20:57 / 06.04.2019
3 707

Mirziyoyev Surxondaryoda xalqaro baxshichilik san’ati festivali ochilishida nutq so‘zladi

Mirziyoyev Surxondaryoda xalqaro baxshichilik san’ati festivali ochilishida nutq so‘zladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda xalqaro baxshichilik san’ati festivali ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi.

Prezident barcha ishtirokchilarni Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilishi bilan muborakbod etdi.

“Yurtimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu san’at bayramida dunyoning 74 ta davlatidan 160 dan ziyod vakillar qatnashmoqda. Ularning orasida atoqli madaniyat arboblari, folklor san’ati namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari borligi bizga katta mamnuniyat yetkazadi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti festivalda ishtirok etayotgan YuNESKOning Osiyo va Tinch okeani boshqarmasi boshlig‘i Andrey Shevelev, Islom hamkorlik tashkilotining tuzilmasi – AYSESKOning Madaniyat bo‘yicha direktori Rxiati Salih, Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi rahbari Gada Rida Xijjavi, Qirg‘iziston prezidentining maslahatchisi Sultanbay Rayev, Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muxameto‘g‘li, Tojikiston madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda, Turkmaniston madaniyat vazirining o‘rinbosari Kurbanmurat Miradaliyev, Afg‘onistonning Balx viloyati hokimi Muhammad Ishoq Raxguzar va boshqa xorijlik mehmonlarga tashakkur izhor etdi.

“Biz xalq ijodiyotini, turli o‘lkalarda baxshi, jirov, oqin, manaschi, shoir, oshiq kabi nomlar bilan ataladigan, o‘z timsolida ham shoirlik, ham sozandalik, ham xonandalik mahoratini mujassam etadigan insonlarning nodir iste’dodini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Bugun o‘z ishini boshlayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ayni shunday ulkan va muhim maqsadga qaratilganini alohida ta’kidlamoqchiman”, dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidentining ta’kidlashicha, “agar biz bu noyob san’atni saqlab qolish uchun bugun barchamiz birgalikda harakat qilmasak, ertaga, afsuski, kech bo‘ladi, kelgusi avlodlar, tarix bizni kechirmaydi”.

Mirziyoyev ayni paytda o‘zbek milliy folklor san’atini chuqur o‘rganib, uni dunyo miqyosida keng targ‘ib etib kelayotgan koreyalik Ing-Yong O, germaniyalik Karl Rayxil, turkiyalik Fikrat Turkman, Selami Fidakor singari xorijiy olimlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston prezidenti ushbu festival dunyodagi eng nufuzli san’at anjumanlari qatoridan mustahkam o‘rin egallashiga ishonch bildirdi.

“Baxshilar nafaqat xalq o‘tmishining aks-sadosi, ayni paytda bugungi kunning ham jarangdor ovozidir. Go‘zal yurtimiz hayoti bilan tanishgan siz, azizlar o‘z fikr va tuyg‘ularingiz haqida, bag‘rikeng va mehmondo‘st xalqimiz, uning madaniyati va betakror qadriyatlari haqida yangi-yangi qo‘shiq va dostonlar yaratishingizga tilakdoshmiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rahbarining 2018 yil 1 noyabrdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur festivalga katta tayyorgarlik ko‘rilgan. Folklor-etnografik chiqishlar, sayyohlik maskanlariga tashriflar, ilmiy konferensiya va ko‘rgazmalarni o‘z ichiga olgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar dasturi tayyorlangan.

Qayd etilishicha, festival 10 aprelgacha davom etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Mirziyoyev Surxondaryoda xalqaro baxshichilik san’ati festivali ochilishida nutq so‘zladi