborini qozongan yosh va umidli aktrisa Bahora Arslonova bo‘ldi. Oxirgi paytlarda «Dugonalar shou» loyihasidagi turfa ijrolari bilan o‘zidagi iste’dod qirralarini yuzaga chiqarayotgan aktrisa joriy yilning 17 oktyabr kuni yangi hayotga qadam qo‘ydi.

— Bahora opa, avvalo, sizni kelinlik martabasi bilan samimiy tabriklaymiz!..

— Tabrik uchun tashakkur. Har bir qizga chiroyli baxt nasib etsin.

— Odatda, oila qurish ostonasidagi aksariyat ayol san’atkorlar unashtirilganiga ishora sifatida qandaydir suratlar yoxud postlarni sahifalariga joylashadi. Ammo to‘yingiz bo‘lgani haqidagi xabar minglab muxlislaringiz singari biz jurnalistlarni ham kutilmagan yangilik sifatida hayratlantirdi…

— (kuladi) Bundan ko‘plab hamkasblarim ham hayron qolishdi. Bilasizmi, tabiatan shov-shuvga o‘ch emasman, ommani o‘zimga qaratishni unchalik xushlamayman. Irim-sirimlarga ishonganim, o‘zaro oilaviy tadbir bo‘lgani tufayli to‘yni dabdabasiz, mish-mishlarsiz o‘tkazishga qaror qildik.

Turmush o‘rtog‘im ham «Hammaning xarakteri har xil. Kimdir havas qilsa, yana kimlardir hasad ko‘zi bilan qarashi mumkin. To‘yimizni imi-jimida o‘tkazamiz», deya qat’iy fikrini aytdi. Turmushga chiqqanimning ovoza bo‘lishini istamagan bo‘lsam-da, lekin to‘yimda ishtirok etgan yaqin san’atkor dugonalarim — Anjelika Yesimbetova, Shahlo Zoirova, Zuhra opa Soliyevalar kelinlik suratlarimni ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga joylashganidan so‘ng rosa shov-shuv bo‘lib ketdi.

— Kuyov bola bilan tanishuvingiz qanday kechdi?

— Ular, aslida, samarqandlik. Qaynopam bilan institutda birga o‘qiganmiz. Talabalik davrimizning ko‘p qismini birga o‘tkazganmiz. Ukasi, ya’ni turmush o‘rtog‘im opasini ko‘rgani institutga ham tez-tez tashrif buyurardi. Ilk bor o‘sha paytda opasi sabab tanishganmiz. Avvaliga shunchaki salom-alik qilardik, xolos. Sekin-asta munosabatlarimiz iliqlashib, ijtimoiy tarmoqlarda yozishib turdik. Ammo o‘rtamizda ishqiy rishtalar bo‘lmagan va kun kelib bu inson bilan oila qurish sira xayolimga kelmagan. Taqdir degani shu bo‘lsa kerakki, kursdoshimga kelin, u esa menga qaynopa bo‘ldi (samimiy kuladi).

Bir gapni aytsam, sira ishonmaysiz. Yaqinlarim sovchilarga rozilikni berib, non sindirishganidan so‘ng menga xabar berishdi. Qo‘ng‘iroq orqali «Seni unashtirib qo‘ydik, oktyabrda to‘y», deyishdi va bu gapni eshitib, hayron bo‘ldim. «Kimga? Qachon? Turmushga chiqadigan men-ku, nega avvalroq aytmadilaringiz? U yigitni tanimasam axir?!» deya turli savollarni yog‘dirdim.

Kuyov kimligini bilgach esa menga sovchi qo‘yganidan ajablandim. Negaki, yuqorida aytganimdek, munosabatlarimiz yangi oila bunyod bo‘lishigacha jiddiylashishini sira tasavvur qilmagandim.

— Aytishlaricha, turmush o‘rtog‘ingiz sportchi ekan…

— Haqiqatan, sport sohasida faoliyat yuritadi. Ismi Sherali Boboqulov. Aralash jang sport turi bo‘yicha Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalar g‘olibi. Oliy ta’limni turizm bo‘yicha tamomlagan.

— Ijodingizga munosabati qanday? Sizga muxlislik qiladimi?

— Oila a’zolari orasida san’at sohasida tahsil olgan va shu kasbga qiziquvchilar borligi uchun ijodimga munosabati ijobiy. Hatto faoliyatimni davom ettirishimga ham rozi. Ssenariylarni birgalikda o‘qib ko‘rib, syomka maydonchalariga shaxsan o‘zi olib-borib kelishni rejalashtiryapti. Bu esa meni quvontirmoqda. Rollarimni Internet orqali ko‘rgan ekan. Hozircha ijrolarimni faqat maqtayapti, tanqid toshlarini otganicha yo‘q (kuladi).

— Yangi oila sahnasida o‘zingizni qanday his qilyapsiz?

— Bilasizmi, oila kishidan katta mas’uliyatni talab etarkan. Qaynona-qaynotamning xizmatida bir hafta bo‘ldim, xolos.

Kelinlik vazifalarim qisqa vaqt davom etgan bo‘lsa-da, ammo imkon darajasida kamchiliklarsiz uddalashga intildim. Hozir suratga olish jarayonlaridan uyga tezroq qaytishga va har bir oila bekasi qilishi shart bo‘lgan yumushlarni bajarishga shoshilyapman. Ko‘z tegmasin, turmush o‘rtog‘im juda ham yaxshi inson va meni, kasbimni tushunib, yaqindan yordamlashyapti.

— «Dugonalar shou» loyihasiga qanday kelib qoldingiz?

— Mazkur ko‘ngilochar ko‘rsatuvga yaqin dugonam Anjelikaning taklifi bilan kelganman. Boshida vaqt borasida sal muammo borligi bois rad javobini berganman. Ammo birinchi marta ishtirok etgach, qiziqishim yanada ortdi. Vaqt topib, har gal qatnashishni maqsad qilib, shu paytgacha mahoratimni charxlab boryapman. Tayyor ssenariy bo‘yicha rol o‘ynaymiz, ayrim hollarda o‘zimizdan nimadir qo‘shib, ijromizni boyitamiz.

To‘rtalamiz — men, Anjelika, Indira va Intizor turli xarakterga egamiz. Ba’zan fikrlarimiz bir nuqtada kesishmasa, tortishamiz ham. Ammo araz-ginalarni tezda unutamiz. «Dugonalar shou»dagi chiqishim to‘g‘risida maqtovlar ham, tanqidlar ham eshityapman. Har bir munosabatdan o‘zimga kerakli xulosalar chiqarib, keyingi safar xatolarimni takrorlamaslikka urinyapman.

— Ilk rolingizda qahramoningiz holatini ochib berishda qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?

— Birinchi rolimni 19 yoshimda «Fidoyilar» teleserialida o‘ynaganman va ko‘pchilik meni shu ijrom orqali taniydi. Qahramonim Shodiyani ijro etishda qattiq hayajonlanganman. Bitta kadr uchun 15-20 martalab dubl qilingan paytlar ham bo‘lgan. Ayniqsa, tug‘ruq jarayoni suratga olinayotganda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganman. Rejissyor Abduxalil aka Mingnorov «Sen qo‘shtirnoq ichidagi aktrisa bo‘lasan», deb ko‘p tanbeh berardi. Uning bu gapini eshitib, yig‘lardim.

Lekin maqsadim yo‘lida barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishga tish-tirnog‘im bilan kirishganman. Abduxalil aka ko‘p kitob o‘qishimni aytardi, filmlar qo‘yib berib, kuzatib, o‘rganishimni ta’kidlardi. Ertasiga yana o‘sha gapni eshitardim: «Sendan aktrisa chiqmaydi. Menga texnik aktrisa kerak emas, yurakdan yig‘la, yig‘lolmasang ham o‘sha holatni ko‘rsatib ber». Rejissyorning bunday tanbehini eshitgach, shahd bilan qahramonim ruhiyatiga kirishib ketardim va buni ko‘pincha o‘zim ham bilmasdim. Baxtimga professional ustoz san’atkorlar partnyor bo‘lishgan. Ularning yo‘l-yo‘riq, maslahatlari bilan rolimni yanada ishonarli o‘ynaganman.

— Ot sporti bilan jiddiy shug‘ullanishingiz haqida ham eshitgandik…

— Bolalagimdan otlarni juda yaxshi ko‘raman. Hatto bir muddat chavandoz bo‘lish orzusida ham yurganman. Oilamizda sport sohasi vakillari ko‘pligi va ot minishga ishtiyoqim borligi sabab besh-olti yildan beri mashg‘ulotlarga qatnayman.

Ot minish juda xavfli, biroq kishi qalbida qiziqish bo‘lsa, buni yengib o‘tarkan. Marta laqabli otni minish jarayonida sakkiz marotaba yiqilganman. Mashg‘ulotdagi yigit-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritganman.

— Aktrisa bo‘lish ham bolalikdagi orzungizmidi yoki?..

— Dadam rahmatli yurist bo‘lganligi tufayli meni ham o‘ziga izdosh bo‘lishimni xohlardi. Men esa shifokor bo‘lishga qiziqardim. Onam san’at sohasida faoliyat yuritishni niyat qilgan. Biroq dadam bunga rozilik bermagan ekan.

Maktabni bitirgach, bank kollejiga hujjat topshirmoqchi bo‘ldim. Biroq amakimning o‘g‘li estrada va sirk kollejiga kirmoqchiligini aytganida, men ham fikrimni o‘zgartirganman. Lekin uydagilarga jurnalistika yo‘nalishida o‘qiyapman, deya yolg‘on gapirganman. Institutga kirganimni ham faqat volidam bilgan, boshqalardan sir tutganmiz. «Fidoyilar» serialida suratga tushayotganimdan ham bexabar bo‘lishgan. Serial televideniyeda namoyish etilganida akam «Shifokor qiz Bahoraning o‘zginasi ekan-a», deb hayron bo‘lgan. Serial tugagach, titrdagi ism-familiyalarni kuzatgan va men ekanligimni bilib qolgan (kuladi). Akam san’at yo‘nalishidan ketishimga qattiq qarshilik ko‘rsatgan. Ammo serialdagi ijromni ko‘rib, menga havas qilganlarning fikrlari dadam va akamning roziligini olishimga sabab bo‘lgan.

— «Isnod», «Zurriyod» filmlarida aktyor Shohrux Hamdamov bilan chiroyli juftlik yaratgansiz. Ko‘pchilik sizlarning ekrandagi muhabbatingizni hayotga ham ko‘chsa kerak, degan taxminiy fikrda yurgandi…

— (kuladi) Buni ijodiy uchrashuvlar, tadbirlarda ko‘p tomoshabinlar o‘zimga ham aytishgan. Shohrux bilan hayotda ham munosabatlarimiz yaxshi, opa-ukadek bo‘lib ketganmiz. Uni ham aktyor, ham inson sifatida hurmat qilaman.

— Samimiy suhbatingiz uchun katta rahmat. Oilaviy baxt, yuksak ijodiy parvozlar tilab qolamiz!

— Sizlarga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman!
Mirolim ISAJONOV
suhbatlashdi.

Manba: Hordiq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Bahora Arslonova: «To‘yim ovoza bo‘lishini istamadim, chunki..»