06:30 / 17.12.2018
9 286

«Kino olamidagi xotinimsan, derdi» yoxud Obid Asomov hamkasblari xotirasida (foto)

«Kino olamidagi xotinimsan, derdi» yoxud Obid Asomov hamkasblari xotirasida (foto)
Foto: «Daryo»
Avvalroq so‘z ustasi, aktyor, xonanda, rassom va rejissyor sifatida xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomov vafot etgani haqida xabar bergan edik. «Daryo» muxbiri Mirolim Isajonov marhumning qadrdon hamkasblari bilan bog‘landi va ular Obid Asomov bilan bog‘liq unutilmas xotiralarini yodga oldi.

«Hammaning ko‘nglini ola bilardi»
Mirzabek Xolmedov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist


- Rahmatli Sobit Asomov bilan munosabatlarimiz yaxshiligi bois 1985 yili Benkov nomidagi rassomlik bilim yurtini endigina tamomlagan Obidjonning oldiga bordim. U rasmimni chizib, shaxsiy tashrif qog‘ozimni qisqa vaqt ichida tayyorlab bergan. O‘sha paytda u chiqishlarimni tomosha qilishini aytib, ijodim to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirgan. Ilk tanishuvimiz va aloqalarimizning boshlanishi shu uchrashuv bo‘lgan. Bir necha yildan keyin Sobit va Obid Asomovlar, To‘xtamurod Azizov, Botirxo‘ja Muhammadxo‘jayev bilan birga «Ko‘zgu» teatrini tashkil qildik. 1993 yildan boshlab u o‘z shogirdlarini jamlab, «Obid-A» teatrini tuzdi. Men ham shogirdlarim bilan ijod qilishda davom etdim. Shunday bo‘lsa-da, yillar mobaynida ahilligimiz yanada mustahkamlandi, aka-ukadek bo‘lib qoldik. O‘nlab filmlarda, dublyaj jarayonlarida, konsertlarda ishtirok etdik. Dunyoning bir qancha mamlakatlarida ijodiy safarlarda bo‘ldik. «Obid shou», «To‘ylar muborak», «Qovun tushdi» kabi ko‘rsatuvlarida hamkorlikda ijod qilganmiz. U shirin so‘z aytib, hammaning ko‘nglini oladigan, tashkilotchi inson edi. Obidjon asl so‘z ustasi bo‘lib, gap-so‘zi hamisha tayyor turardi. Jumlalarni bir-biriga bog‘lab, har qanday vaziyatda ham latifalar aytishiga qoyil qolardim.

U bilan so‘nggi bor «Sevimli» kanalida efirga uzatiladigan «Eslab» ko‘rsatuvining menga bag‘ishlangan sonini suratga olish paytida ko‘rishgandik. Tug‘ilgan kunimga yaqin shifoxonaga yotib qoldi. 13 dekabr kuni telefonda gaplashganimda, «Aka ahvolim yaxshi, bugun-erta shifoxonadan chiqaman», degandi. Ammo 14 dekabrda kechga yaqin omonatini topshirdi. Obidjon bilan «Kulish shart» ko‘rsatuvi orqali dunyoning ko‘p davlatlariga bormoqchi edik. Lekin bu armonga aylandi. Ilohim oxirati obod bo‘lsin!

«Istarali va dangal inson edi»
Fotima Rejametova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist


Foto: «Daryo»

- Obid Asomovni talabalik davrimdan yaxshi bilardim. Birga sobiq Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutida o‘qiganmiz. «Olashaqshaq», «Tohir va Zuhra», «Ada emas dada», o‘tgan yili Yangi yil bayrami munosabati bilan suratga olingan «Zumrad va Qimmat» singari o‘nlab filmlarda partnyor bo‘lganmiz. Hazillashib «Sen kino olamidagi xotinimsan», derdi. U san’at uchun yaratilgan va o‘z kasbining haqiqiy ustasi edi. Ayrim qiziqchilar odamlarning gaplarini terib yoki bo‘lmasa xorij latifalarini tarjima qilib, sahnaga chiqishadi. Obid Asomovning esa ichidan qiziqarli va hayotiy hikoyalar quyilib kelardi. Soxtalikni sira his qilmasdingiz. Hayotda ham chegaradan chiqmay, bachkanalikdan yiroq holda chiroyli hazil-huzul qilishni qoyillatardi. Juda ham istarali va dangal inson edi.

«Tohir va Zuhra» filmining tasvirga olish jarayonida taniqli bir nashr muxbirlari s’yomka maydonchasiga borishgan va Obid akani bo‘yoqlar orqali qon hosil qilinib, bezatilgan qiyofasini suratga tushirishgan. Oradan bir necha kun o‘tib, o‘sha rasm ostida «Obid Asomov vafot etibdi», degan gap-so‘zlar yozilgan gazeta sahifalari paydo bo‘ldi. O‘shanda Qoraqalpog‘istonda ijodiy safarda edim. Darrov Obid akamga aloqaga chiqib, hol-ahvol so‘radim. Soppa-sog‘ ekanligini va jurnalistlar shunchaki mish-mish chiqarishganini bilgach, ko‘nglimdagi xavotir tarqalgan. Bu galgi noxush xabar ham meni vahimaga solib qo‘ydi. O‘sha zahoti qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olmadim va internet saytlarida dunyoni tark etganini o‘qigach, ko‘zlarimdan yoshlar qalqidi. Haligacha uning o‘lganiga ishongim kelmayapti. Bu ham navbatdagi hazil bo‘lib chiqishini istayapman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Kino olamidagi xotinimsan, derdi» yoxud Obid Asomov hamkasblari xotirasida (foto)