21:18 / 07.01.2019
6 372

Donald Tramp va Robert De Nironi maftun qilgan o‘zbek pianinochisi (foto, video)

Donald Tramp va Robert De Nironi maftun qilgan o‘zbek pianinochisi (foto, video)
Betakror ijrosi va go‘zalligi bilan dunyoda minglab muxlislar e’tiborini qozongan o‘zbek pianinochisi Lola Astanova O‘zbekiston xalqaro forumlar saroyida o‘z chiqishi bilan jahon klassik musiqasi shinavandalarini shod etdi, deb yozadi My Day.

Lola Astanovaning Toshkentdagi chiqishi dirijer Vladimir Fedoseyev boshchiligidagi P.I.Chaykovskiy nomidagi katta simfonik orkestri konserti doirasida bo‘lib o‘tdi. Mazkur konsert san’atga homiylik qilib keluvchi biznesmen Alisher Usmonovning Toshkent ahliga yangi yil sovg‘asi bo‘ldi.

«Klassikaning Lady GaGa»si Lola Astanova, hozirgi kunga qadar akademik musiqa olamida shov-shuvlarga sabab bo‘lib kelmoqda. Lola Astanova dunyoda eng go‘zal pianinochilar ro‘yxatidan o‘rin olgan, hozirda AQShda yashab, ijod qiluvchi, asli Toshkentda tug‘ilgan o‘zbek qizi.

Uning fortepianoda yaratgan pop qo‘shiqlar transkripsiyalari YouTube’da bir yarim milliongacha ko‘rishlarni yig‘adi.

Foto: My Day
Lola Astanova — pianinochi. U Uspenka muallimasi Tamara Popovich, shuningdek, Moksva konservatoriyasi professori Vladimir Naumovning o‘quvchilaridan biri bo‘lgan. Sakkiz yoshidan AQSh, Germaniya, Rossiya, Avstriya, Fransiya va Italiyada konsertlarini taqdim etib keladi. Moskvada bo‘lib o‘tgan F.Shopen nomidagi yosh pianinochilar II Xalqaro tanlovi sovrindori. «Noviye imena» — «Yangi nomlar» loyihasining stipendiati. Texasdagi Rays Universiteti bitiruvchisi. U ilk yakkaxon konsertini Nyu-York shahrida Karnegi-Xoll sahnasida 26 yoshida taqdim etgan. Lola Astanova YuNESKO shafeligida suratga olingan «XX asr iste’dodlari» hujjatli filmiga kiritilgan.

Foto: My Day
Moskvada Shopen nomidagi tanlovda sovrindor bo‘lganimda men hali bola edim. Lekin yosh bo‘lishimga qaramay, o‘sha vaqtlardayoq tanlovlarning kulis ortida siyosatning ko‘pligi, sahnada esa betakrorlik emas, bu holatda «qiyofasizlik» so‘ziga sinonim bo‘la oladigan «akademiklik» qadrlanishini tushunganman.

Tanlovlar bu – tor doiradagi mavzu bo‘lib, bugungi kunda haqiqiy musiqiy karera uchun deyarli hech narsa bermaydi. Tinglovchiga qanday diplomlaring va kuboklaring borligining qizig‘i yo‘q, u yoki musiqadagi tiriklik va haqiqiylikni sezadi yoki yo‘q.

57-ko‘chadagi Steinway Hall yerto‘lasi devorlari – deyarli barcha 20-asr buyuk musiqachilarini ko‘rgan, va u yerda o‘zgacha energetikani his qilish mumkin. Nyu-Yorkdagi ilk yillarim men ham ko‘p vaqtimni o‘sha yerda o‘tkazganman. Lekin hamma narsa bir kun tugaydi: bir necha yil avval Steinway bu binoni sotib yubordi va u endi xotiralar va afsonalar qatoridan o‘rin oldi.

Foto: My Day
Olti yil avval men Karnegi-xollda Donald Tramp boshchiligida o‘tkazilgan va mashhur aktrisa Juli Endryus tomonidan tashkillashtirilgan Vladimir Gorovits xotirasiga bag‘ishlangan gala-konsertda debyut qilgan edim. Afsuski, aktrisa bilan juda kam muloqotda bo‘ldik. O‘sha kungi Donald Tramp bilan tanishuv keyingi muloqotlarimizning debochasi bo‘ldi. Mazkur konsertdan so‘ng men bir necha bor uning Palm-Bichdagi klubida sahna oldim, xayriya oqshomlarida ishtirok etdim.

Sevimli aktyorim Robert De Nirodan xushomadlar eshitish, filmlarini sevib tomosha qiladigan Baz Lurman («Mulen Ruj» myuzikli, shuningdek, «Qoidasiz raqslar», «Buyuk Getsbi», «Avstraliya» filmlari rejissyori) bilan tanish bo‘lish men uchun yoqimli. Lekin eng yodda qolgan va men faxrlandigan uchrashuvlar bu – mening musiqam hayotida qandaydir muhim rol o‘ynagan, misol uchun og‘ir kasallik bilan kurashish uchun kuch topishga yordam bergan oddiy tomoshabinlar bilan bo‘lgan uchrashuvlar.

Foto: My Day
Meni doimo Chaykovskiy simfoniyalari ta’sirlantiradi, ayniqsa to‘rtinchi va oltinchi «patetik». Bu chuqur emotsional musiqa. Ozodlik va samoviy hissiyotlarni esa men har doim elektron musiqadan topaman. U menga cheksiz erkinlik tuyg‘usini beradi va quvvatlantiradi.

Agar bugungi kunda o‘z sohamda biror yutuqlarga erishgan bo‘lsam, bunda Tamara Afanasevna – aniq prinsiplar va aql bovar qilmas professional etikaga sohib inson, meni fikrlash va musiqani anglashga o‘rgatgan inson – Lev Nikolayevich va garmoniya bo‘yicha ilk ustozim – Mark Borisovich Rusaklarning xizmati katta. Butun hayotim davomida shunday iste’dod bilan o‘z fanini o‘rgata oladigan insonni uchratmadim.

Bolaligimda onam har doim yonimda bo‘lgan, meni mashg‘ulotlarga olib borgan, safarlarimda hamrohlik qilgan va barcha muhim lahzalarda qo‘llab-quvvatlagan. Men oddiy oilada katta bo‘lganman, ota-onamda ulkan imkoniyatlar bo‘lmagan bo‘lsa-da, ular meni har jabhada qo‘llab-quvvatlashga harakat qilishgan. Buning uchun ulardan minnatdorman. Bugunga kelib menga yordam beradigan o‘z professional jamoamga egaman.

Hayotiy qonunlarim? Hozirgi kun bilan yashash.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Donald Tramp va Robert De Nironi maftun qilgan o‘zbek pianinochisi (foto, video)