22:38 / 29.03.2019
6 514

Yodgor Saʼdiyev: “Shaytanat”ning 21-qismi tayyor

Yodgor Saʼdiyev: “Shaytanat”ning 21-qismi tayyor
Mashhur adib Tohir Malik “Shaytanat”ning bosh qahramoni — Asadbek obrazi prototipi kim ekani toʻgʻrisidagi savollarga haligacha javob bergani yoʻq. Shunga qaramay, asar asosida sahnalashtirilgan videofilm orqali bu nom dunyoga mashhur “Choʻqintirgan ota”dagi Maykl Karlione, “Bir paytlar Amerikada” filmidagi Devid Aronson (Lapsha) kabi oʻzbek kino sanʼati tarixidan mustahkam joy oldi.

Tabiiyki, jinoyat olamining adolatli va qattiqqoʻl rahbari rolini maromiga yetkazib ijro etgan aktyor ham oʻzbeklar orasida sanʼatkor Robert de Niro singari shuhratga erishdi. Oʻzbek kino sanʼati, uning yutuqlari va kamchiliklari, qilinishi kerak boʻlgan ishlar toʻgʻrisidagi bu galgi suhbatimiz “Asadbek” — Yodgor Saʼdiyev bilan kechdi.

Sport maydonidan teatr sahnasiga qadam
1966 yili “Paxtakor” futbol jamoasining darvozaboni boʻlganman. Oʻshanda Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport institutining 3-bosqich talabasi edim. Keyin Ostrovskiy nomidagi teatr va rassomlik institutiga hujjat topshirdim. Bu osonlikcha boʻlgani yoʻq. Bunga ruhiy holatim sabab edi. Birinchidan, rahmatli padari buzrukvorim Habib Saʼdiy katta sanʼatkor boʻlgan. Bundan 90 yillar avval Qoʻqondan Nabi Rahimov, Buxorodan Olim Xoʻjayev, Toshkentdan Shukur Burhonov va otam birgalikda oʻzbek milliy teatrida samarali ijod qilib, xalq eʼtiborini qozonishgan. Otamning ovozi kuchli boʻlgani bois maʼlum muddat Alisher Navoiy nomidagi akademik teatrda solist sifatida faoliyat yuritgan. Shundanmi, men ham otam, akam — Xayrulla Saʼdiyevning izidan borishga qaror qilganman.

Men otamni koʻrmaganman, u kishining vafotidan ikki oy oʻtib, dunyoga kelgan ekanman. Bilasiz, sanʼat, ijod ahli taʼsirchan, koʻngli nozik boʻladi.

Ammo 27 yoshida beva qolib, ikki nafar bolani munosib tarbiyalab, ulardan ikki nafar Oʻzbekiston xalq artisti chiqargan volidai mehribonimning chekkan zahmatlari, mehnatlari, iztiroblari roʻyobi uchun doimo shukr qilaman.

Tarixiy asarlarga qoʻl urilmayotganini qanday izohlaysiz?
Abdulla Qodiriy iborasi bilan aytganda, moziyga qaytib ish koʻrmoq xayrli. Ammo oson emas. Buning bitta nozik jihati bor. Tarixiy shaxslar haqida film yaratayotgan yoki allomalar timsolida koʻrinadigan aktyor tarixni puxta bilishi va iqtidoridan tashqari, iymoni baquvvat, eʼtiqodi kuchli, dili pok, ruhi tetik boʻlishi kerak. Bu — mening shaxsiy qarashim. Bir paytlar Amir Temur haqida film yaratishga kirishilgan. Buyuk bobomiz obrazini mashhur aktyor Shon Konneri yaratishi kerakligi toʻgʻrisida taklif berilgan. Toʻgʻri, u dunyo tan olgan sanʼatkor. Ammo oʻzbek emas, uning tomirida bizning qonimiz oqmaydi, u bizning turmush tarzimiz, hayotimizni bilmaydi. Shunday ekan, Konneri qayoqdan Sohibqiron boʻla olsin?! Yaxshiki, bu loyiha oʻsha kezlari amalga oshmay qoldi.

Faxrlansak arziydi, dunyo tamadduniga ajdodlarimiz beqiyos hissa qoʻshganlar. Tibbiyotda Abu Ali ibn Sino, falakiyotda Mirzo Ulugʻbek, adabiyotda Alisher Navoiy, tabiiy fanlar sohasida Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, hadis ilmida Buxoriyga yetadigan buyuklar yoʻq. Xoʻsh, u holda nega ulugʻ ajdodlarimiz hayoti va ijodi sahnada, kinoda, televideniyeda toʻlaqonli talqin etilmayapti? Boisi shuki, bizda ularning timsolini yaratishga loyiq sanaladigan aktyorning oʻzi yoʻq.

Dilimni ogʻritadigan yana bir holat bor. Ayrim filmlarda yengil-yelpi kulgi uchun butun bir millat haqida notoʻgʻri tasavvur uygʻotadigan epizodlar koʻzga tashlanib qoladi. Bu fikrimga misollar toʻlib-toshib yotibdi. Fikrimcha, millatning qusurlarini emas, balki uning urf-odat va qadriyatlarini koʻrsata bilish lozim. Sanʼatkorning masʼuliyati ham aynan milliy maʼnaviyat va madaniyatga munosabatida yaqqol seziladi. Xalqni kamsitishga, hazil-mazax qilishga hech kimning haqqi yoʻq.

Asadbek, yaʼni bizning qahramonimiz qoʻlini qayoqqa uzatsa yetadi, obroʻ-eʼtibori va boyligi haddan ziyod. Shunday kuchli shaxs Hosilboyvachchani oʻldirib, butun aybini kuyovi Elchinga agʻdarib qoʻyishni koʻzlaydi. Bu mard odamning tabiatiga toʻgʻri kelmaydigan xolat. Mana shu masalada oʻz fikrlarimni oʻtkaza olganimdan xursandman. Aslida insonni hayvondan ajratib turadigan ikkita unsur bor. Birinchisi, aqli, yaʼni yaratishga qodirligi. Ikkinchisi, ishonchi, eʼtiqodi mukammalligi. Barcha baloning boshi imonsizlikdan boshlanadi. Shu bois film va sahna asarlarimda koʻproq imonli odamlar timsolini yaratishga harakat qilaman. “Imon” spektaklida professor Komilov rolini ijro etish menga chinakam huzur bagʻishlaydi.

Tomoshabin “Shaytanat”ning davomini kutmoqda
Serialni suratga olish jarayonida boʻlib oʻtgan bir voqea sira yodimdan chiqmaydi. Men Hosilboyvachchani otganimda u oʻn besh metr joydan hovuzga qulab tushishi kerak edi. Oktabr oyi oxirlari, havo ancha sovuq. Hovuzdagi suv muzday.

Hosilboyvachchaning (Furqat Fayziyev) koʻksiga oʻq uzdim. Biroq u qilt etmadi. Holatdan chiqmay yana otdim. U yana joyidan jilmadi. Shunda avzoim oʻzgardi, shekilli, orqasi bilan hovuzga yiqildi. Pastdagilar uni darrov suvdan tortib olishdi. Kiyim-boshlarini almashtirishdan ilgari badanini spirt bilan artishdi. “Ichimdan qaltiroq chiqyapti” derdi u. Soʻng oʻziga keldi “Hoy yigit, nega birinchi oʻqdayoq qulamading?” desam, u xijolat tortib, “Axir, suzishni bilmasdim-da” deydi. Bu epizod juda ishonarli chiqdi.

Muxlislarga “Shaytanat”ning soʻnggi — 21-qismi haqida yangilik aytmoqchiman. Bir yarim soat davom etadigan bu film tayyor. Hozir ovozlashtirish, musiqalashtirish ishlari davom etyapti. Xudo xohlasa, tez orada tomoshabinlar hukmiga havola qilinadi.

Keksalikdagi judolik
Shukr, oilamizning mahallada obroʻ-eʼtibori yaxshi. Turmush oʻrtogʻim Zaylixon Saʼdiyeva yetuk sanʼatshunos olima edi. Oʻgʻil-qizimizni goʻzal axloq, namunali xulqli, mehnatsevar, bilimli va odobli qilib tarbiyalashda u kishining xizmatlari juda katta. Men farzandlarim va 5 nafar nabiram timsolida joying jannatda boʻlgur ahli ayolimning siymosini, qiyofasi va tabiatini koʻrib hozir ham kuch-qudrat, ruhiy halovat va taskin topaman. Hech bir erkak ayolidan keyin qolmasin, deyman. Keksalikdagi judolik goʻdaklikdagi yetimlikdan ham ogʻir kechar ekan. Chunki bolalikda ulgʻayish umidi, yoshing bir joyga borganda ayriliqda topolmaslik armoni bor...

Oʻzbekiston taniydi, mahalla ahli-chi?
Aslida seni butun dunyo bilgandan koʻra, oʻzing yashab turgan mahallang bilgani yaxshi. Axir, bekorga dono xalqimiz “uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qoʻshni afzal” demagan. Butun Oʻzbekistonda mahalla instituti faoliyatini yaponlar, amerikaliklar va yana Yevropaning ayrim mamlakatlari chuqur oʻrganayotganidan xabarim bor. Mana shu eʼtirof asosida ajoyib filmlar yaratilsa arziydi. Oʻzim Olmazor tumanidagi “Moyariq” mahallasining barcha tadbirlari, ommaviy hasharlarida qatnashaman. Axir, aktyor jonli targʻibotchi-ku. Bizni, eng avvalo, mahalladoshlarimiz “yirik plan”da koʻrib turishadi.

Hozir yurtimizdagi oʻzgarishlarning bosh tashabbuskori Prezidentimiz boʻlsa, bosh ijrochisi oʻzbek xalqidir. Davlatimiz rahbari butun millatning ruhini, kayfiyatini, gʻayrat-shijoatini joʻsh urdira oldi. “Humo arena”da oʻtkazilgan Navroʻz bayrami keyingi ikki yarim yillik taraqqiyotimiz koʻzgusi sifatida namoyon boʻlganidan boshim osmonga yetdi.

Qisqa qilib aytganda, sanʼatkor uchun endi ishlaydigan, oʻzligini koʻrsatadigan, milliy gʻurur va viqorini tarannum etadigan davr keldi.

Manba: mahalladosh.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yodgor Saʼdiyev: “Shaytanat”ning 21-qismi tayyor