17:53 / 18.12.2018
6 873

​Yulduz Turdiyeva endi estrada yo‘nalishida kuylaydi (foto)

​Yulduz Turdiyeva endi estrada yo‘nalishida kuylaydi (foto)
O‘zbek, tojik, eron, ozarbayjon va turk tillarida qo‘shiq kuylab, nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham muxlislar mehrini qozongan san’atkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Turdiyeva bilan yana uchrashdik.

Xabaringiz bordir, xonanda bundan bir necha oy avval Parijning «Abes» teatrida maqom kechasini taqdim etgandi. Ushbu konsert chet ellik san’at shaydolarining katta e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

— Ijro yo‘nalishingiz o‘zgardi, deb eshitdik. Shu rostmi?
— (kuladi) Bu ma’lumotni inkor etmayman, ammo yo‘nalishim o‘zgardi, deyishim ham noto‘g‘ri. Zamonaviy kuy-qo‘shiqlar – tinglovchilarimiz talabi. Biz, ijodkorlar buni inobatga olishimiz kerak. An’anaviy yo‘nalishimni unutmagan holda bundan buyon estradada ham kuylamoqchiman.

— Xonanda Ziyoda bilan juda ham yaqinsiz, shundaymi?
— Shunday. Ziyoda bilan oilaviy bordi – keldimiz bor. Uning insoniy fazilatlari, samimiyatini hurmat qilaman. Oilasi, yaqinlariga juda mehribon. Doim ularning tashvishini qilib yuradi.

— Avvalgiga qaraganda tashqi ko‘rinishingizga ko‘proq e’tibor berayotgandeksiz?
— Ha. Ayol kishi, ayniqsa, u san’atkor bo‘lsa, doim o‘ziga e’tiborli bo‘lishi kerak. Sahnaga chiqqanda biror kamchiligim ko‘zga tashlanishini istamayman.

— Ozarbayjon telekanallarida doimiy mehmonsiz...
— Meni xursand qiladigani, ozarbayjonliklar ijodimga befarq emas. Shungami, telekanal ijodkorlari tez – tez ko‘rsatuvlarga chaqirib turishadi. Balki ozarbayjon tilida kuylagan qo‘shiqlarim tufayli meni yoqtirib qolishgandir. Aslida, bir necha yildan buyon teledasturlarga taklif qilishardi. Tadbir va ijodiy safarlardan vaqt orttirib, doim ham bora olmasdim.

— Sizning-cha, muxlislaringiz konsertingizni kutishyaptimi?
— Nokamtarlikka yo‘ymang-u, bu borada ishonchim komil: ko‘pchilik konsertimni kutyapti. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi izoh va fikrlardan ham bilish mumkin. Muxlislarimni uzoq kuttirmayman. Yakkaxon konsert dasturi bo‘ladi, albatta!

— Ijodiy safarlarga ko‘p borasiz. Oilaga, bolalarga vaqt ajrata olyapsizmi?
— Eng murakkab vazifa – bu farzandlar kelajagi uchun poydevor qo‘ymoq. Bolalarimning hayoti chiroyli bo‘lishi uchun harakat qilayotganim, ularga bo‘lgan mehrim, e’tiborim kelgusida meva berishiga ishonaman. Farzandlarim bilan birga o‘tgan har bir daqiqam men uchun oltinga teng. Ularning kichkina yutug‘idan ham bir olam zavq olaman. Afsuski, ijodiy safarlar, tadbirga tayyorgarlik, ovoz yozish ishlari – bular ko‘p vaqt talab etadi. Shunday paytlar bolalarning ko‘ngliga yanada ko‘proq qaragim keladi. Imkon qadar ularni eshitishga, nimalar bilan band ekanliklarini bilishga urinaman.


— Rejalaringiz haqida so‘rasak...
— 2019 yil uchun aniq rejalar bor. Bir nechta xorij davlatda konsert beriladi. Shuningdek, milliy qo‘shiqlarimiz, maqomlarni qayta kuylamoqchiman. Xullas, yangi yilda yangi kuch – g‘ayrat bilan ijod qilaman.

— «Benom» guruhidagi Sarvar va Komil bilan hamkorlik qilayotganingizning boisi nima?
— Bu ikki yigit ijodiga befarq emasman. Kuylagan qo‘shiqlari doim ommalashadi. Sarvar va Komilning ijro yo‘nalishi, musiqa, matn tanlovi ko‘p e’tiborimni tortgan. Shuning uchun ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik.
Aliya suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » ​Yulduz Turdiyeva endi estrada yo‘nalishida kuylaydi (foto)