08:20 / 16.01.2019
5 054

Germaniya jamoatchiligi O‘zbekiston madaniy merosidan bahramand bo‘lmoqda

Germaniya jamoatchiligi O‘zbekiston madaniy merosidan bahramand bo‘lmoqda
Berlin shahrida 15 yanvar kuni “Buyuk ipak yo‘li merosi – O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘prik“ mavzuida xalqaro ilmiy-madaniy forum boshlandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi oldidan tashkil etildi.
Forum doirasida O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida“ loyihasining kitob-albomlari ko‘rgazmasi ochildi.

Prezidentimiz so‘zboshisi bilan boshlangan “O‘zbekiston madaniy merosi Germaniya to‘plamlarida“ kitob-albomi taqdimoti barchaning e’tiborini tortdi. Ushbu nashr zamonaviy multimedia texnologiyalaridan foydalangan holda tayyorlangan, nafaqat o‘qish, balki smartfon orqali maxsus tayyorlangan videolavhalarni 3 tilda tomosha qilish hamda osori-atiqalarni 3D ko‘rinishida o‘rganish imkonini beradigan ilk ilmiy-ommabop kitob sifatida O‘zbekiston noshirligi tarixidan joy oladi.

Tadbir doirasida Germaniyaning yetakchi olim, ekspert, san’atshunoslari Berlin, Drezden, Leypsig va Shtutgart shaharlari muzeylarida saqlanayotgan boy o‘zbek san’atiga oid to‘plamlar to‘g‘risida so‘zlab berdi. Ular orasida Berlin etnologiya muzeyida saqlanayotgan Buxoro amirligi to‘plami, Gamburgdagi Manzarali-amaliy san’at muzeyidagi Bayonqulixon maqbarasi ashyolari, Berlin davlat kutubxonasida saqlanayotgan Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalari, Bumiller to‘plamiga kiruvchi O‘zbekiston madaniy-tarixiy merosi namunalari, shuningdek, Shtutgartdagi Linden muzeyining Sharqiy bo‘limida saqlanayotgan noyob to‘plam ham bor.

– O‘zbekiston madaniy merosining katta qismi ayrim tarixiy sabablarga ko‘ra xorijga chiqib ketgan. O‘zbek san’atining ajoyib to‘plamlari Berlin, Drezden va Leypsig muzeylarida saqlanmoqda. Masalan, Germaniyaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan Peram muzeyida Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan qadimgi shahriston – Afrosiyobning butun dunyoga mashhur sopol buyumlari kabi bebaho durdonalar mavjud. Germaniya milliy kutubxonasida jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub noyob qo‘lyozma kitoblar saqlanmoqda. Shu sababli nemis hamkasblarimiz bilan imkoniyatlarni birlashtirib, madaniy merosimizning ham O‘zbekistonda, ham Yevropada o‘rganilishiga yangi sur’at bag‘ishlaydigan ushbu kitobni yaratdik, – dedi “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida“ loyihasi muallifi va rahbari Firdavs Abduxoliqov.

Germaniya muzeylaridagi xalqimiz madaniyati to‘plamlari haqida so‘z yuritganda Sharq Uyg‘onish davrida yaratilgan qo‘lyozmalar juda qimmatli ekanini qayd etish joiz.
Berlin davlat kutubxonasining Sharq bo‘limi rahbari, doktor Kristofer Raux ushbu kutubxonada saqlanayotgan kitobat san’ati durdonalari haqida so‘zlab berdi.

– Bu yerda namoyish etilayotgan qo‘lyozmalarning ayrimlari o‘zbek mumtoz yozuvchilari yashagan va ijod qilgan hududlardan bo‘lsa, ayrimlari bevosita O‘zbekistondan keltirilgan. Masalan, kutubxonamizda XIX asrdan buyon saqlanib kelinayotgan Mirzo Ulug‘bekning astronomik jadvallari. Ularda 38 turkumga kiruvchi 1018 yulduz to‘g‘risida ma’lumotlar, shuningdek, yulduz yili uzunligi keltirilgan, – dedi u.

Darhaqiqat, O‘zbekiston madaniy merosi rang-barang, turfa, bitmas-tuganmas boylikdir.

– Biz o‘zbek san’atiga oid to‘plamimiz bilan faxrlanamiz, – deydi Pergam muzeyi tarkibiga kiruvchi Islom san’ati markazi direktorining o‘rinbosari doktor Ute Franke. – To‘plam u qadar katta bo‘lmasa ham, tarixiy va badiiy jihatdan biz uchun g‘oyat qadrlidir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Germaniya jamoatchiligi O‘zbekiston madaniy merosidan bahramand bo‘lmoqda