18:45 / 01.12.2018
5 947

Azim Mullaxonov bilan suhbat

Azim Mullaxonov bilan suhbat
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonov OAVda kam ko‘rinsa-da, ammo o‘zining dardli, yoqimli, me’daga tegmaydigan diltortar qo‘shiqlari bilan xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan. Ayniqsa, xonanda ijrosidagi «Shaytanat» hamda «Ota» taronalari muxislarning sevimli qo‘shig‘iga aylangan. Suhbat chog‘ida mehmonimizni rostgo‘y inson va haqiqiy san’at fidoyisi sifatida kashf qildik.

— Azim aka, ijodingizda bir muddat tanaffus kuzatildi. Bu holatga qanday omillarni sabab qilib ko‘rsatasiz?

— Chindan ijodimda uzilish bo‘ldi. Bunga sabab esa avtofalokatga uchrab, qattiq jarohat olganim va uzoq vaqt salomatligimda muammolar bo‘lganidir. Ochig‘i, bu voqeani hech qayerda gapirishni istamayman. Ammo sog‘lig‘imni tiklab, oxirgi bir necha yil ichida yana jiddiy ijod qilishga kirishdim. Ishlash uslubim boshqacha bo‘lganligi tufayli bir yilda ikki yoki uchta qo‘shiq tayyorlayapman. Men uchun son emas, sifat muhimroq.

— San’atkorlar oilasida tug‘ilib, voyaga yetganingizni ko‘pchilik yaxshi biladi. Agar ota-onangiz taniqli san’atkor bo‘lishmaganida ham shu sohadan ketarmidingiz?

— (o‘ylanib) Nazarimda, boshqa kasbning etagini tutgan bo‘lardim. Sababi, aviakonstruktor bo‘lish niyatida yurardim. Ammo oiladagi muhit tufayli ota-onamning izidan ketdim. Dadam Azizbek Mullaxonov nay chalib, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov bilan birga ijodiy faoliyat olib borgan. Volidam — O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farog‘at Rahmatovaning xizmat safarlari, teatrdagi rollari ham qalbimda san’atga nisbatan qiziqish uyg‘otgan. San’atga qiziqishim yuqori bo‘lsa-da, ammo kun kelib qo‘shiqchi bo‘lishni sira o‘ylamaganman.

— Bolaligingizni qanday xotirlaysiz?

— Kichkinaligimda sportning kurash, boks turlari bilan muntazam shug‘ullanganimga ko‘pchilik ishonmaydi. Juda sho‘x va to‘polonchi bola bo‘lganman. Balog‘at yoshi ostonasida ijobiy tomonga o‘zgara boshlaganman. 1975 yili, ya’ni15 yoshimdan boshlab Muqimiy teatriga ovoz muhandisi yordamchisi bo‘lib ishga kirganman. Undan so‘ng orkestrda gitarachi bo‘lib ishimni davom ettirdim. O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, rahmatli ustozimiz Nabi Xalilov dirijyorligida xizmat qilganmiz.

Gastrolga ham o‘sha paytlardan chiqqanman. 1990 yilda yosh estrada xonandalari o‘rtasida o‘tkazilgan «Botir Zokirov» nomidagi tanlovda oliy o‘ringa loyiq topildim. Ustozlarimizning «Xalqingga tuproqni yalab xizmat qil!» degan nasihatiga rioya etib, ozmi-ko‘pmi o‘z qo‘shiqlarim bilan xalqimizning yaxshi kunlarida xizmat qilib kelyapman va bundan behad faxrlanaman.

— San’at sohasida samimiylikni saqlab qolish uchun nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

— San’atkor hamisha insonligini his qilib, o‘zini atrofdagilardan ustun qo‘ymasdan yashashi va ijod qilishi kerak. U ham Yaratganning bir bandasi va umri abadiy emas. Uning oddiy odamlardan farqi shuki, Xudo bergan iste’dodi bor. Ertaga vafot etganidan keyin odamlar ortidan uni yaxshi so‘zlar, xotiralar bilan yodga olishi lozim.

Men doimo onamning «Xalq orasida yurganda o‘zingni baland tutsang, hurmating bo‘lmaydi», degan gaplarini ko‘p eslab, samimiylik, kamtarinlikni qadrlashga va o‘zim ham shunga amal qilishga intilaman. Ba’zi san’atkorlarning o‘zini osmonda parvoz qilayotgandek his qilishini ko‘rib, ranjiyman. Menimcha, iymonini, e’tiqodini, insonligini unutmagan san’at kishisi hamisha barchaga bir xil muomala qiladi va uning samimiyligi yaqqol bilinib turadi.

— Oyog‘i yerdan uzilgan ayrim «yulduz»lar to‘g‘risida qanday fikr bildirasiz?

— Undaylar bugungi kuni, reklama, shon-shuhrat, hoyu havas uchun harakat qilib, kun kechiradi, xolos. Ular ming intilsa ham, baribir, uzoqqa borishmaydi. San’atkorlar orasida kechagina san’at sohasiga kirib kelib, bir-ikki so‘m pul topib, o‘zini yo‘qotib qo‘yayotganlar yo‘q emas. Aksincha, faqat san’at uchun ijod qiladiganlarni ham har qadamda uchratish mumkin.

Bundan tashqari, hozirgi xonandalarning mashhurlik uchun umri qisqa taronalar yaratayotganini ko‘rib, mablag‘, vaqt hamda mehnatning zoye ketayotganiga achinaman. Axir haftada bitta sifatsiz qo‘shiq ijro etgandan ko‘ra, bir oy yoki bir yilda bitta zo‘r, xalqimiz yillar o‘tsa ham sevib tinglaydigan qo‘shiq yaratsa bo‘ladi-ku.

— Joriy yilning fevral oyidan «O‘zbekkonsert» huzurida kliplar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha badiiy kengash tuzildi va unga siz rahbarlik qilib kelyapsiz. Kliplarni saralash jarayonlari qanday kechyapti?

— Qizg‘in va mas’uliyatli. Kengash vakillarining barchasi tomoshabin ma’naviyatga ijobiy ta’sir etadigan, yoshu keksaning ensasini qotirmaydigan, so‘zlari almoyi-jaljoyi bo‘lmagan qo‘shiqlarni xalqqa tuhfa etish maqsadida zimmasidagi vazifani to‘laqonli amalga oshirishga harakat qilyapti.

Kliplardagi kamchiliklarni xonandalarga ochiq-oydin aytib, qayta ishlashlarini ta’kidlayapmiz. Qo‘shiq matni va musiqasi yaxshiyu, biroq klip mazmuniga mos tushmaganlarini rad qilib, qayta klip tasvirga olishlarini maslahat beryapmiz. Bizdan ranjib qolayotgan uka-singillarimiz ko‘pligini ham bilamiz. Ularni ham to‘g‘ri tushunish kerak, bitta klipni yaratguncha katta mablag‘ sarflashadi. Lekin har bir ishini o‘zi bilganicha qilmay, ustoz ko‘rishsa, har tomonlama yaxshi bo‘ladi.

— Tashrif qog‘ozingizga aylanib, sizni elga tanitgan qo‘shiqlaringizdan biri — «Ota»ning yaratilishi haqida ham gapirib bersangiz?

— Bu juda ham qiziq va kutilmaganda yuz bergan. Kunlarning birida matbuot do‘konidan «Sharq yulduzi» jurnalining yangi sonini xarid qildim. Yo‘l-yo‘lakay jurnalni varaqlab, o‘qiy boshladim. Birdan xalqimizning sevimli ijodkori, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron qalamiga mansub bir turkum she’rlarga ko‘zim tushdi. Ushbu she’rlar orasidan «Ota» nomlisini o‘qiganimda yuragim jiz etdi va mazkur she’rni qo‘shiq qilib kuylash g‘oyasi tug‘ildi. To‘yu tadbirlarda xirgoyi qilgan qo‘shig‘imga vaqt o‘tgani sari tinglovchilarning talabi orta boshladi va mashhur qo‘shiqqa aylandi. Keyin unga klip tasvirga oldik. Bu qo‘shiq ham «Shaytanat» singari juda katta vaqt va mashaqqatlar evaziga yaratilgan. Ushbu qo‘shiq orqali muxlislar va tomoshabinlar e’tiborini yana bir bora qozonganman. Uning oradan yillar o‘tsa ham sevib tinglanayotgani menga g‘urur bag‘ishlaydi.

— Hamkasblaringizdan ko‘proq kimlarning qo‘shiqlarini tinglaysiz va qaysilarining ijodiga havas qilasiz?

— G‘iyos Boytoyev hamda Nasiba Abdullayevalarning ijodini muntazam kuzatib boraman va hurmat qilaman. To‘g‘risini aytsam, hech qaysi san’atkorning ijodiga havas qilmayman.

Negaki bugun ayrim hamkasblarim tayyor musiqaga yangi shoirlarning she’rlarini yozib, ijro etishmoqda. Hatto katta yoshdagi ijodkorlar ham chet ellik xonandalarning qo‘shiqlaridan o‘g‘irlab, o‘zimizning tilimizga tarjima ham qildirmay, kuylashyapti. Kamdan-kam san’atkorlargina izlanib, o‘zlari yangi musiqa yaratib, repertuarini boyitib bormoqda.

— Turmush o‘rtog‘ingiz, farzandlaringizning ijodingizga, san’at sohasiga munosabati qanday?

— Oilamizdagilarning barchasi san’atni yaxshi ko‘radi va san’atkorning o‘rni, hurmatini juda qadrlashadi. Turmush o‘rtog‘im Matlubaxonning ijodimga bo‘lgan ishtiyoqi kuchli. Azizaxon, Feruzbek, Islombek ismli farzandlarim ham san’at shinavandasi, ammo negadir ularning hech biri mening izimdan borishni xohlashmadi (kuladi). Lekin men bundan xafa emasman. Sababi, farzandlarim qaysi soha vakili bo‘lmasin, yurtimiz, Vatanimiz uchun sidqidildan xizmat qilishsa, insonlarga yaxshilik qilib, foydasi tegsa, juda xursand bo‘laman. Nabiralarimdan Jahongir va Firdavs musiqaga juda qiziqadi. Balki, shular kasbimni davom ettirar. Buni esa vaqt ko‘rsatadi.

— Qarilikni tan olmaydigan san’atkorlardansiz. Hatto yoshingizga nisbatan yosh ko‘rinishingizni ijtimoiy tarmoqlarda muxlislaringiz ham e’tirof etishadi…

— (kuladi) Bu fikrlarni juda ko‘pchilikdan eshitib, quvonaman. Ammo umr o‘tgan sari yoshlik o‘zinikini olaverarkan, inson keksayib boraverarkan. Onam rahmatli 50 yoshida ham teatr sahnasida 25 yashar qiz-juvonlar rolini o‘ynagan ekan. Yoshlar davrasida o‘tirganimda, yoshimni ham unutib qo‘yaman. Besh nafar nabiram borligiga ishonmaydiganlar ham talaygina.

— Maroqli va mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
Mirolim ISAJONOV suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Azim Mullaxonov bilan suhbat