12:13 / 10.01.2019
10 468

Bollivud: Anil Kapur haqida siz bilmaganlar…

Bollivud: Anil Kapur haqida siz bilmaganlar…
Bollivudning taniqli yulduzi Anil Kapur o‘zining 62 yoshini nishonladi. Aktyor 40 yil davomida ko‘plab katta va kichik rollarni ijro etib, minglab tomoshabinlar ko‘nglidan joy oldi. 2005 yildan esa o‘zini prodyuserlik sohasida ham sinab ko‘rdi va bir nechta tahsinga sazovor kartinalar yaratdi. Bugungi maqolamizda ushbu Bollivud yulduzining eng yaxshi rollarini yana bir bor eslaymiz.

«Mr. INDIA» (1987)
Janob Hindistonning sarguzashtlari hamda uning yovuz dushmani Mogambo bilan kurashi aks ettirilgan ushbu kartina 31 yil muqaddam katta ekranlarda namoyish etilgan bo‘lsa ham hamon o‘zining shuhrati va dolzarbligini yo‘qotmagan.

Anil Kapur ushbu filmda bosh qahramon Janob Hindiston rolini ijro etgan. Aytish joizki, kartinada suratga tushish paytida aktyor shou-biznes olamiga endigina qadam qo‘yayotgan edi. Ammo shunga qaramasdan, minglab muxlislarning olqishiga sazovor bo‘la oldi. Kartina davomida aktyor unga berilgan mas’uliyatli sahnalar, xoh u komediya yo‘nalishida bo‘lsin, xoh drama, barchaning ishonchini oqladi. Ba’zi bir jangari sahnalarni ham birorta kaskadyorning yordamisiz ijro etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Anil Kapur ushbu rolga olinmoqchi bo‘lgan aktyorlar safida uchinchi o‘rinni egallagan ekan. Film rejissyori bu rolga dastlab Rajesh Kxannani tanlagan. Ammo aktyor «Bu rol mening darajamga to‘g‘ri kelmaydi», deya rad javobini bergan. So‘ng bu rol yana bir yorqin yulduz Amitabx Bachchanga taklif etilgan va aktyor rozi bo‘lgan. Ammo suratga olish ishlarining boshlanishiga bir necha kun qolganda kun tartibi s’yomka jarayonlariga mos kelmayotganini aytib, roldan voz kechgan. Aytish joizki, aynan 80-yillarda Amitabx Bachchan siyosat bilan jiddiy shug‘ullanishni boshlagan edi.

«BULANDI» (2000)
Mazkur film shunisi bilan e’tiborliki, kartinada Anil Kapur birdaniga ikki obraz (qishloq oqsoqoli Dxaranja va uning o‘g‘li Arjun)da namoyon bo‘ladi.

Film syujetiga ko‘ra qishloq oqsoqoli Dxaranja qishlog‘ida sud jarayonini o‘tkazadi. U shunchalar adolatparvar hamda haqgo‘yki, hattoki jinoyat ustida qo‘lga olingan jiyanini ham ayamaydi. Bundan qattiq g‘azablangan jiyan oxir-oqibatda amakisini o‘ldiradi. Otasining o‘limi uchun amakivachchasini jazolamoqchi bo‘lgan Arjun kartina davomida yana ko‘plab qiyinchiliklarga duch keladi.

Anil Kapur «Bulandi» filmida birinchi marotaba Bollivud afsonasi Rekxa bilan chiroyli va unutilmas juftlik yaratdi. Hindistonda bu juftlik hamon eng oldingi qatorlarda tilga olinadi.

«PUKAR» (2000)
Anil Kapur ushbu filmdagi qahramoni sabab 2001 yilda «Eng yaxshi aktyor roli uchun» Hindiston milliy mukofoti hamda «Bollivudning eng nozik aktyori» nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Ushbu kartinada Anil mayor Jay rolini ijro etadi. Kartina davomida aktyorning qahramoni sevgi uchburchagi sabab kelib chiqqan qiyinchiliklar qarshisida qoladi. Qahramon Jay Puja ismli qizni yaxshi ko‘radi, ammo Jayning bolalikdagi do‘sti Jaya ham unga befarq emasdi. Jaya kartina davomida Jayning sevgisiga erishishga harakat qiladi. Ammo bu ish amalga oshmagach, sevgilisining dushmanlari bilan til biriktiradi. Shu yo‘l bilan u «haqiqiy» muhabbatning qadriga yetmaslik nimalarga olib kelishini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ladi.
Filmning qanday tugashini esa o‘zingiz ko‘rganingiz ma’qul. Aytishadi-ku, «Ming marta eshitgandan ko‘ra bir marta ko‘rgan afzal», deb.

Manba: Hordiq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Bollivud: Anil Kapur haqida siz bilmaganlar…