15:54 / 19.05.2019
3 386

Kinobozor, dunyo kino ekranlari sari yo‘l...mi?

Kinobozor, dunyo kino ekranlari sari yo‘l...mi?
Maqolamizga shunday sarlavha-savol qo‘ydigu, keling javobini ham o‘zimiz berib qo‘ya qolaylik. Ha! O‘zbek kinosi aynan mana shu yo‘lni bosib o‘tibgina (ko‘rib, o‘rganib, solishtirib, qiyoslab) jahonga chiqa oladi. Lekin ochig‘i bu haqiqatni anglab yetganimizga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 8 avgustdagi PQ-3176-son qarori hamda “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 24 iyuldagi PQ-3880-son qarori mamlakat kino san’ati rivojlanishini yangi bosqichini boshlab berdi. Jumladan, 2018 yilning o‘zidayoq “O‘zbekkino” Milliy agentligining “Respublika kinoprokat markazi” tashkil etildi.

Bugunga kelib bu markaz nafaqat mamlakat ichkarisida yagona prokat tizimini tashkil etish, balki o‘zbek kinolarini dunyoga olib chiqish yo‘lida ham izchil harakatlarni boshlab yubordi. Chunki kinobozor kino san’atini va sanoati uchun qaysidir bir ma’noda barometr hamdir. O‘z mahsulotini bozorga olib chiqqan kino tadbirkor avvalambor bozorni o‘rganadi, solishtiradi, qiyoslaydi.

Har qanday mahsulotning asl qiymatini, mavzu, janr va darajasini albatta bozor belgilaydi. Uning talablari qattiq, hukmi esa qat’iydir! Ana shu talab va ehtiyojlarni o‘rganish, dunyo bilan hamqadam bo‘lishda kinobozorning ahamiyatini yaxshi anglab yetgan “O‘zbekkino” Milliy agentligi bu yo‘ldagi amaliy qadamlar tashlandi.

Shu yilning fevral oyida Gonkongda bo‘lib o‘tgan “Filmart” kinobozorida muvaffaqiyatli ishtirok etgan “Respublika kinoprokat markazi” bir qator manfaatli shartnomalar tuzgani haqida OAVlar orqali xabar berilgan edi. O‘shanda 15 ta filmni kinobozorga taqdim etgan markaz, 14 maydan 25 maygacha bo‘lib o‘tadigan 72-Xalqaro Kann kinofestivali doirasida ochilgan “ Marche du Film” kinobozoriga 50 ta turli janr va yo‘nalishlardagi badiiy, hujjatli va animatsion filmlarni olib kelgan.

Bular ichida “Imom Abu Iso Muhammad Termiziy”, “Islomxo‘ja”, “Berlin-Oqqo‘rg‘on”, “Issiq non”, “Elparvar”, “Tinchlik ortida”, “Sarvqomat dilbarim” , “Hayot”, “Baron” va h.k. filmlar bor. 17 may kuni “Marche du Film” kino bozorida kinorejissyoyor Abduvohid G‘aniyev suratga olgan “Elparvar” filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi. Kinofestivalning uchinchi kuni.

“Respublika kino prokat markazi” stendi yer yuzining turli burchaklaridan kelgan kino distribyuter hamda prodyusserlar, kino tadbirkorlar bilan gavjum. Yurtimiz kinosining istiqboli uchun manfaatli bo‘lgan muzokaralar olib borilayapti ,qator hamkorlik shartnomalari imzolanmoqda,Amerika, Hindiston, Germaniya, Koreya kabi davlat kinotadbirkorlari bilan tuzilgan shartnomalar ana shular jumlasidan.

Bu kabi muloqotlarning samarali natijalari haqida gap ketganda, albatta Gonkongda bo‘lib o‘tgan “Filmart” kinobozorida tuzilgan bir o‘zaro hamkorlik shartnomasi haqida alohida gapirib o‘tirishni lozim deb topdik.

Markaziy Osiyo bo‘ylab o‘zbek filmlarining distribyutsiyasini o‘z zimmasiga olgan Mongoliyaning “Dijitel Kontent” firmasi, o‘zining Kann kinobozorida tashkil qilgan stendini o‘zbek filmlarining posterlari bilan bezagani hamda kinobozoriga taqdim etayotgan filmlar katalogida o‘zbek kinosi mahsulotlari uchun alohida sahifalar ajratgani, dunyo kino bozoriga chiqish yo‘lidagi harakatlarimizda yolg‘iz emasligimizni, o‘zimizning yaqin hamkorimizga ham ega bo‘lib borayotganimizni bildiradi.

So‘zimiz so‘nggida O‘zbekiston stenddagi yana bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchi edik. Kinobozor uchun filmlar saralanayotganda hamda ularni dunyo kino bozoriga taqdim etishda “Respublika kino prokat markazi” kartinalarni Davlat mablag‘iga olingan yoki xususiy studiya mahsuloti” deb emas, jahonga olib chiqishga munosib o‘zbek milliy kinolari degan nuqtai –nazar bilan yondashishgan.

Festival, uning doirasida esa “ Marche du Film” kinobozori davom etmoqda. Biz esa jahon kino ekranlari sari bir qadam tashladik.

Shoira Raufboyeva

Manba: "Xalq so‘zi"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Kinobozor, dunyo kino ekranlari sari yo‘l...mi?