17:13 / 26.02.2019
9 324

Rasman: «BRAVO» va Halimaning litsenziyasi bekor qilindi (foto)

Rasman: «BRAVO» va Halimaning litsenziyasi bekor qilindi (foto)
«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan bugun, 26 fevral kuni «Turkiston» san’at saroyining majlislar zalida «Badiiy so‘z san’ati va sahna mas’uliyati» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz nashrining ma’lum qilishicha, qator guruhlar va ijodkorlar masalasi alohida ko‘rib chiqilishi mo‘ljallangan va aynan shunday ikki holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi.

«O‘zbekkonsert» bilan tuzgan litsenziya talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilgani, ya’ni o‘tkazilgan konsert dasturlarida Muassasaga topshirilgan ssenariydan chetga chiqib, milliy urf-odatlarimiz, odob-ahloq, ma’naviy qadriyatlarga yot bo‘lgan, fahshni targ‘ib qiluvchi hajviyalar orqali o‘zbek so‘z san’ati obro‘siga putur yetkazayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda san’atkor odobiga rioya etmagani uchun so‘z ustalari «BRAVO» va Ibragimova Halima Ubaydullayevnalarning litsenziyalari «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asosan 2019 yilning 26 fevral kunidan amal qilishi tugatiladi.

Foto: O‘zbekkonsert davlat muassasasi
Tadbirda «Bravo» jamoasining birinchi konsert kunidan keyin, «O‘zbekkonsert» vakillari ogohlantirish berib, «qaytarilmasin» deya ta’kidlangan sahnalar aynan diskka yozilib tarqatilgani ma’lum qilindi.

Foto: O‘zbekkonsert davlat muassasasi
Shuningdek «Gap yo‘q triosi» – Sardor Toshmuhamedov, Laliddin Xolmatov va Sanjar Isaboyevlarga yosh avlodni ma’naviy-ahloqiy tarbiyalashga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, mazmunan sayoz mantiq va she’riyat talablariga javob bermaydigan bachkana so‘zlar ijrosida bo‘lgan «ommaviy madaniyat» va axloqsizlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi videokliplar chiqarganligi uchun ogohlantirildi va kelgusida ham bu holatlar takrorlansa, ularning ham litsenziyalari to‘xtatilishi bildirildi.

Foto: O‘zbekkonsert davlat muassasasi
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi paytlarda turli guruhlarning, jumladan «BRAVO» guruhining sahna chiqishlari jamoatchilik orasida qattiq e’tirozlarga sabab bo‘layotgandi.

Foto: O‘zbekkonsert davlat muassasasi
Halima Ibragimovaning ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar bilan «gap talashuvlari», xususan «Instagram» sahifasida o‘zining haqligini isbotlash va boshqalarga «munosib» javob berish uchun gapirgan haqoratomuz so‘zlari tarqalib ketgandi. Bu videolavhalar ostidagi izohlarda juda ko‘pchilik Halima Ibragimovaning o‘zini bunday tutishini madaniyatsizlik deya baholagandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Rasman: «BRAVO» va Halimaning litsenziyasi bekor qilindi (foto)