11:35 / 20.04.2019
3 248

O‘zbekistonda olib tashlangan haykallar muzeyini ochish taklif etildi

O‘zbekistonda olib tashlangan haykallar muzeyini ochish taklif etildi
Foto: «Uza.uz»
Milliy matbuot markazida «Tasviriy va amaliy san’at festivali»ga bag‘ishlangan press-konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir tashkilotchisi bo‘lgan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyatiga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abduxoliq Abdurazzoqov tomonidan yurtimiz tarixiga oid bo‘lgan joydan-joyga ko‘chirilgan va olib tashlangan haykallarni yig‘ib muzey tashkil etish taklif qilindi.

«Toshkentda Anhor bo‘yida joylashgan haykallar «qabristoni»da bir qancha san’at asarlari bor. Ularni yig‘ib, muzey tashkil etish mumkin-ku. Misol uchun maktab o‘quvchilarini olib borib, mana bu shaxs yurtimizda qatag‘onga sabab bo‘lgan deb, uning haykalini ko‘rsatish, tarixdan ma’lumot berish mumkin-ku», – deydi jurnalist.

A.Abdurazzoqovning taklifini Akmal Nur ham ma’qulladi:

– Haykallar avvalambor san’at asari. Ularda aks ettirilgan shaxslar hozirda muhim bo‘lmasa-da, biz tariximizni unuta olmaymiz. Biz o‘sha 70 yillik tarixni boshimizdan o‘tkazganmiz. O‘z davri aks ettirilgan haykallar to‘planib, muzey tashkil etish fikrini qo‘llayman.

Ishonasizmi, biz Usmon Yusupov haykalini yer ostidan qazib oldik. Haykallarga bunday munosabat aqlsizlikdir, – deydi Badiiy akademiya rahbari.

Nazarimizda, tarixning qora varaqalaridan yodgorlik bo‘lgan haykallarga ham muzeyda o‘rin bo‘lishi lozim. Bu o‘quvchilarni tarixni o‘rganishida yordam bo‘lishi bilan birga, O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun ham qiziq bo‘ladi.
Anora Sodiqova

Manba: Uza.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » O‘zbekistonda olib tashlangan haykallar muzeyini ochish taklif etildi