18:14 / 25.04.2019
7 102

Jahongir Otajonov: "Qadi sarvi uza zulfi kamande..."

Jahongir Otajonov: "Qadi sarvi uza zulfi kamande..."
Yoxud Hofiz Xorazmiy qalamiga mansub bu g‘azalning shimoliy muzliklarga nima aloqasi bor?

Albatta, Jahongir Otajonovning mazkur qo‘shig‘i so‘zlarining muallifi haqida unga jo‘r bo‘lib kuylayotgan tinglovchilarning o‘ndan biri ham yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmasa kerak. Chunki, internet tarmoqlarida tarqalib ketgan videolavhalarda ham klip ijodkorlari haqida ma’lumotlar bo‘lsa-da, she’r muallifi esga olinmagan.

...1870 yilda Hindistonning Haydarobod shahri Salarjang muzeyidan antiqa qo‘lyozma – XV asrga mansub devon topiladi. Undagi she’rlar turkiy tilda bitilgan bo‘lib, ularda Hofiz taxallusi qo‘llangan edi. Mutaxassislarning uzoq yillik izlanishlari natijasida 34 mingdan ortiq she’riy baytlarni o‘z ichiga olgan devon XIV-XV asrlarda yashab o‘tgan o‘zbek shoiri Hofiz Xorazmiyga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.

Izlanishlarga ko‘ra, bu shoir aslida Xorazmda tug‘ilgan, keyinchalik temuriylar hukmronligi ostida bo‘lgan Sherozga ko‘chib o‘tgan, umrining oxirigacha shu yerda yashagan.

U fors adabiyotining buyuk namoyandasi Hofiz Sheroziy she’riyatiga katta ixlos qo‘ygan, shu bois, o‘ziga ham shu taxallusni tanlagan edi.

Hofizni ko‘rung ushbu zamon turk tilida,
Gar keldi esa, Forsda ul Hofizi Sheroz

- misralari ham shoirning turkiy tilda Hofiz Sheroziy darajasida ijod qilishni o‘z oldiga maqsad qilgani ko‘rinadi.

G‘azal nima haqda?
Keling endi mashhur xit-qo‘shiqqa asos bo‘lgan g‘azalning baytlarini sharhlashga kuchimiz va idrokimiz yetgancha urinib ko‘raylik:

Qadi sarvi uza zulfi kamande
Chu soldi, bo‘ldi jong‘a poybande.


Ma’shuqa (yor) ning sarvdan tik qomati ustidagi sochi – zulfi kamand (ovchilar ishlatadigan uzun arqon) solganida, jonim xuddi oyog‘idan to‘rga ilingan o‘ljadek asir bo‘ldi.

Yetishmas xoki posig‘a aning sarv,
Agarchi chekdi bas qaddi balande.


Hatto sarv bo‘yi har qancha baland bo‘lsa-da, uning xoki poyiga – oyog‘i ostidagi tuproqqa ham yeta olmaydi.

Yuzi ustindagi ul donai xol,
Yonar o‘t uzra erur chun sipande.


Cho‘g‘dek lovullab turgan yuzi ustidagi qora xoli xuddi olov ustiga tashlangan sipand (hazorsipand, adrasmon ham deyiladi) – isiriq tuxumiga o‘xshaydi.

Shakar guftorlar bordur, va lekin,
Aningtek yo‘qturur bir no‘shxande.


Shakardek shirin gapiradiganlar ko‘p, lekin xuddi Uningdek kulgusi jonga orom beradigani yo‘q.

So‘ziyu ko‘ziyu shirin dudog‘i,
Erur shakkar, taqi bodomu qande.


So‘zi, ko‘zi va labi shakar, bodom va qandga o‘xshaydi. Bu o‘rinda mumtoz adabiyotdagi laff va nashr (yig‘ish va yoyish) badiiy san’ati qo‘llangan. Ya’ni birinchi misrada Yorning so‘zi, ko‘zi va dudog‘i tilga olingan bo‘lsa, ikkinchisida ularga o‘xshatilgan shakar, bodom va qand tashbehlari keltiriladi.

G‘arib ermas, pisand etmasa meni,
Chun andog‘ yo‘q jahonda xudpisande.


Agar u meni pisand qilmasa, buni ajablanadigan joyi yo‘q. Chunki, jahonda hech kim uningdek takabbur emas.

Eshiginda bu Hofizdek ko‘runmas,
G‘aribe, xasta miskin dardmande.


Uning eshigida bu Hofiz (ya’ni muallif)dek g‘arib, faqir va dardmand odam bo‘lmasa kerak. E’tibor qilinsa, bundan oldingi misradan g‘arib so‘zi ajablanarli ma’nosida kelgan bo‘lsa, keyingi misrada g‘arib, bechora singari ma’nolarni beradi.

G‘azal bir qarashda oshiqona mazmunga ega bo‘lib ko‘rinsa-da, unda ikkilamchi tasavvufiy ma’no, ya’ni bandaning Yaratganga bo‘lgan ilohiy ishqi ham aks etadi.

Qo‘shiq qanday kuylangan?
Xonanda Jahongir ijrosidagi “Qaddai baland” qo‘shig‘i ko‘pchilik muxlislarni mumtoz adabiyotimizning ko‘pchilik umrida eshitmagan g‘azal bilan qisman bo‘lsa-da tanishtira oldi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: qo‘shiq ijrosi, unga ishlangan klip g‘azal mazmuniga to‘g‘ri kelarmikin?

Ammo, qo‘shiq ijrosi, unga ishlangan klip g‘azal mazmuniga qanchalik mos tushadi?

Avvalo, mazkur qo‘shiqda Hofiz g‘azalining faqat uch bayti ishlatilgan xolos. Xonanda “zulfi kamande” so‘zini talaffuz qilarkan, negadir klipda o‘q-yoy tasviri namoyon bo‘ladi. Holbuki, kamon va kamand mutlaqo boshqa-boshqa narsalar. Qolarversa, badiiy adabiyotda yorning zulfi emas, qoshlari kamonga o‘xshatiladi.

Ochig‘ini aytganda, klipdagi manzaralar – “lirik qahramon”ning Arktika muzliklari oralab kemada suzishi, qimmatbaho avtomashinalardagi sayohati, katta yo‘lning qoq o‘rtasida to‘xtab, raqs tushishi, diskotekadagi ko‘ngilxushliklar bilan Hofiz Xorazmiy g‘azali mazmunini bog‘lash oson bo‘lmasa kerak. Shuningdek, qo‘shiqdagi “chuv-chuv”, “voy-bo‘”, “shov-shuv” so‘zlari ham g‘azalning tarkibi-yu mohiyatiga begona.

To‘g‘ri, ushbu qo‘shiqning yoshlar qalbiga yetib bora oladigan ohangda, uslubda kuylanishini uning yutug‘i deyish mumkin. Har qalay umrida mumtoz adabiyotni qo‘liga olmagan yigit-qizlar ikki-uch misra bo‘lsa-da, buyuk shoirimiz Hofiz Xorazmiyning ijodidan yod oldi-ku? (Uning ma’nosini tushunib yetish – bu endi boshqa masala!). Lekin, baribir buyuk bobolarimizdan meros qolgan badiiy adabiyot durdonalariga ko‘proq mas’uliyat va chuqurroq hurmat bilan yondashilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Jahongir Otajonov: "Qadi sarvi uza zulfi kamande..."