Andijonlik sozgar baxshilar doʻmbirasining yangi namunasini ishlab chiqdi (foto, video)

  • 31 mart 2019, 11:49
  • 710
  • Madaniyat
  • Andijonlik sozgar baxshilar doʻmbirasining yangi namunasini ishlab chiqdi (foto, video)
    Andijonlik sozgar, milliy sozlar ixtirochisi Abdumalik Madraimov baxshilar uchun doʻmbira sozining yangicha namunasini yaratdi.

    “Shu yili 5—10 aprel kunlari Surxondaryo viloyatida oʻtadigan baxshilar xalqaro festevali uchun baxshilarimiz ovozi yaxshi, yangilangan doʻmbira yasab berishimizni soʻrab murojaat bilan chiqishdi. Yangi namunadagi cholgʻu ustida ikki oy ishladik. Ovozi baland, bemalol katta davralarda chalib aytishga qulay. Baxshilar bilan telefon orqali muloqot qilib, ovozini eshittirdik, ularga maʼqul keldi. Albatta, haqiqiy bahoni baxshilarimiz qoʻlida chalib koʻrgandan soʻng berishadi”, — deydi sozgar usta Abdumalik Madraimov.

    Avvalgi yongʻoq daraxtidan oʻyib yasalgan doʻmbiradan farqli yangi namunadagi doʻmbira turli qismlardan yigʻib ishlangan boʻlib, ancha yengil. Qoʻl sirgʻanib chalishga qulay boʻlishi uchun dastasi yedirilmaydigan va silliq tekistalitdan yasalgan. Shuningdek, musiqa maktablarining baxshichilik sinflari oʻquvchilariga moslangan varianti ham sinovdan oʻtkazilgan.

    Abdumalik Madraimovning qoʻshimcha qilishicha, yangi namunadagi doʻmbirani yasashga bitta dutor yasashga ketgan vaqt va sarf-xarajatlar ishlatilgan. Bu hozirda 450 ming soʻm atrofiga toʻgʻri keladi.

    Usta koʻp yillardan buyon Oʻzbekistonda qoʻllanilayotgan 37 xildagi musiqa asboblarini qayta ishlash va takomillashtirish bilan shugʻullunib keladi.

    Manba: Daryo.uz

    » » Andijonlik sozgar baxshilar doʻmbirasining yangi namunasini ishlab chiqdi (foto, video)