00:10 / 30.03.2019
7 761

Shoberdi baxshi Boltayev: Dostonlar haqiqatni soʻzlaydi, ammo uni eshituvchilar kam...

Shoberdi baxshi Boltayev: Dostonlar haqiqatni soʻzlaydi, ammo uni eshituvchilar kam...
Doʻmbira degan sehrli sozning jarangi baland togʻlar, bahor nafasidan sarmast bepoyon kengliklar, qiru adirlar, osmon toqiga yetgudek purviqor togʻlar uzra yangramoqda. Belini mahkam bogʻlagan, oʻzini zoʻr ishga chogʻlagan baxshining shirali ovozi doʻmbira jarangiga joʻr boʻlib dillarni sel qiladi. Baxshi dilidan quyilib kelayotgan satrlar tinglovchilar tasavvurida ezgu va boqiy qadriyatlarni jonlantiradi. Uning maqsadi aniq: yurt ishqi, yor vasfi, adolat va hurlik tantanasi.

“Alpomish”, “Kuntugʻmish”, “Rustamxon”, “Goʻroʻgʻli” kabi oʻnlab dostonlarni zavq bilan kuylovchi, dostonchilik maktabining yirik vakillaridan biri Oʻzbekiston xalq baxshisi Shoberdi baxshi Boltayevning oʻz ijro yoʻli bor. U kuylagan dostonlar badiiy mukammalligi va jozibadorligi bilan alohida ajralib turadi.

— Xalq dostonchisi soʻz zargari boʻlishi lozim, — deydi baxshi. — Bu, oʻz navbatda, tabiiy isteʼdod, kuchli idrok, muntazam ravishda qunt va chidam bilan mashq qilishni talab etadi. Shuningdek, baxshi xalq turmushi va madaniyati, oʻzi yashab turgan yurt tarixi, biror soz chalishni bilishi, hofizlik sanʼatini puxta egallagan boʻlishi joiz. Baxshi jonli xalq tilining turli shakllaridan, soʻz oʻyinlari va qochirimlaridan, xalq maqollari va iboralaridan unumli foydalanishi kerak.

Doston tinglagan kishining ruhi ozuqa oladi
Baxshichilik sanʼati — xalqimizning ulkan madaniy salohiyatiga xos ajralmas badiiy tarix. Unda asriy orzu-umidlar, porloq kelajak haqidagi oʻy-fikrlar oʻz ifodasini topgan. Qolaversa, dostonchilik maʼnaviy kamolotga xizmat qiladi. Bejizga, donolarimiz “Baxshisi bor yurtning, botiri koʻp boʻladi”, deya taʼkidlashmagan. Zero, goʻzallik, jismoniy va maʼnaviy kamolot, vatanparvarlik, sadoqat, yaxshilik singari insoniy fazilatlar madh etilgan dostonlarni tinglab ulgʻaygan avlod qalbi hamisha ana shunday ezguliklar bilan toʻlib-toshadi. “Alpomish” dostonini olaylik.

Asarda Qorajon qiyomatli doʻsti uchun jonini oʻrtaga qoʻyib poygaga boradi. Alpomishga xiyonat qilmaslik uchun hatto akalaridan ham kechadi. Jigarlaridan biri unga “Kel, kesaylik Boychiborning boshini”, degan qistoviga qaramay doʻstiga, uning otiga xiyonat qilmaydi. Mana, doʻstga sadoqatning chin timsoli. “Alpomish” dostonini doʻmbiraga solar ekanman, undagi voqealarning turli koʻrinish olishi haligacha meni hayratlantiradi. Baʼzan ushbu dostonni ayta turib, koʻzimga yosh qalqiydi. Negaki, doʻstga sadoqat bu dunyoda kamayib ketayotgandek. Ehtimol, mana shu jihatlari bilan doston kishi ruhini oziqlantirar, uni oʻzga olamlararo sayohat qildirar.

“Qonim ham, hayot-mamotim ham shu — baxshilik”
Yetti yoshimdan dostonlardan parcha yodlab, doʻmbira chertib ijod qila boshlaganman. Otam ishdan kelguncha uning doʻmbirasini chertib, oʻzimcha doston kuylashni mashq qilardim. Shunday kunlarning birida otam doʻmbiraning joyida yoʻqligini koʻrib, “Doʻmbiramga kim tegindi?”, deya jahli chiqdi. Oʻshanda onam “besh oʻgʻlingiz bor, hech boʻlmasa, bittasi chiqsin-da sizga oʻxshab”, dedi. Shundan soʻng otam menga boʻsh vaqtlarida doʻmbira chertish sirlarini oʻrgata boʻshladi. Oʻsha doʻmbira haligacha mening qoʻlimdan tushgani yoʻq. Xullas, doʻmbira chertishni otamdan oʻrgangan boʻlsam, dostonchilik sirlarini ustozim Xoʻshboq baxshi Mardonqulovdan oʻzlashtirdim. Mening jonim ham, qonim ham, hayot-mamotim ham shu — baxshilik.

30-40 tadan ortiq doston yod olgan baxshilar boʻlgan. Shu kunga qadar “Ollonazar Olchibek”, “Malla savdogar”, “Suluvxon”, “Avazxon”, “Xoldorxon” singari oʻnga yaqin doston va 30 dan ortiq termalarni yod olib, kuyladim.

Dostonchilik rivoji yoʻlida
Ijodiy faoliyatim davomida koʻp davlatlarda boʻldim. Mamlakat miqyosida oʻtkazilgan baxshi-shoirlarning koʻrik-tanlovlarida gʻolib boʻlganimdan keyin qator davlatlarda, xususan, Turkiya, Buyuk Britaniya kabi oʻnlab mamlakatlardagi doʻstlarga milliy sanʼatimizning betakror imkoniyatlarini namoyish etishga erishdim. Ayniqsa, bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Qirgʻiz, qozoq, turkman baxshilari bilan birga Parijga bordik. Shunda eronlik yigit menga “Tadbirni oʻtkazishda oʻzingiz bosh boʻlsangiz”, dedi. Masʼuliyatli vazifa yuklatilganidan biroz choʻchigan boʻlsam ham “xoʻp”, deya rozi boʻldim. Ishtirokchilarga birma-bir navbat berib, dasturni olib bora boshladim. Parij ahli bizni juda yaxshi qabul qildi. Navbat oʻzimga kelganida qoʻlga doʻmbiramni olib:

«Qulon yurmas yerlardan,
Quvib oʻtib boradi.
Bulon yurmas yerlardan,
Bogʻib oʻtib boradi.
Qarsoq yurmas yerlardan,
Qalqib oʻtib boradi.
Boʻri yurmas yerlardan,
Boʻzlab ketib boradi», deya kuylay boshladim.

Ishonsangiz, zalda “churq” etgan ovoz eshitilmaydi. Hamma sukutda. Garchand bizning tilimizni tushunuvchilar kam boʻlsa-da, dardu figʻonni barcha qalban his qilayotgandek edi. Ochigʻi, bu sukunat oʻzimni ham biroz choʻchitdi. Biroq hammasi joyida ekanini his qilgach, yana ham zavqu shavq bilan doʻmbira chertib, “Alpomish”dan parcha aytdim. Kuy tugaganidan soʻng zalda qarsak yangradi. Men el sevgan termalardan aytib, dunyoga chiqdim. Bu — omadmi? Nazarimda, yoʻq. Bu yillar davomidagi izlanishlar, mehnatu mashaqqatning mevasi. Eldan olib, elga berdim. Mehribon xalqimni sevdim.

Biroq bir haqiqat borki, unga koʻz yumib boʻlmaydi. Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish boʻyicha mamlakatimizda keng qamrovli amaliy ishlar qilinmoqda. Ammo odamlar, xususan, yoshlarimiz orasida dostonlarni eshitadiganlari kam. Yaqinda bir yetuk baxshilarimizdan biri Toshkentda dostonchilik boʻyicha bir necha kun bepul konsert berdi. Albatta, bu yaxshi. Biroq shu konsertga tinglovchilar kam kelishgan. Nega? Axir, baxshi ajdodlar hayotini tarannum etuvchi lavhalarni oʻqiydi-ku. Agarda zamonaviy estradachilar shunday konsert berishsa, koʻrasiz u yerga boruvchi yoshu qarilarni.

Dostonlar haqiqatni soʻzlaydi
Har qanday asar, xususan, doston syujetiga asos qilib olingan voqea-hodisalar aslida hayotda uchrashi bor gap. Masalan, xalqimizning sevimli dostoni “Alpomish”ni olaylik. Unda Barchin Qalmoq yurti alplariga “Menga olti oy muxlat beringlar, Biy bobomning uli izlab kelmasa, eng zoʻrlaringga tegaman”, deydi. Alpomish esa Qalmoq tomonlarga yorini soʻrab kelgach, Koʻkaldosh sovchilikka boradi: “Qani, Barchin, Alpomish boʻlsa keldi, alplarning boʻlsa muxlati bitib qoldi. Sen nima javob aytasan?”. Barchinning ori kelib, u ham katta bir elga bosh boʻlib yurgan hurmat-izzatli boyning qizi ekanini bildirib, “Alpomish kelsa kelibdi, u keldi, deb etagidan ushlab ketaveraymi?”, deya oʻz shartlarini ochiq-oydin aytadi. Mana shu syujet bor gap. Bunda hech bir toʻqima yoʻq. Negaki, bu — xalqimizga xos joʻmardlik, qatʼiyat namunasi bor bunda.

Dostonchilik ham turlarga ajratiladi...
Yurtimizning turli hududlarida oʻziga xos dostonchilik maktablari shakllangan. Xususan, Fargʻonada dostonlar hikoyagoʻylik uslubida aytilsa, Surxondaryo, Samarqand, Qashqadaryo tomonlarda tomoq bilan kuylanadi. Bu maktabning baxshi-shoirlari oʻzlari toʻqigan baytlar bilan doston mazmuni va ijrosini boyitadi. Xorazm tomonlarda esa muayyan kuyga solingan holda ochiq ovozda ijro etiladi. Yurtimiz dostonchilik anʼanalari miloddan avvalgi VI-V asrlardayoq taraqqiy topganligiga oid maʼlumotlar bor. Milodiy VII-VIII asrda turli mavzulardagi qissalar, doston va nomalar yaratilgan. “Meʼrojnoma”, “Bobo Ravshan”, “Paygʻambarlar hikoyati”, “Sultonboyning meʼroji”, “Yusuf va Zulayho”, “Kiyiknoma” singari dostonlar ana shular sirasiga kiradi.

Manba: mahalladosh.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shoberdi baxshi Boltayev: Dostonlar haqiqatni soʻzlaydi, ammo uni eshituvchilar kam...