11:21 / 15.03.2019
8 026

Sardor Mamadaliyev: “Rayhon va Shahzoda bilan duet kuylash? Buning menga keragi yoʻq”

Sardor Mamadaliyev: “Rayhon va Shahzoda bilan duet kuylash? Buning menga keragi yoʻq”
Bu xonandani koʻpchilik oʻta kibrli va kamgap ijodkor deb biladi. Ammo u bilan suhbatlashgan inson yuqoridagi taʼriflar haqiqatdan uzoqligini darhol anglaydi. Boisi Sardor Mamadaliyev mulohazali, hazilni ham oʻrniga qoʻyadigan inson. U bilan suhbatlashgan inson hech zerikmaydi. U Doktor press gazetasiga intervyu berdi.

Sardor aka, suhbatni bolaligingiz bilan bogʻliq xotiralarni eslashdan boshlasak, qarshi emasmisiz?
Bolalikdanoq sanʼatga mehrim baland boʻlgan. Baʼzi bolalar singari koʻcha changitib, shoʻxlik qiladigan bola boʻlmaganman. Maktabdan kelib, tushlik qilardim-u, gitara yoki tor chalishni mashq qilardim. Sheʼrlarga oʻzimcha musiqa bastalab ijro etardim. Kun tartibim deyarli oʻzgarmasdi.

Odatda, bolalarning orzulari tez-tez oʻzgaradi. Siz qaysi sohalarda ishlashni orzu qilgansiz?
Mening oliy maqsadim faqat sanʼatkor boʻlish edi. Ammo yaqinlarim huquqshunos boʻlishimni orzu qilishardi. 2000 yili oʻrta maktabni tamomlab, sanʼat kollejigahujjat topshiraman deganimda, qarorimga otamdan tashqari barcha oila aʼzolarim qarshi boʻlishgan. Oilamizda sanʼatkorlar yoʻqligi bois bu sohada oʻz oʻrnimni topishimga ishonishmagandi. Ammo men tanlagan yoʻlimdan qaytmadim, avval sanʼat kollejida, undan keyin Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida tahsil oldim.

Akangiz ham sanʼatkor boʻlishni orzu qilgan ekan...
Ilk ustozim ham akam Avazbek Mamadaliyev hisoblanadi. Menga tor ushlab, qoʻshiq kuylashni ham u oʻrgatgandi. Afsuski, uning sanʼatkor boʻlish orzusi amalga oshmadi. U huquqshunoslik sohasini tanladi. Bugun oʻz ishidan maʼmnun.

Tinglovchi sifatida qanday qoʻshiqlarni miriqib tinglaysiz?
Mening sanʼatda oʻz kumirlarim bor. Musiqa va ijro borasida ulardan andoza olishga, eng sara yangiliklarini oʻzbek sanʼatiga ham olib kirishga harakat qilaman. Keyingi paytlarda koʻproq jaz va rok musiqalarini eshityapman.

Tavakkal qilishdan qoʻrqasizmi?
Yoʻq, hayotda tavakkalchi insonman. Ammo xayolot bilan yashamayman. Uddasidan chiqishimga ishongan ishga qoʻl uraman.

Ijodda shaxdam odimlaysiz. Qaysidir maʼnoda qisqa muddatda mashhurlikka ham erishdingiz...
Chetdan turib baho berish oson (kulib).

Sizdan avval sahnaga qadam qoʻygan-u, ammo hech qanday natijaga erishmaganlar koʻplab topiladi.
Toʻgʻri. Lekin bu osonlikcha mashhur boʻldingiz degani emas. Sanʼatga kirib kelishim qanchalik qiyin boʻlganini atrofimdagi insonlar yaxshi bilishadi.

Ijodda bir toʻxtamga kelishingiz osonmi? Umuman qoʻshiq yaratishda kimning maslahatiga suyanasiz?
Koʻnglimga quloq tutaman. Sheʼr borasida akam bilan yoki yaqin shoirlarim fikrini oʻrganaman. Ammo musiqa tanlash va ijro borasida ancha injiqman. Musiqadan oʻzim istagan notani topmagunimcha, uni ijro etishga hech kim koʻndirolmaydi (kulib).

Odatda, plagiatdan uzoqroq yurishga harakat qilasiz. Balki, oʻzingiz qoʻshiqlarga musiqa bastalashingizning ham asosiy sababi shudir?
Plagiat ijodiy oʻgʻirlik sanaladi. Birovning mulkiga koʻz olaytirgan insondan qanchalik nafratlansak, ijodiy oʻgʻirlik egalari ham shunday munosabatga loyiq, deb hisoblayman. Ammo oʻgʻirlik bilan taʼsirlanish, biror qoʻshiqdan ilhomlanishning oʻrtasida katta farq bor. Masalan, men grek va balkan qoʻshiqlarini koʻp eshitaman, ulardagi ohang, nola va qochirimlarni oʻz ijrolarimda ham qoʻllashga harakat qilaman.

Keyingi paytlarda, asosan, syujet janridagi kliplarni suratga oldiryapsiz. Klip gʻoyalari kimga tegishli?
Klip borasida doimiy hamkorlarim Hurshid va Nodir Sobirovlar bilan maslahatlashaman. Bir-birimiz bilan fikr almashib, syujet borasida bir toʻxtamga kelamiz.

Qaysi qoʻshiqning klipi mashhur boʻlishini oldindan taxmin qila olasizmi?
Klip suratga olishga shoshilmayman. Boisi, qoʻshiqning mashhurligi, avvalo, uning oʻziga, matni va ijrosiga bogʻliq. Har yil konsert uchun 12 ta yangi qoʻshiq tayyorlayman. Konsertdan soʻng ularni xalq orasida kuylayman. Bir necha oylik kuzatuvlardan soʻng muxlislarga manzur boʻlgan qoʻshiqqa klip suratga olamiz. Baʼzida oʻzimga unchalik maʼqul boʻlmagan qoʻshiq ham muxlislarga manzur boʻladi. Masalan, Shoyi roʻmol qoʻshigʻi oʻzimga yoqmagan, unga klip suratga olishni xayolimga ham keltirmagandim. Ammo qoʻshiq muxlislarga yoqqach, unga klip suratga oldik.

Yaqinlar davrasida qanday insonsiz? Sahnadagi jiddiylik imiji dan voz kecha olasizmi?
Yaqinlarim feʼl-atvorim qandayligini yaxshi bilashidi. Ayrimlar oʻylagandek, kibrli, manman emasman. Hamma qatori oddiy, kimgadir farzand, kimgadir ukaman. Ijodkor qoʻshiq ichida yashashi kerak. Men tanlagan mavzular jiddiy va dolzarb. Ularni shunchaki tabassum bilan ijro etib boʻlmaydi.

Agar sizga Rayhon yoki Shahzoda singari sanʼatimizning yoqimtoylari duet kuylashni taklif qilishsa, qay birini qabul qilasiz?
Men professionallikka intilayotgan xonandaman. Rayhon va Shahzodaning sanʼatdagi oʻrni bilan meniki oʻrtasida katta farq bor. Biz koʻpincha qoʻshiqchi va ashulachi soʻzlarini bir-biriga sinonim deb bilamiz. Aslida, ular daraja jihatidan bir-biridan keskin farq qiladi. Qoʻshiqchining tarozisi ancha yengil, ashula esa mukammal musiqiy asar hisoblanadi. Balki, ular bilan duet kuylasam, yoshlar orasida reytingim koʻtarilar, ammo menga bunday natija emas, sanʼatdagi oʻziga xoslik muhim ahamiyatga ega.

Roʻzgʻorda er yigit qilishi kerak boʻlgan qaysi ishlarni bajara olasiz?
Oxirgi marta qachon oila davrasida kechki ovqatni yedingiz deb soʻrang (kulib). Rostini aytganda, uyda juda kam boʻlaman, bozor-oʻchar qilishga yoki kichik taʼmirlash ishlarini ham qilishga vaqtim yoʻq.

Miriqib raqs tushgan kuningizni eslay olasizmi?
Talabalik paytlari kursdoshlarimiz bilan kichik ziyofatlar tashkillashtirib turardik. Oʻshanda raqs tushganman, ammo bu shunchaki kursdoshlarimning iltimosi uchun edi, xolos. Tabiatan raqs tushishni yoqtirmayman.

Otangizning qaysi xislatlari oʻzingizda jam boʻlishini orzu qilasiz?
Har bir farzand uchun ota-onasi idel shaxslar hisoblanadi. Dadamning barcha xislatlariga havasim keladi. U ancha yillardan buyon tashkilot rahbari, uning notiqlik, sardorlik qobiliyatiga tan beraman. Onam farzand tarbiyasida biroz qattiqqoʻl, dadam esa zamonaviy fikrlaydigan, mehr bilan qahrni birdek qoʻllay oladigan inson.

Odatda, qanday yoʻl qoidasini buzasiz?
Koʻpincha xavfsizlik tasmasini taqishni unutib qoʻyaman. Baʼzan atayin taqmayman. Uni taqsam, yuragim siqilib ketadi (kulib). Ammo eʼtiborli va sezgir haydovchiman. Dadamning Boradigan yeringgga besh daqiqa oldin bording nima-yu, keyin bording nima! degan soʻzlariga doimo amal qilaman.

Ayni bahor kunlarida kishini holsizlik va charchoq qiynaydi. Siz ularni qanday yengasiz?
Tabiat qonunlariga qarshi borib boʻlmaydi. Bahorda bunday holatning kuzatilishi tabiiy hol. Organizm ham qurilma emas, u faqat harakatlanib turishi kerak, deb oʻylaganlar qattiq yanglishadi. Agar oʻzimda kuchli charchoqni his qilsam, hech narsaga qaramay dam olaman. Agar uyqu ham menga halovat bagʻishlamasa, hordiq uchun tabiat qoʻyniga yoki xorij safariga yoʻl olaman. Vaqti-vaqtida muolaja olishga ham odatlanganman. Odam faqat kasal boʻlganda sogʻligiga eʼtibor bermay, undan avval ehtiyotini qilsa, joni ozor kechmaydi.

Ovoz shirali boʻlish uchun tuxum yutishlari haqida eshitgandim. Siz ham tong saharda tuxum yutib turasizmi?
Shunday deyishadi-ku, ammo men buning foydasini sezmaganman. Agar shunday boʻlganida, istagan kishi tuxum yutib, hofiz boʻlib ketgan boʻlardi (kulib). Hammasi faqat mehnatga bogʻliq.

Muxlislarga qanday tilaklaringiz bor?
Salomatlik insonga berilgan eng katta neʼmat hisoblanadi. Shunday ekan, barcha hamyurtlarimizga, avvalo, sogʻliq, tinchlik va oilaviy baxt tilayman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sardor Mamadaliyev: “Rayhon va Shahzoda bilan duet kuylash? Buning menga keragi yoʻq”